Odamlar bilan muloqot madaniyati ularga yaratilgan qulaylik, e’tibor va mas’uliyatdan boshlanadi
Oqdaryo tumani prokuraturasiga ish bilan borib, fuqarolarni qabul qilish xonasidagi sharoitlarni ko‘rgach, shu xulosaga keldik.
Sir emas, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda nafaqat qonunchilik talablariga rioya qilish, balki inson uchun qulay muhit yaratish muhim ahamiyatga ega. Mazkur qabulxonada ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilganini ko‘rib, xursand bo‘lasan kishi.
Qulay kutish joylari, ichimlik suvi, televizor, huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlar, badiiy kitoblar jamlangan burchak, shuningdek, gazeta-jurnallar fuqarolarning murojaat jarayonida o‘zini erkin va xotirjam his qilishiga xizmat qiladi. Ozoda va tartibli muhit esa qabul jarayonining madaniyati va tashkil etilishida muhim omillardan biri bo‘lgan, desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Bugungi kunda davlat organlariga bo‘lgan ishonch ko‘p jihatdan odamlarning kundalik tajribasi orqali shakllanadi. Shu ma’noda, murojaatchilar uchun yaratilgan sharoitlar faqat qulaylik emas, balki inson qadriga bo‘lgan munosabatning amaliy ko‘rinishidir.
Bunday sharoitlarning yaratilishi fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, ularning muammolarini qonuniy hal etish hamda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasidir. Shunga amin bo‘ldikki, mazkur qabulxona fuqarolar bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularga hurmat va e’tibor ko‘rsatish hamda aholining davlat organlari faoliyatidan roziligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fikrimizcha, fuqarolar bilan ishlashda bunday yondashuvni boshqa tashkilotlarda ham keng joriy etish maqsadga muvofiq. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning muammosi va umidi bor.