Farovon mahalla sari: raislar malaka oshirmoqda
Mahalla raislarining faoliyat samaradorligini oshirish, aholi bilan ishlash sifatini yanada yaxshilash, davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarni joylarda samarali targ‘ib qilish maqsadida uch kunlik o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etilmoqda.
Shunday seminarlardan biri Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda mahalla raislari o‘z faoliyati uchun muhim bo‘lgan huquqiy, tashkiliy va amaliy masalalar yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.
Seminar davomida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining huquqiy asoslari, mahalla raislarining vazifa va vakolatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi mablag‘laridan oqilona foydalanish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat-xususiy sheriklik asosida qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlarni yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda ekologik madaniyatni yuksaltirish, “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini hayotga tatbiq etish, qabristonlarni obodonlashtirish va mahalla servis kompaniyalari faoliyati samaradorligini oshirishga oid mavzular ham ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar ushbu yo‘nalishlardagi amaliy tajribalar va takliflar yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sport maydonchalari va salomatlik yo‘laklarini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Bugun mahalla tizimi oldida turgan eng muhim vazifalardan biri ijro intizomini mustahkamlash, murojaatlar bilan samarali ishlash, mahallalarni raqamlashtirish va “Raqamli mahalla” platformasini to‘liq joriy etishdir, - deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. - Shu bilan birga, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy ajrimlar va huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar bilan manzilli ishlash hamda “yettilik” faoliyatini samarali muvofiqlashtirish mahalla raislaridan katta mas’uliyat talab etadi. Seminar davomida mutaxassislar tomonidan bu borada amaliy tavsiya va takliflar berilmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur o‘quv-amaliy seminarlar mahalla raislarining kasbiy salohiyatini oshirish, aholi muammolarini hal etishda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.