Shifokorga ham, bemorga ham foydali
Yaqin-yaqingacha shunday manzara ko‘pchilikka tanish edi: bemor tuman poliklinikasida tahlil topshiradi, so‘ng viloyat shifoxonasiga yo‘llanma oladi. U yerda esa oldingi tahlil natijalariga ishonmay, hammasini qaytadan topshirishni so‘rashadi. Qo‘lida bir dasta qog‘oz, ko‘zida xavotir bilan u navbatdan navbatga, xonadan xonaga yuradi. Shifokor esa bemorning avval qanday kasalliklarni boshidan kechirgani, qanday dorilar ichgani haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmay, go‘yo qorong‘ida yo‘l izlaydi.
Bugun bu manzara o‘tmishga aylanib bormoqda. Buning ortida esa katta mehnat, qat’iy iroda va o‘z ishiga sadoqatli insonlar turibdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tibbiyotga juda katta miqdorda investitsiya kiritilib, ana shu muammoga barham berish vazifasi qo‘yildi. Sodda qilib aytganda, har bir insonning kasallik varaqasi - «tibbiy daftari» elektron shaklga o‘tkazildi. “DMED” yagona milliy tibbiy axborot tizimi ishga tushirildi. Bu degani, Toshkentdagi klinika bilan Surxondaryoning olis qishlog‘idagi oilaviy poliklinika endi bir «tilda» gaplashadi. Bemorning ma’lumotlari bir joyda, bir xil shaklda saqlanadi va kerak bo‘lganda bir zumda shifokor qo‘liga yetib boradi.
-Raqamlashtirish - bu shunchaki qog‘oz hujjatlarni kompyuterga ko‘chirish degani emas, - deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Olim Omonov. - Bu tizim bemor va shifokor o‘rtasidagi munosabatlarni yengillashtirib, tibbiy ma’lumotlarning uzviyligini ta’minlash, ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berish hamda har bir fuqaroning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Tibbiyotni raqamlashtirish elektron tibbiy ma’lumotlar, raqamli yo‘llanmalar, muassasalar o‘rtasida axborot almashinuvi va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirishga ham xizmat qiladi. Natijada shifokor texnik tashvishlardan xalos bo‘lib, sifatli muolajaga ko‘proq vaqt topadi. Bundan tashqari, ana shu elektron platforma orqali olingan ma’lumotlar tizimdagi tajriba va kamchiliklarni aniqlashga ko‘maklashadi.
Tizimni ishga tushirish - ishning yarmi. Uning har kuni, har bir hududda benuqson ishlashini ta’minlash undan-da muhim. Shu maqsadda markaziy va hududiy vaziyatlar markazlari tashkil etildi.
Bu markazlarni katta bir nazorat xonasiga o‘xshatish mumkin. Uning ekranlarida qaysi viloyatda, qaysi tumanda, qaysi shifoxonada raqamli tizim qanday ishlayotgani, qayerda uzilish yoki muammo borligi, tibbiy statistik ma’lumotlar bir nuqtadan ko‘rinib turadi. Ilgari bunday ma’lumotni yig‘ish uchun haftalab rasmiy xatlar almashinuvi, hisobot kutish kerak bo‘lardi. Endi esa tibbiyotni raqamlashtirish holati masofadan, real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Muammo paydo bo‘lsa, u kattalashishiga yo‘l qo‘ymay, darhol bartaraf etiladi.
Odatda bunday yirik tizimlarga xizmat ko‘rsatish uchun tashqi tashkilotlar jalb etilib, katta xarajatlar qilinadi. Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, hududlarda malakali mutaxassislardan iborat texnik qo‘llab-quvvatlash guruhlari tashkil etildi. Ular shifoxonalardagi uskunalarni sozlash, dasturlardagi nosozliklarni bartaraf etish, tibbiyot xodimlariga amaliy yordam berish bilan shug‘ullanadi. Natijada davlat budjetining bir necha milliard so‘m mablag‘i tejalishiga erishildi. Bu pullar esa yangi uskunalar, dori-darmon va xalqimiz salomatligi yo‘lidagi boshqa ezgu ishlarga yo‘naltirilishi mumkin.
Olim Murodullayevich rahbarligidagi ishchi guruhi hatto eng olis qishloqlardagi shifoxonalarga ham raqamlashtirish uskunalarini o‘rnatdi. Eng muhimi, uskuna o‘rnatib qo‘yish bilan ish tugamadi: shifokorlar va hamshiralar uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ularga yangi tizimda ishlashni o‘rganish uchun yetarlicha saboq va amaliy yordam berildi.
-Xavfsizlik masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi Olim Omonov. - Zero, insonning salomatligi haqidagi ma’lumot - shaxsiy ma’lumotlardan biri. Platforma orqali uzatiladigan har bir ma’lumot muhrlangan konvertdek himoyalanadi va faqat unga haqli bo‘lgan shifokor yoki muassasagina uni ko‘ra oladi. Hozirda barcha tibbiy axborot tizimlarini mazkur platformaga jamlash va ularning o‘zaro xavfsiz ma’lumot almashinuvini ta’minlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Olim Omonov Prezidentimizning tegishli farmoniga ko‘ra, II darajali «Salomatlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Bu mukofot - nafaqat bir insonning, balki u boshchilik qilayotgan jamoaning, shahar va qishloqlardagi minglab shifokor va mutaxassislarning mehnatiga berilgan yuksak bahodir. Eng katta mukofot esa, shubhasiz, oddiy odamning shifoxonada sarson bo‘lmay, tez va sifatli yordam olayotganidir.