Mo‘minoboddagi bunyodkorlik ishlari nega to‘xtab qoldi?

Uch oy ilgari Urgut tumanining chekka va tog‘li hududida joylashgan Mo‘minobod mahallasida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyillari asosida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlangan edi. Mahallada infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash hamda og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar belgilab olingandi.

O‘tgan davrda hududdagi Quyi Mo‘minobod mahallasining yo‘llari shag‘allashtirilib, ariq va zovurlar kovlandi. Maktab sport maydonchasi 320 metr devor bilan o‘raldi. 685 nafar aholi istiqomat qilayotgan Qatag‘on qishlog‘ida odamlarning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida  talay ishlar amalga oshirildi. Jumladan, maktab o‘yingohi yonida usti yopiq ayvon qad rostladi. Eski simyog‘ochlar o‘rnida 80 ta beton ustun o‘rnatilib, 1200 metr yopiq elektr kabel tortildi, 23 ta tungi yoritkich mahalla ko‘chalarini yoritib turibdi. Aholi gavjum bo‘ladigan maydon va markaziy ko‘chalarda 19 ta kuzatuv kamerasi qo‘yildi.

- Bugunga kelib, bunyodkorlik ishlari to‘xtab qoldi, -deydi Quyi Mo‘minobod mahallasi raisi Shahboz Rasulov. – Rejaga kiritilgan 4 artezian qudug‘i, 3 ta transformator o‘rnatish, bolalar bog‘chasi qurilishi, mahalla markazi binosini ta’mirlash ishlari oxiriga yetmadi. 7 ta ko‘chadan 3730 metr qismi shag‘allashtirilganicha qolib ketdi. Tibbiy konteyner olib kelishdi-yu, jihozlanmadi.

Tuman va mahallaning saxovatpesha homiylar yordamida 112 ta kam ta’minlangan oila xonadonlarini namunali qilishga kirishilgan edi. Ammo bu ish ham chala qolib ketibdi. Yuzdan ziyod uyning devor va tomini ta’mirlash, yordamchi xo‘jalik binolari, jumladan, oshxona, hojatxona, tandirxona, molxona va tovuqxonalarni qurish hamda ta’mirlash, ulardan belgilangan gigiyena talablari asosida foydalanish yo‘lga qo‘yilishi kerak edi. Ammo bor-yo‘g‘i 2 ta xonadon biroz tartibga keltirilibdi, xolos.

-  Mana, bir oydan buyon qurilish-ta’mirlash ishlari “taqa-taq” to‘xtadi, - deydi nafaqaxo‘r O‘ktam Shodiyev. - Ichimlik suvi artezian quduqlari, 3900 metr suv quvurlari o‘rnatilmadi. Maktab o‘yingohiga chim yotqizilmay, yugurish yo‘laklari qurish ham to‘xtab qoldi. Ko‘chamizga tosh to‘kildi, lekin tuman avtomobil yo‘llaridan foydalanish boshqarmasi tomonidan va’da qilingan beton yo‘l qurilmadi. Tuman obodonlashtirish bo‘limi tomonidan beshta o‘rniga uchta chiqindi qutisi olib kelindi.  

Bu kabi holatni Mo‘minobod mahallasi hududida ham ko‘rish mumkin. Obodonlashtirish ishlari boshlangach, qo‘shimcha 160 kVt quvvatga ega bo‘lgan 4 ta transformator, eski simyog‘ochlar o‘rniga 276 ta temir-beton ustunlari o‘rnatish kerak edi. Afsuski, 50 tagina temir-beton ustun keltirilib, ishlar to‘xtadi. 6 kilometr o‘rniga 1200 metr uzunlikda yopiq kabellar tortildi. 10 ta transformator punktlari ta’mirlanib, yangi 3 ta transformator  o‘rnatish   rejalari ham amalga oshirilmay qoldi. Belgilangan 76 ta o‘rniga 8 ta xonadon obodonlashtirildi. Piyodalar yo‘laklari qurilishi ham bo‘lmadi. 

 Chumchuqli qishlog‘idagi yaroqsiz simyog‘ochlar temir-beton ustunlarga almashtirilib, 13,3 kilometr masofada turli darajadagi yopiq kabellardan iborat tarmoq oxirigacha yetkazilmagan. Zo‘riqish bilan ishlab turgan 6 ta transformator punktlari ehtiyot qismlari yetishmaganligi sababli ta’mirlanmadi. Shuningdek, mahalladagi 2 ta ichimlik suvi minorasi ham ta’mirtalab ahvolda.

Hududdan o‘tuvchi 4K-520 “Mo‘minobod-Jarqishloq” avtomobil yo‘lining 2,5 kilometr qismi, 15,3 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari to‘liq joriy ta’mirdan chiqarilmagan. Jumladan, dastur rejasidan o‘rin olgan Mo‘minobod, Xo‘jaobdol, Amir Temur nomli ko‘chalar, mahallani Terak qishlog‘i bilan bog‘lovchi yo‘lning 2,5 kilometr qismi asfaltlashtirilmagan. Qatnovni tartibga soladigan yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari yetishmaydi.

- Dastur asosida 11 kilometr uzunlikdagi optik tolali internet aloqa tarmog‘i tortilib, hududdagi barcha mahalla va qishloqlar qamrab olindi, - deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev. - Mahalla aholisini barqaror aloqa, yuqori tezlikdagi simli va mobil internet bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Hozircha bu hududda iste’molchilar soni kam, lekin eng chekka va tog‘li qishloqlarni ham to‘liq aloqa bilan qamrab olib, internet tezligini oshirishga harakat qilyapmiz.

Dastur asosida mahalla uchun zamonaviy bino, xotin-qizlar uchun bandlik va salomatlik markazi qurilishi “Urgut dehqon bozori” MChJ homiyligida amalga oshirilyapti. O‘tgan uch oy ichida rejalashtirilgan 92- umumta’lim maktabining qo‘shimcha binolari qurilishi davom ettirilmoqda. 160-umumta’lim maktabida kutubxona, Qatag‘on qishlog‘ida 90 o‘rinli bog‘cha, Chumchuqli qishlog‘ida 480 o‘rinli maktab va 90 o‘rinli bolalar bog‘chasi, barcha qishloqlarda konteyner tibbiy punktlar o‘rnatish ishlari o‘lda-jo‘lda qolib ketgan.  

Bugun Mo‘minobod mahallasida dastur asosida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan bunyodkorlik ishlari to‘xtab qolgan. Ahamiyat bersak, qurilish-ta’mirlash ishlari viloyat 3-sektor nazoratida bo‘lgan vaqtdagina bajarilgan. Prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralari sektorlar mas’ulligidan olingach, ishlar susaygan. Endi Mo‘minobodda to‘xtab qolgan bunyodkorlik ishlarini tuman hokimi o‘rinbosarlari davom ettirishi kerak.

Dilmurod TO‘XTAYeV,

“Zarafshon”muxbiri.