Qurbon hayiti oldidan masjidlarda sanitariya-gigiyena tadbirlari kuchaytirildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi mas’ullari viloyatimizdagi hayit namozi o‘qiladigan jome’ masjidlarning sanitariya-gigiyenik holatlarini o‘rgandi.

O‘rganishlar davomida mutaxassislar tomonidan masjidlarda yuqumli kasalliklarning oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda bayram kunlari sanitariya osoyishtaligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, profilaktik dezinfeksiya ishlari, hasharotlarga qarshi dezinseksiya tadbirlari, umumiy foydalanish hududlarini tozalash va dezinfeksiya qilish, tahoratxona va hojatxonalarni sanitariya talablariga moslashtirish ishlari amalga oshirildi.

Mutaxassislar tomonidan masjidlarning ichki qismi, namozxonalar, hovli hududi, tahoratxonalar, kirish-chiqish yo‘laklari hamda ko‘p foydalaniladigan joylarga maxsus dezinfeksiya vositalari bilan ishlov berish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Viloyatdagi 280 dan ziyod jome’ masjid hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish va tozalash ishlari amalga oshirildi. Hududlar maishiy chiqindilardan tozalanib, sanitariya holati talab darajasiga keltirildi.

Namozxonalar va tahoratxonalarda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi, toza ichimlik suvi mavjudligi, issiq suv bilan ta’minlanganlik, shamollatish tizimlarining ishlashi, santexnika jihozlarining sozligi nazorat qilindi. Shuningdek, ayrim masjidlarda tahoratxona va hojatxonalarni ta’mirlash ishlari ham bajarildi.

O‘rganishlar davomida masjidlarning ichimlik suvi va oqova tizimlari holati ham alohida nazoratdan o‘tkazildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 60 ta masjid markazlashtirilgan ichimlik suvi tizimiga, 229 ta masjid esa mahalliy ichimlik suvi tarmog‘iga ulangan.
Kanalizatsiya tizimi bo‘yicha 32 ta masjid markazlashgan kanalizatsiya tarmog‘iga, 252 tasi esa mahalliy oqova tizimlariga ulangan holda faoliyat yuritmoqda.

Aniqlangan ayrim kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga tavsiyalar berilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Natijada barcha masjidlarda mavjud kamchiliklar bartaraf etildi.
Qurbon hayiti kunlari viloyatda ommaviy tadbirlar, xalq sayillari, yarmarkalar va savdo faoliyati kengayishi hisobga olinib, "Sanepidqo‘mita" mutaxassislari tomonidan ushbu hududlarda ham sanitariya nazorati kuchaytirildi. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish holati, savdo nuqtalarida gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, ichimlik suvi sifati, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, jamoat joylarining tozaligi muntazam nazorat qilinmoqda.