Tadbirkor huquqi apellyasiya instansiyasida tiklandi

Jomboy tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi MChJ Xalq bankining tuman filialiga kredit olish maqsadida murojaat qilgan. Talab qilinadigan hujjatlar tayyorlangach, garov sifatida tadbirkorning tanishiga tegishli bo‘lgan noturarjoy taqdim etilgan.

Xullas, hammasi joyida bo‘lgach, MChJga 450 million so‘m, yillik 15 foiz ustama to‘lash sharti bilan 36 oy muddatga kredit ajratilgan.

Bank va MChJ o‘rtasida tuzilgan 2020 yil 19 avgustdagi kredit shartnomasining 4.2.2-bandiga ko‘ra, qarzdorning majburiyatlari jumlasiga kreditdan faqat shartnomada ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlarda foydalanish belgilangan.

Ajratilgan kreditni maqsadli ishlatilishi yuzasidan Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi va Xalq banki Jomboy filiali xodimlari tomonidan monitoring qilinib, MChJ tomonidan kreditdan qisman maqsadsiz foydalanganligi haqida ma’lumotnoma tuzilgan.

Ushbu ma’lumotnomada 2020 yil 4 dekabr sanasiga qadar MChJda 163 million so‘mlik uskunalar mavjudligi, ustaxona tashkil qilish uchun ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi sababli qolgan 287 million so‘mlik uskunalar ta’minotchi korxonada turganligi qayd etilgan.

Shundan so‘ng, Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi bank manfaatini ko‘zlab, javobgarlar MChJ va garovdagi mulk egasi bo‘lgan fuqaroga nisbatan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unda kredit shartnomasi bo‘yicha 450 million so‘m va muddati o‘tgan qarzdorlikni bank foydasiga undirish va undiruvni garov mulkiga qaratishni so‘ragan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirilib, bank foydasiga javobgar MChJdan jami 450 million so‘m kredit qarzdorligi undirilishi hamda undiruvni fuqaroga tegishli bo‘lgan garovdagi mol-mulklarga qaratilishi belgilangan.

Tadbirkor bundan norozi bo‘lib, viloyat sudiga appelyasiya shikoyati bilan murojaat qildi. Appelyasiya sudlov hay’ati ishni ko‘rib chiqar ekan, har bir masalaga jiddiy e’tibor qaratdi. Xususan, da’vodagi vaj va ushbu ma’lumotnomadagi kredit maqsadsiz foydalanganligi haqidagi faktlar quyidagi dalillar bilan inkor etiladi.

Ish hujjatlarida mavjud bo‘lgan ta’minotchi korxona va MChJ o‘rtasida 2020 yil 14 va 17 avgustda tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari bilan jami 450 million so‘mlik uskuna va jihozlar sotib olinganligi, “schet-faktura”larda esa ushbu MChJ tomonidan qabul qilib olinganligi qayd etilgan.

Shuningdek, olingan kreditni maqsadli ishlatish va biznes-reja bo‘yicha uskunalarni joylashtirish uchun 2020 yil 1 avgustda MChJ bir yil muddatga bir fuqaroga tegishli bo‘lgan noturar joy binosini har oyda 2 million so‘mdan, jami 24 million so‘m ijara haqi evaziga ijara shartnomasi asosida olganligi aniqlangan. Demak, uskunalar sotib olingan, bir qismi olib kelingan. Qolgan qismi esa o‘rnatiladigan joy tayyor bo‘lmaganligi uchun ta’minotchi omborida turgan.

Kredit shartnomasining 4.1.3-bandiga ko‘ra, bankning majburiyatlari jumlasiga qarzdorni bank tomonidan kreditni muddatidan ilgari undirish faktlari va sabablari haqida xabardor qilish lozimligi belgilangan.

Garchi, bank tomonidan 2020 yil 7 dekabr sanasi bilan javobgar MChJ nomiga yo‘llangan ogohlantirish xati mavjud bo‘lsa-da, ushbu ogohlantirish xati MChJga yuborilganligini tasdiqlovchi kvitansiya yoki boshqa hujjat sudga taqdim etilmagan.

Demak, bunda MChJ tomonidan kreditdan maqsadsiz foydalanganligi isbotlanmaganligi bilan birga MChJ bilan shartnoma yuzasidan bo‘ladigan dastlabki majburiyatga bank tomonidan rioya etmagan.

Bunday holatda MChJ shartnomaviy majburiyatiga amal qilmagan deb topishga va bankning shartnomaviy huquqlari buzilgan, deb hisoblashga huquqiy asoslar mavjud emas.

Yuqoridagilarga asoslanib, apellyasiya instansiyasi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish va ish yuzasidan da’voni rad qilish to‘g‘risida yangi qaror qabul qilish haqida xulosaga kelgan.

Shu tariqa, yana bir tadbirkorning huquqlari sud tomonidan himoya qilindi. 

N.Rahmonova,

Samarqand viloyati sudining sudyasi.