Tadbirkorga asossiz hisoblangan soliq va jarima bekor qilindi

Samarqandda faoliyat yurituvchi “I.M.A.I.” MChJ rahbari soliq tekshiruvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarordan norozi bo‘lib, uni bekor qilishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.

O‘rganishlar davomida korxonada hujjatli taftish o‘tkazilgani va tekshiruv natijasiga ko‘ra viloyat soliq boshqarmasi qarori bilan jamiyatga asossiz ravishda 151 million so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda 201 million so‘m moliyaviy jarima hisoblangani aniqlangan.

Biznes-ombudsman xodimlari murojaatni atroflicha o‘rganib, tadbirkor manfaatlarini himoya qilish maqsadida Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritdi. Sud jarayonida soliq qonunchiligi talablariga rioya etilmasdan tadbirkorga nisbatan asossiz soliq va majburiy to‘lovlar qo‘llanilgani tasdiqlandi. Natijada sud arizani to‘liq qanoatlantirib, soliq boshqarmasi qarorini haqiqiy emas deb topdi. Shu tariqa tadbirkorga hisoblangan soliq va jarimalar to‘liq bekor qilindi.