Bizni kuzating

Bir Vatan, bir el, bir bayroq!

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35 yilligi munosabati bilan shu shior ostida «Bayroq estafetasi» tadbirlari tashkil etilmoqda.

Shu yilning 11–18 noyabr kunlari estafeta ishtirokchilari uch yo‘nalish bo‘yicha poytaxt sari yo‘l oladi. G‘arbiy yo‘nalish Nukus shahridan boshlanib, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari orqali, janubiy yo‘nalish Termiz shahridan boshlanib, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari orqali, sharqiy yo‘nalish esa Andijon shahridan boshlanib, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyati orqali poytaxtga yetib boradi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Bayroq estafetasi» tadbirlari Samarqandda ko‘tarinki ruhda boshlandi. Xususan, Nurobod tumanidagi Jom mahallasida Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidan estafeta orqali olib kelingan 60 metrlik Davlat bayrog‘i tantanali kutib olindi.

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi xodimlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, harbiy xizmatchilar, tuman hokimligi mas’ullari, ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Davlat bayrog‘i Amir Temur siymosini sahnada gavdalantirgan viloyat musiqali drama teatri aktyorlari, harbiy xizmatchilar va jamoatchilik vakillari ishtirokida, harbiy orkestr sadolari ostida Samarqand shahriga olib kelinmoqda. Ertaga ulkan hajmdagi Davlat bayrog‘i Samarqand shahridagi Registon maydonida yoyiladi. Shuningdek, bayroqlar bilan bezatilgan «Vatanparvar avtokarvoni» hamrohligida Amir Temur maqbarasi, Universitet xiyoboni hamda Ko‘ksaroy maydoni bo‘ylab tantanali yurish tashkil etiladi.

Tadbir yakunida Davlat bayrog‘i Jomboy va Bulung‘ur tumanlari orqali Jizzax viloyati vakillariga tantanali ravishda topshiriladi.

- «Bayroq estafetasi» barchamizni vatanga muhabbat, milliy g‘urur va yurtga sadoqat tuyg‘ulari atrofida birlashtirmoqda, - deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Xolbek Ko‘bayev. -  Davlat bayrog‘i  mustaqilligimiz, g‘ururimiz va birligimizning muqaddas timsoli. Uni baland ko‘tarish, unga hurmat ko‘rsatish har birimiz uchun ham sharaf, ham mas’uliyatdir. Turli soha vakillari, jumladan, harbiylarimiz va keng jamoatchilikning mazkur tadbirlardagi faol ishtiroki yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini singdirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Estafeta doirasida Davlat bayrog‘i hududdan hududga tantanali tarzda yetkazilib, umumiy hisobda 2440 kilometr masofani bosib o‘tadi. 18 noyabr kuni esa barcha yo‘nalishlardan kelgan ishtirokchilar Toshkent shahrida yagona bayroq ostida birlashadi.