Eng qimmat jahon kubogi

Shimoliy Amerikada futbol bo‘yicha tarixdagi eng qimmat jahon chempionati boshlandi.

Turnir tarixda ilk bor bir vaqtning o‘zida uch mamlakat — Meksika, AQSh va Kanada tomonidan qabul qilindi. Jahon kubogi uchun 48 ta terma jamoa kurash olib boradi — bu tarixdagi eng katta ko‘rsatkichdir. Va u allaqachon ishtirokchi jamoalar sonining ko‘pligi, chiptalarning qimmatligi va viza bilan bog‘liq muammolar tufayli tanqid qilinmoqda.

Avvalgi turnirni neft-gazga boy mamlakat — Qatar davlati moliyalashtirgan edi. U yangi stadionlar qurish va o‘zini zamonaviy hamda jozibador mamlakat sifatida ko‘rsatish uchun mablag‘ni ayamadi.

Bu galgi chempionatni qabul qilayotgan AQSh, Kanada va Meksikaga imijini yaxshilash shart emas, stadionlar ham allaqachon qurilgan. Shuning uchun bu safar asosiy xarajatlar tashkilotchilar emas, balki muxlislar zimmasiga tushadi. FIFA bir oy ichida 9 milliard dollardan ortiq daromad olishni rejalashtirmoqda. Bu Qatarda o‘tgan chempionatga nisbatan kamida bir yarim barobar ko‘p. Futbol assotsiatsiyasi turnirdan tushadigan mablag‘ning deyarli barchasini o‘ziga oladi.

Translyasiya huquqlarini sotishdan — 4 milliard dollar. Stadionlarda chipta, oziq-ovqat va ichimliklar savdosidan yana 3 milliard dollar. Bundan tashqari, qariyb 2 milliard dollar homiylik mablag‘lari tushadi.

FIFA daromadlari oshib borayotgan bir paytda muxlislarning xarajatlari ham keskin ko‘paymoqda. Buning uchta asosiy sababi bor.

Birinchidan, FIFA ilk bor dinamik narx belgilash tizimini qo‘llamoqda. Oddiy qilib aytganda, talab qancha yuqori bo‘lsa, chipta shuncha qimmat bo‘ladi. Final o‘yini uchun chiptalar taxminan 4 ming dollardan boshlanib, qariyb 9 ming dollargacha yetadi. VIP paketlar esa yanada qimmat — bir kishi uchun o‘n minglab dollardan boshlanadi. Eng kam hisob-kitoblarga ko‘ra, finalga chiqqan jamoa muxlisi butun turnir davomida 12 mingdan 30 ming dollargacha sarflashi mumkin. Bu faqat chiptalar qimmatligi uchun emas, balki Amerikaning juda katta hududga ega ekani bilan ham bog‘liq. Bu esa ikkinchi sababdir.

Qatarda barchasi ixcham edi, xohlagan odam bir kunda ikki o‘yinga ham borishi mumkin bo‘lgan. Bu galgi turnir esa ulkan qit’adagi uch mamlakatning 16 shahrida o‘tkaziladi. Bu degani — aviaqatnovlar, mehmonxonalar va safar xarajatlari. Chempionatni qabul qilayotgan shaharlar o‘z xarajatlarini qoplashga harakat qilayotgani sababli bu xizmatlar narxi keskin oshgan. Bu uchinchi sabab.

Shaharlar futbolning o‘zi orqali deyarli hech qanday daromad olmaydi. Hatto stadionlar atrofidagi avtoturargohlardan tushadigan mablag‘lar ham FIFAga tegishli. Shuning uchun mahalliy hokimiyatlar transport narxlarini oshirishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, Manxettendan Nyu-Jersidagi stadiongacha bo‘lgan yarim soatlik poyezd safarining narxi odatdagidan o‘n baravar qimmatga tushishi mumkin.

Biroq Amerika boy mamlakat. U bunday chempionatni qabul qilish uchun ma’lum xarajatlarni ko‘tara oladi. Amerikaliklar ham yirik sport bayramlari uchun yuzlab dollar sarflashga o‘rgangan. Shu bois, narxlardan norozi muxlislar uzoqdan kelsa-kelmasa, AQSh o‘z uyidagi chempionatni to‘la tribunalar bilan muvaffaqiyatli o‘tkazishi mumkin, deydi BBC News.

Darvoqe, chempionatda qatnashuvchi 48 ta jamoadan to‘rttasi, ulardan biri O‘zbekiston, shuningdek, Iordaniya, Kabo-Verde, Kyurasao mundialda ilk bor ishtirok etadi.

Yigitlarimizga omad tilaymiz!

G.Xoldorova tayyorladi.