Samarqandda buyuk allomalar merosi tiklanmoqda
O‘zbekiston azaldan ilm-ma’rifat, madaniyat va ma’naviyat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Bu muqaddas zaminda dunyo ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan, dinimizning eng zabardast ulamolari, faylasuf va muhaddislari yetishib chiqqan.
Jumladan, Samarqand nafaqat yurtimizning, balki butun islom olamining ma’naviy markazlaridan biri hisoblangan. Bu haqda buyuk sarkarda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida shunday yozgan: “Samarqand eli tamom sunniy va pok mazhab va mutasharri va mutadayyin (shariatli, dinli va diyonatli) eldur. Hazrati risolat (Muhammad alayhissalom) zamonidan beri, ul miqdor aimmai islomkim (islom imomlarikim), Movarounnahrda paydo bo‘lubdir, hech viloyatdin ma’lum emaskim, muncha paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay”.
Darhaqiqat, Bobur Mirzo ming karra haqdir. Chunki Samarqand zaminida Imom Buxoriy, Doromiy, Moturidiy, Marg‘inoniy, Rastug‘foniy, Abu Laysiy, Ali Sug‘diy, Nasafiy, Pazdaviy, Savg‘oniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Xoja Ahror Vali, Maxdumi A’zam Dahbediy kabi allomalar ilm va ma’rifatning cho‘qqisida turgan. Birgina «Chokardiza» qabristonida Islom olamida muhim o‘rin egallagan to‘rt mingdan ziyod olimu muhaddislar dafn etilgani bu maskan musulmon olamida eng tabarruk qabristonlardan biri bo‘lganini ko‘rsatadi. Qabristonga IX asrdan boshlab dafn qilish boshlangan bo‘lib, 2000 yilda bu yerdan kalom ilmining asoschisi, buyuk mutafakkir Imom Moturidiy qabri aniqlangan.
Bu yil yurtimizda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbarining bu haqdagi qarori bilan Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasida qurilish-obodonlashtirish ishlari hamda ulug‘ alloma va ulamolar merosini o‘rganish maqsadida “Chokardiza” qabristoni hududida arxeologik tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Samarqand arxeologiya instituti olimlari tomonidan olib borilayotgan qazishma ishlari davomida buyuk faqih, islom huquqshunosligining mukammal asari hisoblangan “Hidoya” kitobi muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy aniqlandi. Qabr joyi tarixiy manbalar asosida 3x3 metr aniqlikda topildi. Endi alloma nomini abadiylashtirish maqsadida bu yerda maqbara quriladi. Shu bilan birga, alloma qalamiga mansub “Hidoya” asarining eng qadimiy nusxalari ham chop etishga tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, ushbu qabristondan buyuk allomalar Imom Abulqosim al-Hakim, Imom Kindiy va Imom Nasafiy, Imom Sammosiy, Amir Temurning Mashhaddan keltirgan Sayidlar dahmasi va dafn etilgan joylari aniqlanib, ularni qayta tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.

Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida esa Naqshbandiya tariqatining rahnamosi va nazariyotchilaridan biri Maxdumi A’zam Dahbediy xonaqohida yirik qurilish-ta’mirlash va arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Tarixchi-manbashunos olimlar tomonidan mashhur murshid va shoir Fayziy-Namangoniyning dahmasi, Abul Barakot Muhammad Amin-Piri Dastgiri Dahbediy (bu zot Buxoro podshohi Amir Haydarning piri edi) dafn etilgan joy, A’liya-Naqshbandiya tariqatining mashhur murshidlari Xalifa Muhammad Siddiq, Xalifa Abdusattor, Xalifa Mallaxojalarning ham qabr joylari topilib, obod qilinmoqda. Shuningdek, Dahbed xonaqohi to‘g‘risidagi qadimiy asarlar nusxalari Hindiston, Pokiston va Saudiya Arabistoni arxivlaridan topilib, chop etishga tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, Toyloq tumanida muhaddislar sultoni, Imom Buxoriyning ustozi bo‘lgan buyuk alloma Imom Doromiy qabri, xonaqohlari, masjid va madrasalari ham tiklanmoqda.
Samarqandda amalga oshirilayotgan bu ishlar qadriyatlarimiz, muqaddas qadamjolarimiz, ota-bobolarimiz qoldirgan bebaho meros, ma’naviyat va ilm maskanlarining tiklanayotgani millatimiz g‘ururi va kelajak avlod uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi va yurtimiz tarixiga bo‘lgan muhabbatni yanada kuchaytiradi.
Komilxon KATTAYeV,
tarixchi-manbashunos.