“JCh-2026”: Jahon chempionatida chorak final juftliklari aniq bo‘ldi
Kecha tunda o‘tkazilgan Kolumbiya va Shveysariya terma jamoalari o‘yinidan keyin 16 jamoa ishtirok etgan pley-off bosqichi yakuniga yetib, Jahon chempionatining chorak finaliga chiqqan 8 jamoa nomi ma’lum bo‘ldi.
Endi musobaqa hal qiluvchi pallaga kirib bormoqda va har bir uchrashuv keskin kurash ostida o‘tadi.
Ayniqsa, Argentina terma jamoasining keyingi raqibi katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shveysariya 1/8 finalda Kolumbiya bilan asosiy va qo‘shimcha vaqtda gol urilmagan bahsdan so‘ng penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l oldi. Endi u amaldagi favoritlardan biri sanalgan Argentinaga qarshi maydonga tushadi.
Fransiya esa Marokash bilan kuch sinashadi. Ispaniya va Belgiya o‘rtasidagi qarama-qarshilik ham turning eng markaziy bahslaridan biri sifatida baholanmoqda. Yana bir yo‘llanma uchun Norvegiya hamda Angliya terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Chorak final bahslari g‘oliblari yarim finalda quyidagi tartibda o‘zaro to‘qnash keladi: Fransiya – Marokash g‘olibi Ispaniya – Belgiya g‘olibi bilan, Norvegiya – Angliya g‘olibi esa Argentina – Shveysariya uchrashuvi g‘olibi bilan bahs olib boradi.
Jahon chempionati hal qiluvchi bosqichga kirgan bir paytda har bir o‘yinning ahamiyati yanada oshib bormoqda. Endi jamoalar birgina mag‘lubiyat bilan musobaqani tark etadi, g‘oliblar esa chempionlik sari yana bir qadam yaqinlashadi.
Jahon chempionatining chorak final juftliklari:
Marokash – Fransiya (10 iyul, soat 01:00)
Ispaniya – Belgiya (11 iyul, soat 00.00)
Norvegiya – Angliya (12 iyul, soat 02:00)
Argentina – Shveysariya (12 iyul, soat 06:00).