“Yoshlar daftari”dagilarga nega ko‘mak ko‘rsatilmayapti?
Yaqinda Zarnews.uz telegram kanalida “Mahallangizdagi yoshlar yetakchisini taniysizmi? Uning faoliyati sizni qoniqtiradimi?” degan savollar bilan so‘rovnoma o‘tkazilgandi.
9 iyul kuni soat 14:00 holatiga so‘rovnomani 17 mingdan ziyod kishi o‘qigan, ularning 3697 nafari ovoz bergan. Ishtirokchilarning 56 foizi “Ha, taniyman. Yaxshi ish olib boryapti” degan javobda to‘xtalgan. 32 foizi “Yo‘q, tanimayman. Bor-yo‘qligi bilinmaydi”, 12 foizi “Taniyman. Tadbirlar o‘tkazib turadi, ammo samarasi uncha sezilmaydi”, degan javoblarni belgilagan.
Shuningdek, mazkur so‘rovnoma ostida 150 ga yaqin izoh qoldirilgan. Ularni o‘qib, turli bahs-munozaralarga ham guvoh bo‘ldik. Izohlarda ayrim foydalanuvchilar mahalladagi yoshlar yetakchilari faoliyatidan ko‘ngli to‘lmaganini bildirsa, unga javoban aynan mahalla yoshlar yetakchilarining keskin e’tirozlari bayon etilgan.
Izohlardan birida “Nima ish qiladi yoshlar yetakchisi? Faoliyati nimalardan iborat? Tushuncha bering, ikki nafar yosh farzandim bor, ma’lumot olsam, foydali bo‘larmidi?”, deyiladi. Yana bir ishtirokchi “Mahalla yoshlar yetakchisining borligi ham, yo‘qligi ham bilinmaydi”, deya izoh qoldirgan bo‘lsa, yana biri “Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Yetakchilarning hammasini ham ishlamaganga chiqarish nohaqlik. Ko‘pgina yoshlar ularning ko‘magi bilan hayotda o‘z o‘rnini topyapti, ota-onalari xursand”, deydi. Obunachilarimizdan yana biri yoshlar yetakchilarining faqat suratga olish bilan shug‘ullanishini aytsa, yana biri yoshlarni birlashtirib, ularga turli yordamlar ko‘rsatayotgani uchun rahmat aytgan.
So‘rovnomada qatnashib, yoshlar hayotiga bee’tibor bo‘lmagan har bir ishtirokchidan minnatdormiz.
Xabaringiz bor, viloyat hokimligida o‘tkazilgan muhokamada qayd etilgan yana bir masala telegram kanalimiz va gazetada e’lon qilingan edi. Ya’ni, joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 12 ming 488 nafar yoshlarning 9054 nafari "daftar"dan chiqarilgan. Ammo“daftar”ga yil boshida kiritilgan bo‘lishiga qaramasdan, hozirgacha Samarqand shaharida 38 nafar, Qo‘shrabot tumanida 15 nafar, Urgut tumanida 32 nafar, Nurobod tumanida 15 nafar, Narpay tumanida 17 nafar, Payariq tumanida 25 nafar yoshga umuman e’tibor berilmagan, biror amaliy yordam ham ko‘rsatilmagan.
Eng achinarlisi, 2023 yilda "daftar"ga kiritilgan bo‘lishiga qaramasdan Payariqda 195 nafar, Narpayda 168 nafar, Bulung‘urda 88 nafar, Ishtixonda 87 nafar, Urgutda 80 nafar, Toyloqda 76 nafar va Samarqand shahrida 58 nafar yoshga hozirgacha biror turdagi yordam berilmagan.
Biz Payariq tumanida bo‘lib, ayrim mahallalardagi yetakchilar faoliyati, tumanda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarga yordam berilmayotganining sabablarini o‘rganishga harakat qildik.
Tumanning Sarisuv mahallasida 3 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, ularning 1675 nafarini yoshlar tashkil etadi.
- Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilyapti, - deydi mahalla yoshlar yetakchisi Shahriyor Komiljonov. – “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etayotgan yigit-qizlarimiz yuqori natijalarni qo‘lga kirityapti. Masalan, “Zakovat” intellektual o‘yinida qatnashayotgan jamoamiz 2022 yilda respublikada g‘olib bo‘ldi. 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda davlatimiz rahbari bilan uchrashishga muyassar bo‘ldik. Quvonarlisi, shu yilgi bayram arafasida, jamoa sardori, mahalladoshimiz Bahodir Anorov “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Mahallamizda 2024 yilning birinchi yarmida 5 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilib, barchasiga ko‘mak ko‘rsatildi va ro‘yxatdan chiqarildi.
