Amerikadagi jurnalda Saidrizo Alizoda haqida tahliliy maqola chop etildi
Ma’rifatparvar olim, jurnalist va tarjimon Saidrizo Alizodaning nevarasi Farhod Alizoda tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, jadidchilik tarixiga qiziquvchi AQShdagi vatandoshlarimiz unga Amerikada nashr etiladigan “Eronshunoslar” jurnali sonidan bir nusxa jo‘natganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, jurnalning ushbu soni Markaziy Osiyoda faoliyat yuritgan ko‘plab ma’rifatparvar ziyolilar haqidagi maqolalarni o‘z ichiga olgan. E’tiborlisi, nashrning o‘n sahifasi to‘liq Saidrizo Alizodaning hayot yo‘li va 50 yilga yaqin ilmiy-ma’rifiy faoliyatiga bag‘ishlangan.

- Jurnalda bobomning Samarqandda birinchi jadid maktablarini tashkil etgani, “Maktabi islomiya”, “Hayot maktabi”, “Yangi hayot maktabi” kabi o‘quv maskanlarini ochgani va 12 ta darslik muallifi sifatida tanilgani qayd etilgan, - deydi Farhod Alizoda. - Shuningdek, maqolada Alizodaning 14 ta tilni bilgani alohida ta’kidlangan. U o‘zbek va tojik tillaridan tashqari fors, arab, ingliz, fransuz, arman, yahudiy va rus tillarini mukammal o‘zlashtirgan. 1919–1923 yillarda Samarqandga kelgan ruslarga o‘zbek va tojik tillaridan dars bergan, 1930–1937 yillarda esa SamDU talabalariga arab, fors va o‘zbek tillaridan ma’ruza qilgan.
Saidrizo Alizoda 1917 yilda Samarqandda birinchi o‘zbek alifbosini, 1920 yilda esa ilk tojik alifbosini yaratgan.

Albatta, Saidrizo Alizoda kabi ziyolilar merosi nafaqat yurtimiz, balki jahon ilm-fan ahli tomonidan ham hurmat bilan o‘rganilayotgani quvonarli holdir. Amerikadagi nufuzli jurnalda bunday maqolaning chop etilishi — uning boy ilmiy merosi, maorif va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotganining yorqin dalilidir. Bobolarimiz nomining har bir nufuzli nashrda tilga olinishi biz uchun faxr, kelajak avlod uchun esa katta ruhiy merosdir.
Baxtiyor Mustanov.