Qudratli davlat ustozlar mehnati bilan yaraladi

Hayotini navqiron avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan ustoz va murabbiylarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni beqiyos. Zero, mamlakatning ertangi taraqqiyoti, avvalo, bugun qanday avlod tarbiyalanayotganiga bog‘liq.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekistonda ta’lim eng muhim sohalardan biri, o‘qituvchi va murabbiylar esa eng hurmatli insonlardir”.

Davr yangi pedagogik yondashuvlarni talab etadi

Bugungi jadal o‘zgarishlar davrida ustozning vazifasi yanada kengayib, yoshlarga tayyor bilimlarni yetkazishning o‘zi kifoya qilmayapti. Ularni mustaqil qaror qabul qilishga, tanqidiy va kreativ fikrlashga, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishga, o‘z ustida muntazam ishlashga o‘rgatish tobora muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan bugungi davrda ta’lim tizimi yangi mazmun bilan boyimoqda. Professor-o‘qituvchi endi o‘z sohasining bilimdoni bo‘lish bilan birga, zamonaviy texnologiyalardan foydalana oladigan, yangilikka intiladigan va talabani ham shunday muhitda rivojlantira oladigan mutaxassis bo‘lishi zarur.

Bunda eng muhim jihat, texnologiya inson omilining o‘rnini egallashi emas, balki ustozning imkoniyatlarini kengaytirib, ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishida. Chunki ta’limning markazida hamisha inson, uning bilimi, dunyoqarashi va salohiyati turadi.

Qariyb bir asrlik tajriba, bugungi salohiyat

Samarqand iqtisodiyot va servis institutining qariyb bir asrlik tajribasi alohida ahamiyatga ega. Institut mamlakatimizda iqtisodiyot, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlashda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri. Institutda bugunga qadar 90 mingga yaqin mutaxassis tayyorlanib, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Ta’kidlash lozimki, oliy ta’limning vazifasi faqat malakali mutaxassislar tayyorlash bilan cheklanib qolmaydi. Iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishiga ilmiy va amaliy jihatdan ko‘maklashish, innovatsion g‘oyalarni ilgari surish, yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ta’limni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu vazifalarni amalga oshirishda avvalo, ilmiy salohiyat va zamonaviy fikrlaydigan professor-o‘qituvchilar tarkibi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ilm-fanning rivojlanishi, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarining kengayishi pedagoglar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Ilmiy izlanishlarni zamonaviy yondashuvlar bilan boyitish, tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, ta’lim jarayoniga innovatsion yechimlarni tatbiq etish kelgusida ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi.

Oliy ta’lim muassasasi nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Talabalarni ish beruvchilar ehtiyojiga mos tayyorlash, ularda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ilmiy g‘oyalarini hayotga tatbiq etish uchun imkoniyat yaratish lozim.

Inson kapitali – taraqqiyotning asosiy omili

Oliy ta’lim oldida turgan vazifalarning markazida bir maqsad – inson kapitalini rivojlantirish g‘oyasi turadi. Mehnat bozori talablariga javob beradigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishning muhim omili.

Bu jarayonda yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning zamonaviy kasblarni egallashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va ta’lim sifatini muntazam oshirib borish alohida ahamiyatga ega.

Ayniqsa, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va zamonaviy axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda talabalarni raqamli savodxonlik va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish ko‘nikmalari bilan qurollantirish tobora dolzarb masala.

Biroq ta’limning mazmuni faqat texnologiya va kasbiy ko‘nikmalar bilan o‘lchanmaydi. Talabalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, vatanparvarlik ruhida kamol topishi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarashi ham ta’lim jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi.

Ustoz nafaqat bilim beradi, balki insonni hayotga tayyorlaydi, uning qalbida ezgulik, mas’uliyat va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantiradi.

Uchinchi Renessans poydevori

Vatanimiz tarixidagi ikki buyuk Renessansni yaratgan ulug‘ mutafakkir va allomalar o‘z davrining ilm ahli va ustozlari tarbiyasini olgan. Ularning ilmiy merosi asrlar davomida o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgani ta’lim va ustozlikning jamiyat taraqqiyotidagi uzoq muddatli ta’sirini ko‘rsatadi.

Bugun ana shu ezgu an’analarning munosib davomchilari oldida yosh avlodni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish, ularda yuksak ma’naviyat, mustaqil fikr va yaratuvchanlik fazilatlarini shakllantirish orqali Yangi O‘zbekistonda barpo etilayotgan uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash vazifasi turibdi.

Ustozning bugungi mehnati faqat bir dars, bir ilmiy maqola yoki bir diplom bilan ro‘yobga chiqmaydi. Uning haqiqiy samarasi yillar o‘tib, shogirdlarining kasbiy faoliyati, ilmiy kashfiyotlari, tadbirkorlik tashabbuslari va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasida namoyon bo‘ladi.

Sifat va mas’uliyat – asosiy mezon

Bugun oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar har bir ta’lim muassasasidan o‘z faoliyatini doimiy ravishda tahlil qilish, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy, jumladan, xalqaro mezonlarga moslashishni talab etmoqda. Bu jarayonlarni faqat rasmiy talablarni bajarish sifatida emas, balki ta’lim sifatini yanada oshirish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq namoyon etish, ta’lim dasturlari va o‘quv jarayonlarini takomillashtirish uchun yangi imkoniyat sifatida qabul qilish muhim.

Buning uchun professor-o‘qituvchilar, xodimlar va butun jamoa yagona maqsad atrofida birlashishi, o‘z faoliyatiga yangicha yondashishi va mavjud salohiyatni to‘liq namoyon etishi talab etiladi.

Bugun ustozlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va ehtirom ana shu haqiqatning ifodasi. Ta’limga, ilm-fanga va ustozga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik mamlakatning ertangi kuniga berilgan e’tibordir.

Muhiddin PO‘LATOV,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori.