Ixtisoslashtirilgan maktablar: bilim, iqtidor va mahorat birlashgan maskan

Respublika Prezidentining 2022 yil 14 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan boshlangan tarixiy islohotlar bugun Samarqandda o‘z mevasini bermoqda.

O‘sha yili viloyatda 15 ta ixtisoslashtirilgan maktab o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 1 ta Prezident maktabi, 1 ta Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab Samarqand filiali, 1 ta Muhandislik maktabi hamda tuman va shaharlarda 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari faoliyat yuritmoqda.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga aynan iqtidorli, bilimli bolalarning tanlab olinayotgani va ularga mahoratli o‘qituvchilarning dars berayotgani ahamiyatlidir. Bugun nafaqat ota-onalar, balki o‘quvchilarning o‘zlari ham ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qishga harakat qilyapti. Har yili bunday maktablarga kirish imtihonlarida talabgorlarning haddan ziyod ko‘pligi fikrimizning isbotidir.
Aslida ixtisoslashtirilgan maktablar rivojlangan mamlakatlar tajribasidan amaliyotga joriy etildi. Bugun bilimga chanqoq bolalar aynan shaharga qatnab o‘qishi shart emas. Har bir tuman (shahar)da ixtisoslashtirilgan maktab yoki maktab-internatlar bor. Ularda mehnat qilayotgan o‘qituvchilar ham uch bosqichli saralash imtihonidan tanlab olingan bo‘lib, har biri o‘z bilimini bolalarga mukammal bera oladi.

O‘quvchilarga ixtisoslashtirilgan maktablarda tushlikkacha dars o‘tiladi, tushlikdan keyin qo‘shimcha darslar, to‘garaklar, sport mashg‘ulotlari tashkil qilinadi. Hatto uyga vazifani ham o‘quvchilar maktabning o‘zida tayyorlashadi. Iqtidorli, a’lochi o‘quvchilarning bir maktabda o‘qishi va ularga bilimli va mahoratli o‘qituvchilarning dars berishi albatta yaxshi samara beryapti.

Fakt va raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2023-2024 o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshlagan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Samarqand filialida bugun 382 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu yil maktabning ilk bitiruvchilari 19 nafar bo‘lib, ularda 73 ta milliy sertifikat, 8 ta IELTS, 7 ta SAT sertifikatlari mavjud. Shunisi quvonarliki, bitiruvchilarning 5 nafari barcha fanlardan sertifikat olgan.
Ushbu maktab bitiruvchilari dunyoning 22 dan ortiq TOP xorijiy universitetlariga qabul qilinib, jami 2 898 400 AQSh dollari miqdoridagi grantlarni qo‘lga kiritdi. Masalan, Damirbek Kamoliddinov 1 218 000 AQSh dollarilik grant, Akobir Rahmonov 796 400 AQSh dollarilik grant, Bakir Egamberdiyev 753 000 AQSh dollarilik grant, Asila Akbarova 131 000 AQSh dollarilik grant sohiblari bo‘lishdi.

Mazkur maktabning yutuqlari haqiqatda maqtovga loyiq. Bu yil maktab jamoasi STEM olimpiadasida 13 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritib, viloyatda 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, o‘quvchilar xalqaro olimpiadalarda ham ishtirok etyapti. Masalan, Fariza Mirzayorova II Ochiq Xalqaro geografiya olimpiadasida bronza medaliga loyiq deb topildi.
Bundan tashqari, maktab o‘quvchilari “Raqamli avlod qizlari”, “Robo Coding”, “Ixtirochilikka qadam” va “Turon” teatr jamoalari tanlovlarida viloyat hamda respublika bosqichlarida yuqori natijalarga erishdi.

Tuman (shahar)lardagi ixtisoslashtirilgan maktablar ham yaxshi natijalar ko‘rsatyapti. Masalan, Samarqand shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati bitiruvchilarining hammasida kamida bitta milliy yoki xalqaro sertifikat mavjud. O‘quvchilar SAT sertifikati bo‘yicha 1520 ballgacha, IELTS va CEFR dan 14 ta yuqori darajali sertifikatlar olishdi.
Ularning 4 nafari maksimal 189 ball bilan muddatidan oldin talaba bo‘ldi. Shuningdek, 9-sinf o‘quvchisi Habibabegim Mahmudova Italiyaning H-FARM International IB School maktabiga 100 foizlik grant yutib oldi.

Past Darg‘om tuman 2-son ixtisoslashtirilgan maktabning 12 nafar bitiruvchisidan 9 nafari maksimal 189 ball to‘pladi va muddatidan oldin talabalik baxtiga sazovor bo‘ldi. Bitiruvchilar tomonidan xorijiy universitetlarga 280 ming AQSh dollari miqdorida grant qo‘lga kiritildi. Shuningdek, o‘quvchilar WMI xalqaro matematika olimpiadasida 1 ta oltin va 2 ta kumush medalga loyiq deb topildi.
Urgut tuman ixtisoslashtirilgan maktabning barcha 11 nafar bitiruvchisi 189 ball bilan muddatidan oldin talabalikka tavsiya etildi. Xorijiy universitetlardan 260 ming AQSh dollari miqdorida grant olindi.

Kattaqo‘rg‘on shahar ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchilari 477 ta, pedagoglari esa 51 ta milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. 4 nafar bitiruvchi 189 ball bilan muddatidan oldin talabalikka tavsiya etildi.
Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. Qolgan tumanlardagi ixtisoslashtirilgan maktablar ham yaxshi natijalarga erishmoqda. Maktab bitiruvchilarining deyarli barchasi fanlardan milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritmoqda.
Vatanimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng maktab ta’limida amalga oshirilgan islohotlardan biri ixtisoslashtirilgan maktablarning ochilishi bo‘ldi. Bunday maktablar tuman va shaharlarda yangidan qurildi, zamonaviy jihozlandi va o‘quv jarayoni xalqaro ta’lim dasturlari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy darsliklar asosida olib borilmoqda. Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha bo‘lib, ushbu fanlar o‘quv jarayonida chuqurlashtirib o‘qitiladi. Maqsad o‘quvchilar nafaqat Vatanda, balki xorijda ham o‘qishini davom ettira olishi va mamlakat rivojiga hissa qo‘shadigan mutaxassislar bo‘lib yetishishiga zamin yaratishdir.

Xurshida ERNAZAROVA.