Halol mehnatning uyati bormi?

Hovlidagi yo‘lakni betonlash uchun ishchi kerak bo‘lib, mardikor bozoriga bordim. U yerda ustachilik qilib yuradigan tanish ikki kishiga ko‘zim tushdi. Oldiga borib, salomlashdim va ish taklif qildim.

Ulardan biri rozidek bo‘ldi. Ammo yonidagi sherigi unga qandaydir imo-ishora qilardi. Avvaliga narx ma’qul kelmagan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim va:
– Mayli, siz aytgan haqqa ham roziman, – dedim.
– Ketdik, – dedi sherigi.
Lekin u past ovozda:
– Tanishlarnikida ishlashga uyalaman, – dedi.
– Nega uyalasiz, aka? To‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib tilanchilik qilayotganlar uyalsin. Halol mehnat qilib, peshona teri bilan rizq topishning nimasi uyat? – dedim.
U esa jimgina teskari o‘girildi...

Nega ba’zi insonlar uchun bunday holat aybdek qabul qilinadi? O‘ylashimcha, bu jamiyatimizning ayrim qarashlarini ko‘rsatadigan og‘riqli masala. Bu yerda gap bir kishining tanlovida emas, balki ongimizda yillar davomida shakllangan qarashlarda.
Bizda «odamlar nima deydi?» degan savol ko‘pincha «men uchun to‘g‘risi nima?» degan savoldan ustun keladi. Natijada ayrimlar halol mehnat bilan topiladigan rizqdan emas, boshqalarning nigohidan cho‘chiydi. Go‘yo belkurak ushlash obro‘ni tushiradi, og‘ir mehnat esa insonning qadrini kamaytiradi.
Bolalikdan «yaxshi o‘qi, bo‘lmasa mardikor bo‘lasan», degan gapni eshitib katta bo‘lgan avlod uchun ustachilik kasb emas. To‘g‘ri, ishi og‘ir, lekin har qanday binoga poydevor qo‘yayotgan ham, yo‘l qurayotgan ham, uy barpo etayotgan ham shular-ku.

Yana bir jihat bor. Odamlar aksariyat hollarda insonning mehnatiga emas, tashqi ko‘rinishiga ko‘proq baho berishga o‘rganib qolgan. Qimmatbaho kiyimda yurgan odamni muvaffaqiyatli deb qabul qilamiz, ammo changga belanib mehnat qilayotgan insonning qanday mashaqqat, qanday mas’uliyat bilan yashayotganini ko‘pincha o‘ylamaymiz. Holbuki, kiyim insonning emas, mehnat uning haqiqiy qiyofasini namoyon qiladi.

Eng achinarlisi, bu qarash yoshlarga ham o‘tayotganidir. Ayrim yoshlar oylab ish qidirishga tayyor, ammo vaqtincha bo‘lsa ham jismoniy mehnat qilishni yoki kichikroq ishni o‘ziga munosib ko‘rmaydi. Bu mehnat bozorida emas, tarbiya va qadriyatlardagi bo‘shliqni ko‘rsatadi. Rivojlangan mamlakatlarda vaziyat boshqacha. U yerda santexnik, quruvchi, elektrchi yoki bog‘bon o‘z kasbidan uyalmaydi. Chunki jamiyat ularni bajarayotgan ishiga qarab qadrlaydi.
Mehnatning «katta-kichigi» emas, uning halolligi muhim. Shunday ekan, o‘zgarishi kerak bo‘lgan jihat “mardikor” emas, unga bo‘lgan munosabatdir. Agar biz halol mehnatni haqorat emas, qadriyat sifatida qabul qilmas ekanmiz, ertangi avlod ham xuddi shu stereotiplar qurshovida yashaydi. Insonning qadri uning qaysi ishni qilayotganida emas, uni qanday vijdon bilan bajarayotganida namoyon bo‘ladi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.