Shuningdek, tumanning Chelak shaharchasi Toshhovuz mahallasi yoshlarining ayrimlari bilan suhbatlashdik.
- Turmush o‘rtog‘im ishlash uchun horijga ketgandi, - deydi Dildora Mamadiyorova. – Birozdan so‘ng men ham uning ortidan ketdim. Bir yashar farzandimiz uyda, katta qaynonamning qo‘lida qoldi. Xorijda ishlashning o‘zi bo‘lmas ekan. Bir kuni mahallamiz yoshlar yetakchisi Fotima Dehqonova ijtimoiy tarmoq orqali men bilan bog‘lanib, yurtga qaytishimni taklif qildi. Men esa ishsizlikdan qiynalganlarimni gapirib berdim. U menga yordam berishini aytdi. Ishonib-ishonmay qaytib keldim. Oddiyroq bo‘lsayam ish topib berdi. Subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinasi olishimga ko‘maklashdi. Mahalla markazida jamoatchilik asosida ishlab, 1 million 200 ming so‘m oylik olyapman. Qolaversa tikuvchilikni ham puxta o‘rganyapman.
Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun turli tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazib turiladi. Natijada toshhovuzlik yigit-qizlarning 3 nafari Osiyo chempioni bo‘lgan va yana ko‘pchiligi turli tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelyapti. Yoshlar yetakchisi Fotima Dehqonova faolligi uchun o‘tgan yili “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
- Faoliyat boshlaganimdan beri mahallamiz yoshlarining 78 nafari “yoshlar daftari”ga kiritilgan, - deydi F.Dehqonova. - Ularning 74 nafari turli yo‘nalishlar bo‘yicha yordamlar ko‘rsatilgani uchun bu ro‘yxatdan chiqarilgan. Asbob-uskuna va moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan 4 nafar yosh hozircha “daftar”da turibdi. Ularning ro‘yxati tuman vasiylik kengashiga taqdim qilingan. “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan mablag‘ ajratilishi bilan bu masala o‘z yechimini topadi.
Tumanning Fidokor mahallasida 3907 kishi yashaydi. Ularning 1012 nafarini yoshlar tashkil qiladi. 2024 yilda 10 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, ularning 7 nafari hali bu ro‘yxatdan chiqarilmagan.
- Aslida bu yoshlarning yettoviga ham yordam ko‘rsatilgan, - deydi mahalla yoshlar yetakchisi Axrorxon Sunnatov. – 5 nafari o‘qish uchun shartnoma to‘lovi, bir nafari kimyo fanidan olimpiadaga borib-kelish harajatlarini qoplash, yana bir nafari qo‘shimcha to‘garakka qatnashishi uchun moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Barchasi uchun mablag‘ ajratilgan. Faqat texnik sabab, ya’ni SMS-xabarnoma xizmati ishlamay turgani uchun ular “daftar”dan chiqarilmay turibdi.
Haqiqatdan ham viloyat tumanlari orasida eng ko‘p Payariqda, ya’ni “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarning 195 nafari bu ro‘yxatdan chiqarilmagan. Buning sabablari haqida izoh so‘rab tuman hokimligi mas’ullariga ham murojaat qildik.
- Bu ma’lumotlar elektron bazadan olingan, - deydi tuman yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Oybek Romanov. – To‘g‘ri, 195 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”da turibdi, ammo bu ularning hammasiga ham yordam berilmadi, degani emas. 162 nafariga turli yo‘nalishlarda ko‘maklar ko‘rsatilgan, ammo ularning qo‘l telefonlariga SMS-xabarnoma kelishi kerak. Hozircha shu xizmat faoliyati to‘xtab turgani uchun “daftar”dan chiqarilmay turibdi. Shuningdek, 33 nafariga asbob-uskunalar berilishi zarur. Bu masalalar mas’ullar o‘rtasida muhokama qilindi va 2-3 kunda muammo bartaraf etiladi.
Maqola tayyorlanayotgan paytda tuman hokimligidan xabar keldi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 26 nafar yigit-qizga o‘zlari so‘ragan asbob-uskunalar yetkazilibdi. Ularning ayrimlari bilan telefon orqali suhbatlashdik.
- “Yoshlar daftari”ga kiritilganim esimdanam chiqib ketgandi, - deydi Ilg‘or mahallasida yashovchi Yorqin Qayumov. – Kecha payvandlash uskunasini keltirib berdi. Endi undan unumli foydalanib, daromad qilishni rejalashtiryapman.
“Daftar”da turgan boshqa yoshlarga ham ko‘mak ko‘rsatilishi yoki ro‘yxatdan chiqarish bilan bog‘liq masalalar ham yechimini topib qolar. Hali bu mavzuga yana qaytamiz.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov,
Jasur Shukurov.