Yurak stenti infarktdan qutqaradimi?
Yurak – bu hayot. Uning tinmay urishi inson yashayotganligining asosiy belgisidir. Ammo zamonaviy turmush tarzi, noto‘g‘ri ovqatlanish, stress va kam harakat yurak tomirlarining ishdan chiqishiga olib keladi.
Ateroskleroz tufayli qon tomirlar torayganda, yurak hujayralari ozuqa va kislorod yetishmasligidan aziyat chekadi. Ana shu og‘ir lahzada tibbiyotning eng samarali va jonkuyar usullaridan biri – yurakni stentlash yordam beradi. Bu kichik, to‘rsimon metall naycha qanday qilib inson hayotini yangi nafas bilan to‘ldirishi, ko‘krak og‘riqlarini yo‘qotib, faol hayotga qaytarishi mumkin?
Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, xususan, ishemik yurak kasalligi va miokard infarkti butun dunyoda o‘lim va nogironlikning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Toj (koronar) arteriyalarning aterosklerotik shikastlanishi natijasida kelib chiqqan tomir torayishi muammosini hal etishda so‘nggi yilliklarda endovaskulyar jarrohlik usullari yetakchilik qilmoqda. Yurakka stent qo‘yish (koronar stentlash) – bu yurakning qon bilan ta’minlovchi toj (koronar) arteriyalarini kengaytirish va ulardagi qon oqimini tiklash uchun bajariladigan zamonaviy, past travmatik usuldir. Bu usul, ayniqsa, yurak ishemik kasalligi va o‘tkir miokard infarkti (yurak xuruji)ni davolashda “oltin standart” hisoblanadi. Yurak qon tomirlarini stentlashda stent toraygan tomirni kengaytirib, yurak mushaklariga yetib bormay qolgan qon va kislorodni tiklashga yordam beradi. Bu usul ko‘plab kishilarga infarktdan so‘ng tezda oyoqqa turish, ishga va sevimli mashg‘ulotlariga qaytish imkonini berdi.
Yurak stenti nima?
Stent – bu kichik, to‘rsimon, metall naycha bo‘lib, u toraygan yoki yopilgan arteriya ichiga o‘rnatilib, uni ochiq holda ushlab turadi. Zamonaviy stentlar ko‘pincha dori vositasi bilan qoplangan bo‘lib, bu arteriyaning qayta torayishining oldini olishga yordam beradi.
Qanday hollarda stent qo‘yish tavsiya etiladi?
Ushbu muolaja, asosan, ateroskleroz (arteriya devorlarida yog‘ va xolesterin pilakchalari to‘planishi) tufayli yurak tomirlari torayganda yoki yopilganda qo‘llaniladi. Shifokorlar stentlashni quyidagi hollarda tavsiya qilishadi:
· dori-darmon yoki turmush tarzini o‘zgartirish natija bermasa;
· ko‘krak og‘rig‘i (stenokardiya) kuchayib borsa;
· yurak xuruji (infarkt) vaqtida qon oqimini zudlik bilan tiklash zaruriyati kelib chiqsa.
Muolaja qanday o‘tkaziladi?
Bu jarrohlik amaliyoti endovaskulyar (tomir ichida bajariladigan) bo‘lib, umumiy narkoz va katta kesishlarni talab etmaydi:
1. Operatsiyadan oldin EKG, o‘pka rentgenografiyasi va qon tahlillari o‘tkaziladi.
2. Shifokor son yoki bilak arteriyasiga kichik teshik orqali kateter kiritadi.
3. Kateterning uchidagi balloncha tomirning toraygan joyigacha olib boriladi va qisqa vaqtga arteriyani kengaytiradi.
4. Kengaygan joyga stent joylashtiriladi. Balloncha so‘ndirilib, kateter bilan birga olib chiqiladi, stent esa arteriya ichida qoladi va uni ochik ushlab turadi.
Butun muolaja jarayoni odatda 30 daqiqadan bir soatgacha davom etadi.
Yurakka stent qo‘yish asoratlari
Barcha tibbiy muolajalar singari, stentlash ham ma’lum xavflarga ega. Biroq, zamonaviy usullar va dorilar tufayli bu xavf doimiy ravishda kamayib bormoqda. Yurakni stentlashdan so‘ng kelib chiqishi mumkin bo‘lgan asoratlar:
· stent ichida qon trombi paydo bo‘lishi (tromboz);
· arteriyaning qayta torayishi;
· jarohat joyidan qon ketishi;
· Jarohat joyiga infeksiya tushishi;
· yurak xuruji, insult, arteriya shikastlanishi yoki buyrak faoliyatining buzilishi.
Yurakka stent qo‘yilgandan keyin nimalar tavsiya qilinadi?
Shifokor tomonidan belgilangan qon suyultiruvchi preparatlarni muntazam qabul qilish lozim. Bu stent ichida tromb paydo bo‘lishining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.
Sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik, chekish va spirtli ichimliklarni tashlash kabi omillar kasallikning oldini olishda katta rol o‘ynaydi.
Muntazam ravishda kardiolog shifokori ko‘rigidan o‘tib turish zarur.
Gulnoza Odilova,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti mikrobiologiya, virusologiya va immunologiya kafedrasi assistenti.