Kongo terma jamoasi Jahon chempionatidan chetlatilishi mumkin
11 iyun — 19 iyul kunlari AQSh, Meksika hamda Kanada mezbonligida o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati yaqinlashar ekan, musobaqa va unda ishtirok etadigan milliy terma jamoalar atrofidagi muhokamalar tobora qizg‘in tus olmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, ushbu bosqichda Portugaliya, Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Musobaqa start olishiga oz vaqt qolgan bir paytda O‘zbekiston bilan bir guruhda joylashgan Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi jiddiy muammoga duch keldi.
Xorijiy OAV tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Jahon chempionatini AQShda tashkil etish bo‘yicha Oq uy ishchi guruhi ijrochi direktori Endryu Giuliani Ebola virusi bilan bog‘liq vaziyat sabab Kongo terma jamoasi mundialdan chetlatilishi mumkinligini bildirgan.
Uning ta’kidlashicha, Kongo terma jamoasi 11 iyun kuni Xyuston shahriga yetib kelishidan oldin 21 kunlik karantin talablariga rioya qilishi shart. Bu haqda mamlakat hukumati ham rasman ogohlantirilgan. Agar mazkur talab bajarilmasa, jamoa a’zolari AQSh hududiga kiritilmasligi mumkin.
Avvalroq Kongo hududida Ebola virusi keng tarqalgani va kasallik oqibatida 177 nafar inson vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Shu sababli AQSh tomoni futbolchilarning belgilangan muddat davomida izolyasiyada bo‘lishini talab qilmoqda. Aks holda, jamoa Jahon chempionatida qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Kongo Demokratik Respublikasi mundialdagi ilk uchrashuvini 17 iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazishi rejalashtirilgan. Ushbu jamoaning O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi bahsi esa 28 iyun kuniga belgilangan.