“Baliq sayli”: Samarqand tumanida 550 tonna baliq yetishtirildi

Tumanda ikkinchi marta “Baliq sayli” bo‘lib o‘tdi.

“Oq Amur” fermer xo‘jaligi tashabbusi bilan tashkil etilgan sayilda viloyatda yetishtirilayotgan baliq va baliq mahsulotlari namoyish etildi.

Samarqand tumanida 50 gektar sun’iy havza, 4 gektar intensiv texnologiya, 1 gektar aylanma suv tizimlari mavjud bo‘lib, baliqchilik bo‘yicha 16 ta xo‘jalik faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida tumanda 550 tonna baliq yetishtirilib, o‘tgan yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 100 foizdan ziyod o‘sishga erishilgan.

- Qariyb 20 yildan buyon faoliyat yuritamiz, - deydi “Oq Amur” fermer xo‘jaligi raisi Ilhom Halimov. - 20 gektar maydonda baliq havzalari tashkil etganmiz va ularda 45 nafar kishining bandligi ta’minlangan. Shu yilning o‘tgan davrida 170 tonna chavoq va tovar baliq yetishtirdik. Xo‘jalikda innovatsion texnologiyalardan foydalanish, suv resurslarini tejash, sermahsul baliq zotlarini ko‘paytirish ishlari ham olib borilmoqda. Bugun soha rivoji uchun mutaxassislar tomonidan yangi tashabbuslar bildirildi va biz bu takliflarni qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishuvlarga erishdik.

Tadbir davomida soha mutaxassislari baliqchilikni rivojlantirish, zamonaviy ekoturizm yo‘nalishlarini kengaytirsh hamda sohadagi ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish yuzasidan tajriba almashildi.