Bayroqdan qanday foydalanish kerakligi haqidagi qoidalarni bilasizmi?
Bayroq – davlat suverenitetini belgilaydigan ramzlardan biridir.
Hamma joyda davlat bayroqlarining turi va ulardan foydalanish qoidalari qonun bilan tartibga solinadi. Davlat bayrog‘iga hurmatsizlik, hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish, uni masxara qilish barcha mamlakatlarda qonun bilan jazolanadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganining dastlabki yilidanoq mamlakat suverenitetining muhim belgisi – Davlat bayrog‘iga ega bo‘ldi. 1991 yil 18 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.
Mazkur Qonunda bayroqdan foydalanish qoidalari belgilab qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas, bundan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatni ta’minlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan ustki kiyim-boshni bezatish yoki O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida foydalanish mustasno.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsiz munosabatda bo‘lishga, shu jumladan:
- O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi o‘chgan holda va boshqa noma’qul tarzda foydalanishga;
- O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idan biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanishga;
- O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shashga yoki uning tasvirini tushirishga va undan qoplama sifatida foydalanishga, shuningdek uni o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shashga yoki uning tasvirini tushirishga;
- O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idan kiyim-bosh, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, shuningdek buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanishga;
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilarni poyabzalga, dastro‘molga, ko‘rpa-to‘shakka, ichki kiyimga, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarishga yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirishga;
- O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat bayrog‘i binolarning asosiy kirish joyida yoki buning uchun maqbul bo‘lgan boshqa joyda, yoxud tegishli tutqichi bo‘lgan dastada, yo bo‘lmasa flagshtokda bayroqning dastasi binoning old tomoni bilan ko‘pi bilan 45 gradusli burchak hosil qiladigan tarzda ko‘tariladi.
Ko‘tarib qo‘yilgan Davlat bayrog‘ining matosi yer sathidan kamida 2,5 metr balandlikda bo‘lishi kerak.
Bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan butun (yirtilmagan, teshilmagan), toza (ifloslanmagan), rangi o‘chmagan holda va ma’qul tarzda foydalanish uchun mas’uliyat ushbu Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan davlat organlarining zimmasiga yuklatiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2031-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining 215-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xulosa o‘rnida, vatan himoyasi uchun harbiy qasamyod qilayotgan o‘g‘il-qizlar bayrog‘imiz oldida tiz cho‘kib, uni ko‘zlariga suradi. Ozodligimiz, iftixorimiz va g‘ururimiz, muqaddas qadriyatlarimiz ramzi bo‘lgan bayrog‘imiz har birimizga fuqarolik burchi va mas’uliyatini yuklaydi. Bayroqqa bo‘lgan munosabatidan kishining Vatanga bo‘lgan hurmatini bilib olish mumkin.
Feruz Karimov,
Samarqand viloyat sudi sudyasi.