Xantavirus qanday kasallik?

Xantavirus kasalligi e’tibordan chetda qolgan infeksiya sifatida qaralsa-da, keyingi yillardagi iqlim o‘zgarishi, qishloq xo‘jaligining kengayishi va odamlar migratsiyasining oshishi tufayli uning qayta yuzaga kelishi kuzatilmoqda. Ommaviy axborot vositalarida joriy yil may oyida kruiz kemasida yuz bergan o‘lim bilan tugagan xantavirus holatining e’lon qilinishi dunyo jamoatchiligining e’tiborini ushbu muammoga qaratdi.

Xantavirus kasalligi bu kemiruvchilar orqali yuqadigan, og‘ir kechadigan virusli kasallikdir. Kasallikning yuqishi asosan kemiruvchilarning siydigi, najasi yoki so‘lagi bilan ifloslangan changdan nafas olish orqali sodir bo‘ladi. Ekologik muvozanatning buzilishi va qishloq xo‘jalik yerlarining kengayishi tufayli kemiruvchilarning yashash muhiti o‘zgarib, insonlarga xantavirusning kemiruvchilar orqali yuqish xavfi ortib bormoqda.

Xantavirus qanday yuqadi?

Xantavirus bilan kasallanish uchun asosiy xavf omili bu kemiruvchilar (sichqonlar, kalamushlar) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita aloqa qilishdir.

Infeksiya odamga asosan quyidagi yo‘llar bilan o‘tadi:

1. Nafas a’zolari orqali: Kemiruvchilarning najasi, peshobi yoki so‘lagi bilan zaharlangan changdan nafas olish (masalan, eski omborxonalar yoki dalalarni tozalashda).

2.Ovqatlanish orqali: Kemiruvchilar tegib ketgan yoki ularning zarariga uchragan mahsulotlarni iste’mol qilish.

3. Teri orqali: Virus yuqqan kemiruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish (kam holatda uchraydi).

Muhim jihati shundaki, Markaziy Osiyoda uchraydigan xantavirus turlari odamdan odamga yuqmaydi. Faqat Janubiy Amerikada uchraydigan shtammi juda cheklangan sharoitda (bir xonada uzoq vaqt birga yashash) odamdan odamga o‘tishi mumkin.

Xantavirus infeksiyasining ikki asosiy klinik shakli mavjud:

Kasallik virusning turiga qarab ikki xil shaklda namoyon bo‘ladi:

1.Buyrak sindromi bilan kechadigan gemorragik isitma - asosan Yevropa mintaqasida (Yevropa, Rossiyaning bir qismi) uchraydi. Og‘ir hollarda buyrak yetishmovchiligi va qon ketishiga olib kelishi mumkin. Bu shaklda o‘lim ko‘rsatkichi taxminan 5-15 foizni tashkil etadi.

2. Xantavirus o‘pka sindromi asosan Amerika qit’asi (AQSh, Kanada, Janubiy Amerika davlatlari)da  uchraydi. O‘pka shishi va nafas yetishmovchiligi bilan kechadi. Bu shakli juda xavfli bo‘lib, o‘lim ko‘rsatkichi 20 foizdan 40 foizgacha yetishi mumkin.

Kasallik qanday belgilar bilan boshlanadi?

Kasallikning dastlabki belgilari grippga o‘xshab ketadi. Kasallikning yashirin davri (virus yuqqandan to belgilar paydo bo‘lguncha) o‘rtacha 2-4 hafta davom etishi mumkin.

1. Birinchi bosqich (grippga o‘xshash belgilar):

· Isitma, titroq;

· Bosh va mushaklar og‘rig‘i;

· Ko‘ngil aynish, qusish, ich ketishi yoki qorin og‘rig‘i. 

2. Ikkinchi bosqich (kasallikning shakliga qarab):

1. Buyrak shaklida:

· 2-3 haftadan so‘ng bel, qorin og‘rig‘i kuchayadi.

· Siydik ajratish kamayadi, buyrak yetishmovchiligi rivojlanishi mumkin.

· Terida qon quyilishlar, burundan yoki milkdan qon kelishi kuzatilishi mumkin.

2. O‘pka shakli juda og‘ir kechadi va tez rivojlanadi:

· Nafas qisilishi, yengil harakatlanishda ham havo yetishmasligi.

· Yo‘tal, o‘pkada suyuqlik to‘planishi (o‘pka shishi).

· Qon bosimining keskin pasayishi.

Bu turida o‘lim ko‘rsatkichi yuqori (50-60% gacha) bo‘lishi mumkin .

Kasallik qanday davolanadi?

Hozirgi kunda xantavirusga qarshi maxsus vaksina yoki davolashga qodir an’anaviy dori-darmon mavjud emas. Davolash asosan kasallik belgilarini yengillatish va organizmni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Infeksiyaning oldini olish uchun quyidagi oddiy qoidalarga rioya qilish tavsiya etiladi:

· Oziq-ovqatni to‘g‘ri saqlash: Mahsulotlarni, ayniqsa, non, don, un kabilarni kemiruvchilar yetib bora olmaydigan yopiq idishlarda saqlang.

· Uyni toza ushlash: Uy va xonadonlarni doimiy tozalash, ayniqsa oziq-ovqat mahsulotlari saqlanadigan yoki uzoq vaqt davomida ochiq turgan xonalar (bog‘ uylari, yerto‘lalar, imoratlar)ni tozalashda ehtiyot bo‘lish kerak.

Omborxona, uylarni tozalashda niqob va qo‘lqoplardan foydalanish: Uzoq vaqt ishlatilmagan, ifloslangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarni (yerto‘lalar, omborxonalar) tozalashdan oldin xonani yaxshilab shamollating va nam tozalash (suv sepish) orqali changni ko‘tarmasdan tozalashga harakat qiling, nafas olish yo‘llarini himoyalash uchun tibbiy niqobi va qo‘lqopdan foydalaning.

· Shuningdek, uzoq vaqt ishlatilmagan uy, yerto‘lalar yoki boshqa joylarni tozalashdan avval xonani 30-60 daqiqa shamollatib qo‘ying. Tozalashni nam usulda (suv sepib) bajaring va himoya niqobi hamda qo‘lqopdan foydalaning.

Xantavirus kemiruvchilar orqali yuqadigan xavfli kasallik bo‘lib, uning oldini olish choralari (uy-joyni toza saqlash va tozalash qoidalariga rioya qilish) infeksiyaning oldini olishda eng samarali vositadir.

Shahlo RUSTAMOVA,

Samarqand davlat tibbiyot universiteti,

yuqumli kasalliklar kafedrasi

assistenti (PhD) tayyorladi.