Narpay 100 yoshda: qadrdon zamin va diydor bayrami
Narpay tumani tashkil topganining 100 yillik tadbiri respublikamizning turli go‘shalaridan kelgan eldoshlarni birlashtirgan ulug‘ diydor bayramiga aylandi.
Davlat va jamoat arboblari, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan asli narpaylik ziyolilar va mehmonlar avvalo, Narpay tumani hokimligi binosida jam bo‘lib, hududning rivojlanish tarixi hamda bugungi kundagi yangilanishlar bilan tanishdilar.
1926 yilning 29 sentyabrida poydevori qo‘yilgan tuman mana bir asrdirki o‘zining fidoiy insonlari, boy madaniyati va bunyodkorlik ruhi bilan yashab kelmoqda. Tuman nafaqat boy dehqonchilik vohasi, balki o‘zining mard va fidoyi insonlari bilan ham el-yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelyapti. E’tiborlisi, bugungi kunda tumandagi barcha mahallalar Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi obod manzillarga aylanmoqda.
Tumanning yuz yillik to‘yi munosabati bilan chop etilgan “Yangi O‘zbekiston shukronaligi” nomli kitob-albomidan o‘rin olgan ma’lumotlar ham bugungi kunda tumanda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardan darak beradi. Ushbu jamlanmada mahallalar obodligi, aholi bandligi hamda yoshlarning ta’lim olishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan sharoitlar qisqa va lo‘nda ma’lumotlar hamda suratlarda batafsil yoritilgan.
Tumaning yuz yillik tadbirlari davomida “Gulshan” madaniyat uyida "Baxshilar" ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Unda baxshilar ijrosida xalq og‘zaki ijodining betakror namunalari, doston va termalar yangradi.
Tumandagi iqtidorli bolalar maktabida Narpayning atoqli farzandi, taniqli shoir va jurnalist “Shuhrat” medali va “Muhnat shuhrati” ordeni sohibi O‘ktam Mirzayorning 70 yoshlik yubileyi nishonlandi. Tadbirda Zulfiya Mo‘minova, Rizo Xudoyqulov kabi mashhur ijodkorlar so‘zga chiqib, yubiley sohibini qutladi va bugun tumandagi yangilanishlar, odamlar hayotida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida gapirdi. Tadbirda iqtisod fanlari doktori, professor Muhammadali Saidovning yangi chop etilgan "Narpaylik olimlar" risolasi taqdim etildi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Narpay farzandlari - ulug‘ baxshi Islom shoir Nazar o‘g‘li hamda tuman rivojiga katta hissa qo‘shgan Bektosh Rahimov kabi fidoiylar xotirasini yod etib, ular abadiy qo‘nim topgan manzillarni ziyorat qildi.