Bizni kuzating

Mashhur kishilar qoldirgan g‘alati vasiyatnomalar

Ba’zan ijodiy kasb egalarining so‘nggi istaklari o‘ta g‘ayrioddiy, hatto hayratlanarli bo‘lishi mumkin. Iste’dodli insonlar har bir ishga, jumladan, vasiyatnoma tuzishda ham ijodiy yondashgan bo‘lishi mumkin.

Frenk Sinatra, Viski va sigaretlar

Vasiyatnomasidagi o‘ziga xos bir shart asosida vafotidan so‘ng mashhur xonandaning bir necha uylari va jamg‘armalarining katta qismi rafiqasi va farzandlariga qoldi. Hujjatda Sinatra vasiyatlariga e’tiroz bildirishga uringan har qanday shaxs avtomatik ravishda merosdagi o‘z ulushidan mahrum bo‘lishi haqida yozgan.

Bu uning yagona g‘ayrioddiy qarori bo‘lmadi: ma’lum bo‘lishicha, mashhur san’atkorning narigi dunyodagi hayoti uchun ham o‘ziga xos rejalari bor ekan. Do‘stlari uni qabrga qo‘yayotganda, yoniga bir shisha viski, bir dona zajigalka, bir quti sigaret, marhumning sevimli shirinliklari va ko‘chadagi telefon avtomatidan muhim qo‘ng‘iroq qilishiga to‘g‘ri kelib qolish ehtimolini ko‘zlab 10 syentlik tanga ham solib qo‘yishdi. Bundan tashqari, vasiyatnomaga muvofiq, uning qabr toshiga “Hali hammasi oldinda”, degan umidbaxsh so‘zlar bitildi.

Hanter Tompson, so‘nggi zambarak o‘qi

2005 yilda 67 yoshli mashhur yozuvchi va jurnalist Hanter Tompson o‘z joniga o‘t ochar qurol yordamida qasd qilib halok bo‘ldi. Fojia yuz berganidan ko‘p o‘tmay, yozuvchining yaqinlari uning 1978 yilda bergan bir intervyusini esga olishdi. O‘sha suhbatda u o‘z orzusidagi “dafn marosimi” haqida so‘z yuritib, hatto bu borada ayrim chizmalarni ham taqdim etgan edi. Uning so‘nggi istagi amalga oshirildi: ushbu “o‘limdan keyingi bazm” uchun muhandislar ulkan to‘p va 46 metr balandlikdagi minora yasashdi.

Quyosh botayotgan paytdagi vidolashuv marosimi avjida to‘pdan o‘t ochilib, yozuvchining kuli osmonga otildi. Manzara yanada ta’sirliroq bo‘lishi uchun kul mushakbozlik vositalari bilan aralashtirilgan edi. Barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olgan Tompsonning do‘sti, Gollivud aktyori Jonni Depp ushbu g‘ayrioddiy xotira marosimini o‘tkazish uchun taxminan 3 million AQSh dollari sarfladi.

Mark Gryunvald, rassomdan qilingan bo‘yoq

«Kapitan Amerika» komikslari ustida ish olib borgan Mark Gryunvald o‘z kasbiga har doim chuqur sadoqat bilan yondashgan. «Marvel Comics»da faoliyatini muharrir yordamchisi sifatida boshlagan va bir necha yil ichida ijrochi muharrir lavozimiga ko‘tarilgan muallif bu vazifani umrining oxirigacha bajargan. Yurak xuruji oqibatida vafot etganidan so‘ng ilk xabar tarqalganda uning do‘stlari buni Markning navbatdagi hazillaridan biri sifatida qabul qilishdi.

Marhumning so‘nggi istagi ham hayratlanarli darajada g‘alati edi. Rafiqasi Ketrin Shuller Gryunvald o‘z kulini siyohga aralashtirib, undan komikslar chop etishni vasiyat qilgan so‘nggi istakni amalga oshirdi. Ko‘p o‘tmay, “Marvel” xodimlari g‘ayrioddiy siyohdan “Squadron Supreme” super qahramonlar to‘plami asarini qayta nashr etishda foydalandilar.

 Frederik Bor, O‘ziniki-o‘ziga

Mashhur “Pringles” o‘ziga xos egri shaklli chipsilar va chipsi qutisi ixtirochisi amerikalik organik kimyogar Fredrik Bor 2008 yilning may oyida vafot etdi.

Vafotidan oldin u farzandlariga g‘ayrioddiy bir iltimos bilan murojaat qildi, ular esa uning bu iltimosini bajarishga rozi bo‘lishdi. Farzandlari “Pringles Original» qutisini sotib olib, marhum kulini o‘sha qutiga solishlari kerak edi. Qolgan kul esa maxsus idishga (urnaga) joylashtirilib, quti bilan birga dafn etildi. Fredrikning to‘ng‘ich o‘g‘li Larrining so‘zlariga ko‘ra, oila qaysi turdagi chipsni tanlash borasida uzoq vaqt bosh qotirgan ekan. Axir kimyogar vasiyatnomasida ushbu muhim tafsilotni ko‘rsatishni unutib qo‘ygan ekan-da...

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.