Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahallalarda nima gap?

Viloyatimizdagi 28 ta mahallaga «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla» maqomi berilgan. Ularning har biriga 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgan.

Biz Jomboy tumanidagi G‘azira va Eski Jomboy mahallalarida bo‘lib, ushbu dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdik.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Jomboy tumani bo‘limi yetakchi mutaxassisi Jasur O‘rinovning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining «Alohida tuman va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida tumandagi G‘azira va Eski Jomboy mahallalariga «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla» maqomi berilgan. Bunda tutash mahallalarni bog‘lovchi markaz vazifasini bajaradigan, yirik avtomobil yo‘llari yoki chegara hududlariga yaqin joylashgan, aholisi zich va ko‘p, infratuzilmasi tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay bo‘lgan hududlar imkoniyati hisobga olingan. Ayni paytda mazkur mahallalarda ichki yo‘llarni asfaltlash, piyoda va salomatlik yo‘laklarini barpo etish, elektr energiyasi, ichimlik suvi va sug‘orish tarmoqlarini yaxshilash, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish ishlari boshlangan.

«G‘azira» so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, «suvli, obod joy» degan ma’noni bildiradi. Qadimda Buyuk ipak yo‘li G‘azira qishlog‘idan o‘tgan bo‘lib, karvonlar shu yerda dam olib, savdo-sotiq ishlarini amalga oshirgan. Shu bois bu joy «G‘azira bozori» deb atalgan. Hozir ham hududda shu nom bilan ataladigan dehqon bozori mavjud bo‘lib, mahalla nomi shu tarixiy nomdan kelib chiqqan. Mahalla tuman markazidan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uning tarkibida to‘rtta qishloq bo‘lib, 5 ming nafardan ziyod aholi yashaydi.

– Mahallamiz markazlashgan hudud bo‘lib, to‘rtta mahallani bog‘laydi va G‘azira dehqon bozoriga tumandagi 12 ta mahalla aholisi keladi, – deydi G‘azira mahallasi raisi Zarif Normamatov. – Aholining asosiy daromadi dehqonchilik va chorvachilik. Bu yil Prezidentimiz qaroriga muvofiq, mahalla infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish va turizmni rivojlantirish qo‘shimcha drayver sifatida belgilanmoqda. Dastur doirasida 2,5 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash, 1,6 kilometr piyodalar yo‘lagi qurish, 2,5 kilometr elektr tarmog‘i tortish, 3 ta yangi transformator, 110 ta tungi yoritish chirog‘i o‘rnatish, 1 ta suv inshooti qurish, 9,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortish hamda 1 ta sug‘orish qudug‘i o‘rnatish rejalashtirilgan. Hozirda ishlar boshlangan bo‘lib, uzoq yillardan buyon aholini qiynab kelgan ichimlik suvi muammosini bartaraf etish maqsadida suv tarmoqlari tortilyapti. Natijada 200 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlanib, aholi uchun qulay infratuzilma yaratilmoqda.

– Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini mahallamiz misolida ham ko‘ryapmiz, – deydi G‘azira mahallasida yashovchi nuroniy Ilyosxon Ahrorov. – Albatta, bu o‘zgarishlarga fuqarolarimiz befarq emas.Tadbirkorlarimiz homiyligida va mahalla ahli ko‘magida keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahallamizda 13 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 11 ta bekat tashkil etildi va sport maydonchasi barpo qilindi. G‘azira markaziy o‘yingohiga o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari hamda 6 ta temir-beton ustun o‘rnatildi. Ayni paytda kutubxona va Shayx Xudoydodi Valiy majmuasi hududida ham qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Eski Jomboy mahallasi raisi Mirzoahmad Rahmatovning ta’kidlashicha, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasida mahalla markazini tashkil etish, yashil xiyobon va piyodalar yo‘laklarini qurish, 120 ta xonadonning 14,4 gektar tomarqasida sug‘orish tizimini yaxshilash va boshqa qurilish-ta’mirlash ishlari bosh pudratchi tashkilot “Shuhrat quruvchi nur” tomonidan amalga oshiriladi va ishlar endi boshlanadi.

– O‘n yildan buyon mahallamiz o‘z binosiga ega emas va ijara asosida turli binolarda ishlab kelyapmiz, – deydi Mirzoahmad Rahmatov. – Sug‘orish tizimi, yo‘llar, piyodalar yo‘laklari va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar uzoq yillardan buyon aholini qiynab kelayotgan edi. Yil boshida mahallamizdagi mavjud muammolar o‘rganilib, 200 metr yo‘lga asfalt yotqizildi, 150 metr lotok, 28 dona quyosh panelli tungi yoritish chirog‘i, 19 dona tayanch temir-beton ustun va 1 ta transformator o‘rnatildi. 200 metr piyodalar yo‘lagi barpo etilib, 3720 dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi. Bu ezgu ishlarning davomi sifatida mahallamizda 3 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash, 2,1 kilometr piyodalar yo‘lagi qurish, 2,7 kilometr elektr tarmog‘ini tortish va 4 ta yangi transformator, 109 dona tungi yoritish chirog‘i o‘rnatish hamda mahalla binosini qurish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, mahallada 56 ta xonadonning tashqi qismi ta’mirlanadi, 16 ko‘chada 1500 dan ortiq daraxt ko‘chatlari ekiladi.

G‘azira va Eski Jomboy mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat hudud infratuzilmasini yaxshilash, balki aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, loyihalarni to‘liq va sifatli amalga oshirish, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash hamda ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik va mutasaddilar nazorati o‘rnatilgan.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.