Samarqandda “G‘azalxon yetakchi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi

Samarqand viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan buyuk mutafakkirlar — Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan “G‘azalxon yetakchi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.

Mazkur tanlovning asosiy maqsadi yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularni mumtoz adabiyotimizning boy merosi bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. Tadbirda tuman va shaharlardan kelgan mahalla yoshlar yetakchilari ishtirok etib, o‘z iqtidor va mahoratlarini namoyish etdilar.

Ko‘rik-tanlov bir necha bosqichda tashkil etildi. Dastlab ishtirokchilar mumtoz shoirlar g‘azallarini yoddan, to‘g‘ri talaffuz va ohang bilan ijro etdilar. Keyingi bosqichda esa asar mazmuni, undagi badiiy tasvir vositalari va g‘oyaviy yo‘nalish yuzasidan qisqa tahlillar taqdim qilindi. Hakamlar hay’ati tomonidan sahna madaniyati, nutq ravonligi, badiiy ifoda, ijro mahorati hamda auditoriya bilan muloqot qilish qobiliyati asosiy mezon sifatida baholandi.

Tadbir davomida mumtoz adabiyotimizning bugungi yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, g‘azal janrining ma’naviy-axloqiy ahamiyati alohida ta’kidlandi. So‘zga chiqqanlar buyuk ajdodlarimizning ijodi nafaqat tarixiy meros, balki bugungi kun yoshlari uchun ham ibrat maktabi ekanini qayd etdilar.

Ko‘rik-tanlov yakunida faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Eng muhimi, ushbu tadbir yoshlar yetakchilarining ma’naviy saviyasini oshirish, ularni mahallalarda adabiy kechalar, kitobxonlik tadbirlari va ijodiy uchrashuvlarni tizimli yo‘lga qo‘yishga ruhlantirdi.

— “G‘azalxon yetakchi” tanlovi biz uchun katta mas’uliyat va sharaf bo‘ldi , - deydi Nurobod tumanidagi “Chorvador” mahallasi yoshlar yetakchisi Nizomiddin Eshmurodov. - Mumtoz g‘azallarni o‘rganish jarayonida har bir misraning teran ma’nosi, undagi hayotiy saboqlarni yanada chuqurroq angladik. Bu tajriba bizning nutqimizni, sahnadagi ishonchimizni va yoshlar bilan ishlash ko‘nikmalarimizni mustahkamladi.

Bugungi kunda yoshlarni ma’naviyatga jalb etish eng dolzarb vazifalardan biridir. Shunday tanlovlar orqali biz tengdoshlarimizni kitob o‘qishga, ijod qilishga va milliy merosimizni qadrlashga chorlaymiz. Kelgusida mahallamizda muntazam ravishda g‘azalxonlik va adabiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Ushbu ko‘rik-tanlov yoshlar o‘rtasida adabiyotga mehrni kuchaytirish, milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy kamolotni yuksaltirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Tanlov yakuniga ko‘ra Past Darg‘om tumani jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.