A’lochi o‘quvchilarga bepul yo‘llanma beriladi
Bugun yurtimizdagi umumta’lim maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglab, 2025/2026 o‘quv yili yakunlandi. Endi quyi sinflar uchun yozgi ta’til boshlandi. Ta’tilni mazmunli o‘tkazish va bu davrda bolalarni dam oldirish, sog‘lomlashtirish maqsadida yurtimizning so‘lim maskanlardagi oromgohlar o‘quvchilar uchun o‘z eshiklarini ochadi.
Joriy yilgi mavsumda viloyatimizdagi 14 ta oromgohda 8710 nafar bolajonlarning dam olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 57 ta umumta’lim maktabida tashkil etiladigan sog‘lomlashtirish maydonchalarida 12800 nafardan ortiq o‘quvchi qamrab olinadi.
– Viloyatdagi oromgohlarning 10 tasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tasarrufida bo‘lib, bu maskanlarda 6885 nafar bolajonlar dam oladi, – deydi makzur departament Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Feruza Qilicheva. – Bu oromgohlarimiz 8 iyundan o‘z faoliyatini boshlaydi va 5 davrada o‘quvchilarni qabul qiladi. Jumladan, eng yirik, tog‘lar bag‘rida joylashgan – Urgut tumanidagi “Chor chinor”, Samarqand tumanidagi “Yosh astronom” va “Alpomish” oromgohlarining har biri mavsum davomida 1000-1500 nafar o‘quvchini qabul qilishi rejalashtirilgan. Shu paytgacha barcha oromgohlar o‘rganilib, bino va inshootlarning holatiga qarab, ta’mirlash va jihozlash, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Bu jarayon mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari tomonidan muvofiqlashtirilib, asosiy e’tibor bolalarning xavfsizligini ta’minlash, maroqli hordiq chiqarishiga qaratildi.
Bolalarning sog‘lom va sifatli ovqatlanishi uchun barcha oromgohlarda autsorsing xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Bu yil har bir dam oluvchi bola uchun bir kunlik ovqatlanish narxi 54 ming 756 so‘m etib belgilangan. Kunlik ratsionda bolalarning salomatligi uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari kiritilgan va ularning yetkazib berilishi, saqlanishi sifati tegishli idoralar tomonidan nazorat qilinadi.
Joriy yilda ham oromgohlar yo‘llanmalari Oromgohlar.uz elektron platformasi orqali shaffof va qulay tarzda onlayn sotilmoqda. Ota-onalar o‘zlari va farzandlari uchun eng qulay oromgohni tanlab, belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan holda yo‘llanmalarni xarid qilishlari mumkin. E’tiborli jihati, bu yil to‘rt ming nafardan ortiq bolalar – o‘quv yilini a’lo baholar bilan yakunlagan o‘quvchilar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlariga yo‘llanmalar bepul taqdim etiladi.
Bu yil oromgohlarda faoliyat ko‘rsatadigan tarbiyachi va yetakchilar ham mazkur platforma orqali onlay hujjat topshirdi. Tegishli ishchi guruh ularning hujjatlarini o‘rganib, suhbat asosida eng munosib 284 nafar pedagogni tanlab oldi.
Bundan tashqari, bolalarning xavfsizligini ta’minlash, oromgohlarni qo‘riqlash maqsadida ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar xizmatlari va qo‘riqlash boshqarmasidan 70 nafar xodim oromgohlarga biriktirildi. Dam olish mavsumida bolalarning salomatligini nazorat qilish, zarurat tug‘ilganda ularga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 80 nafar vrach va hamshira jalb qilindi. Har bir oromgohga bir nafardan sanitariya-epidemiologik xodim biriktirildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan oromgohlar 48 turdagi dori-dormon va boshqa vositalar bilan ta’minlanmoqda.
– Har bir davrada oromgohlarda o‘tkaziladigan barcha ma’naviy-ma’rifiy va madaniy-sport tadbirlari 12 kunlik namunaviy dastur asosida o‘tkaziladi – deydi F.Qilicheva. – Masalan, “Salom, oromgoh!” deb nomlangan birinchi kun bolajonlar oromgoh bilan tanishtiriladi, sardorlar saylanib, guruhlar nomlanadi. Kechqurun “Salom oromgoh” tanishuv-musiqiy dasturi o‘tkaziladi. Keyingi kunlarda Yangi O‘zbekiston g‘oyalarini targ‘ib etuvchi rasmlar, she’rlar, va qo‘shiqlar tanlovi o‘tkaziladi. “Yangi O‘zbekistonda - mening oromgohim” nomli videorolik olishga start beriladi. Oromgohning ochilish marosimi o‘tkaziladi. Harbiy vatanparvarlik kunida beshkurash bo‘yicha “Harbiylashtirilgan estafeta” sport musobaqalari tashkil etiladi. Milliy qadriyatlar kunida milliy sport o‘yinlari, liboslar ko‘rgazmasi namoyish etiladi. Shuningdek, bolalarning intellektual salohiyatini oshirish, madaniyat va san’at bo‘yicha iqtidorini namoyon etish, ona-tabiatni asrash, sport va salomatlikni keng targ‘ib etish, millatlararo totuvchilikni ta’minlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi. Barcha oromgohlarda lego, karaoke, qum, media, til o‘rganish, kubik-rubik, robototexnika va kulolchilik klublari tashkil etiladi va ular kerakli jihozlar bilan ta’minlanadi. Umuman, oromgohdagi har bir kun bolajonlar uchun esda qolarli, unutilmas taassurotlarga boy bo‘lishi uchun dasturlar ishlab chiqilgan.
Oromgohlarni mavsumga tayyorlash va pedagog xodimlarga 12 kunlik dasturning mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Urgut tumanidagi “Chorchinor” bolalar oromgohida tashkil etilgan nazariy va amaliy o‘quv mashg‘ulotida maktab va maktabgacha ta’limi, sog‘liqni saqlash, sport va madaniyat boshqarmalari hamda boshqa hamkor tashkilotlar mas’ullari ishtirok etib, tarbiyachi va yetakchilarga zarur tavsiyalar berildi.
Samarqand tumanidagi “Alpomish” oromgohida o‘tkazilgan amaliy seminarda esa hokimliklar va boshqa tegishli tashkilotlar masu’llari, oromgohlar rahbarlari bilan mavsumga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichi tahlil qilindi. Bolalarni oromgohlarga qabul qilish va kuzatib qo‘yishda xavfsizlikni ta’minlash va boshqa e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari tomonidan dam olish joylarida gigiyenik normalarga amal qilinishini ta’minlash va sifatli tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratildi.