Tadbirkorlarning huquqlari ishonchli himoya qilinmoqda
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil — Biznes-ombudsman devonining Samarqand viloyati sho‘’basi tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Qisqa vaqt ichida mazkur institut tadbirkorlarning haqiqiy hamkori va ishonchli himoyachisi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamladi.
Buni joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar natijalari ham yaqqol tasdiqlaydi.
Xususan, Samarqand viloyati bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlaridan 329 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 51 foizi bo‘yicha talablar qanoatlantirilib, tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlandi.
Kelib tushgan murojaatlarning 18 foizi soliq, 13 foizi yer, kadastr va arxitektura, 10 foizi bank, moliya va kredit, 11 foizi davlat idoralari qarorlari yoki mansabdor shaxslar xatti-harakatlari, 8 foizi tekshiruv natijalaridan norozilik hamda yana 8 foizi infratuzilma va boshqa masalalarga oid murojaatlarni tashkil etgan.
Murojaatlarni o‘rganish natijasida tadbirkorlar foydasiga jami 570 mln so‘m qarzdorlik undirildi.
Shuningdek, ularga nisbatan qo‘llanilgan 1 mlrd 468 mln so‘m miqdoridagi moliyaviy jarimalar bekor qilinib, 712 mln so‘m ortiqcha undirilgan mablag‘lar hisob raqamlariga qaytarildi.
Tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan “Tadbirkorlar virtual ofisi” axborot portali orqali ham murojaatlar qabul qilinib kelinmoqda. Joriy yilning yanvar–mart oylari davomida viloyat tadbirkorlaridan 257 ta masala yuzasidan 228 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 185 tasi ko‘rib chiqilib, 72 tasi ijobiy hal etildi, 113 tasi bo‘yicha esa huquqiy tushuntirishlar berilishi nazoratga olindi.
Portal orqali kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqish ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. O‘tgan davrda murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlarini buzgan 4 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlarning qonuniyligi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali muntazam o‘rganib borilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida 284 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Shundan 16 ta holat noqonuniy tekshiruv o‘tkazish, 268 ta holat esa tekshiruv o‘tkazish tartiblarini buzish bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi.
Umuman olganda, yil boshidan buyon 80 nafar mansabdor shaxs va xizmatchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Jumladan, tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini buzgani uchun 14 nafar, noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazgani va tekshirish tartibini buzgani uchun 26 nafar, davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzgani uchun 11 nafar hamda litsenziya va ruxsatnoma berish tartibini buzgani uchun 11 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. Ularga nisbatan jami 782,4 mln so‘m miqdorida jarima jazolari tayinlandi.
Murojaatlar asosida tadbirkorlar huquqlarini ta’minlash maqsadida nazorat qiluvchi va davlat organlariga 9 ta taqdimnoma, 12 ta rasmiy ogohlantirish va 4 ta xulosa kiritildi. Shuningdek, sudlarga 3 ta da’vo arizalar kiritildi.
Jumladan, “ISHTIXON ISM” MChJda o‘tkazilgan hujjatli taftish natijasiga ko‘ra, viloyat soliq boshqarmasi tomonidan jamiyatga asossiz ravishda 151 mln so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i va 201 mln so‘m moliyaviy jarima hisoblangani aniqlandi. Tadbirkor manfaatlarini himoya qilish maqsadida Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud arizani to‘liq qanoatlantirib, soliq boshqarmasining qarori haqiqiy emas deb topildi. Natijada tadbirkorga hisoblangan soliq va jarimalar to‘liq bekor qilindi.
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kelgusida ham Biznes-ombudsman faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Tadbirkorlar o‘z faoliyati davomida muammo yoki turli to‘siqlarga duch kelsa, shuningdek, taklif va murojaatlari bo‘lsa, Biznes-ombudsmanga 1100 qisqa raqam, info@biznesvakil.uz elektron pochta manzili yoki @biznesombudsmanrasmiy_bot orqali murojaat qilishlari mumkin.
A.Ibragimov,
Biznes-ombudsman devoni
Samarqand viloyat sho‘’basi xodimi.