Bir guruh fidoyilar “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Bugun viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi tomonidan “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirga mazkur sohada mehnat qilgan faxriylar, ziyolilar, pedagoglar, kasb ta’limi ustalari taklif qilindi.

Bir piyola choy ustida pedagoglar va murabbiylarning mashaqqatli va sharafli mehnati e’tirof etildi. Mazkur sohada mehnat qilib kelayotgan bir guruh fidoyi rahbar, pedagog va kasb ta’limi ustalari “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

— Bizning texnikumda 12 yo‘nalish bo‘yicha 1200 nafar o‘quvchi o‘qiydi, — deydi Ishtixon tumani 1-son texnikumi direktori Faxriddin Uzoqov. — Yo‘nalishlarimiz raqamli axborotlarni qayta ishlash, payvandlash, avtomobillar servisi, modalar texnologiyasi, oshpazlik, sotuvchi-kassir, asalarichilik kabi hozirgi mehnat bozorida zarur bo‘lgan kasblar bo‘yicha tuzilgan. O‘tgan yili umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilarining 25 foizini qamrab olgan bo‘lsak, bu yilgi o‘quv yilida qariyb 35 foiz o‘quvchilarni texnikumga qabul qildik. O‘quvchilarimiz mahalliy kasbiy musobaqalarda, xalqaro amaliyotlarda qatnashib kelyapti. 2024–2025 o‘quv yilida 17 nafar o‘quvchimiz Xitoydagi elektr korxonasida uch oylik amaliyot o‘tab, xalqaro sertifikatga ega bo‘lib keldi.

Bu yilgi rejalarimizdan biri — yaqinda Samarqand xalqaro kollejining ta’sischisi, investor Kushin xonim bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Hozir bizda xitoy tili o‘rgatilyapti. O‘quvchilarimiz xitoy tilini yaxshi o‘zlashtirsa, O‘zbekistondagi Xitoy kompaniyalarida ishga joylashishi mumkin. Shuningdek, texnikumda o‘quvchilarga nemis tilini o‘rgatishni ham yo‘lga qo‘ydik. Dual ta’lim bo‘yicha oltmishga yaqin korxona bilan shartnomalar tuzib, 135 nafar o‘quvchini qabul qildik. Maqsadimiz — nafaqat ichki mehnat bozoriga, balki tashqi mehnat bozoriga ham raqobatbardosh kadrlarni tayyorlab berish.

— O‘n besh yillik ish faoliyatim davomida mingdan ortiq o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirdik, — deydi Abu Ali ibn Sino nomidagi Payariq tumani jamoat salomatligi texnikumi katta o‘qituvchisi Dildora Yo‘ldosheva. — Shuningdek, iqtidorli o‘quvchilarni tayyorlashga, ularga ilm o‘rgatishga chin dildan harakat qilib kelmoqdaman. Har yili sohamizga oid tanlovlarda faol qatnashamiz. Bu yil biz uchun quvonchli yil bo‘ldi, chunki “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining respublika bosqichida tibbiy-ijtimoiy ish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchimiz Muxlisa Usmonova faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Tanlovda o‘quvchim g‘olib bo‘lgani uchun menga 33 million, o‘quvchimga 6 million so‘m pul mukofoti berildi.

— Sartaroshlik kasbi bo‘yicha o‘quvchilarga amaliyot rahbari bo‘lib ishlab kelmoqdaman, — deydi Nurobod tumani 2-son texnikumi ishlab chiqarish ustasi Zebiniso Turdiboyeva. — O‘quvchilarim har yili kasbga oid tanlovlarda faol ishtirok etib keladi. O‘tgan o‘quv yilida Andijonda bo‘lib o‘tgan kasbiy tanlovda o‘quvchilarim uchinchi o‘rinni egallashdi. Bundan tashqari, yaqinda bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining viloyat bosqichida o‘quvchilarim faxrli o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bugun ushbu kamtarona mehnatlarim kasb bayrami arafasida qadrlanib, “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bu mukofot kasbimga yanada mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi.
Bayram tadbiri kuy-qo‘shiqlar bilan birga ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi.