Filtrlanmagan suv zararlimi?

Har kuni krandan ichadigan suvimiz aslida organizmga ziyon keltiradimi? Kran suvi tarkibidagi xlor, og‘ir metallar va bakteriyalar inson salomatligiga qanday ta’sir qiladi? Mutaxassislarning so‘nggi tekshiruvlari shuni ko‘rsatdiki, har yili filtrlanmagan suv sabab yuzlab kasalliklar qayd etilmoqda.

Ehtimol, siz suvni qaynatib ichib, xotirjam yurgan bo‘lishingiz mumkin. Biroq suvni qaynatish uni xavfsiz qilmaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kran suvidagi ko‘zga ko‘rinmas aralashmalar asta-sekin organizmga to‘planib, jiddiy kasalliklarga olib kelishi mumkin.

Filtrlangan suv – bu turli xil filtrlar (tozalagichlar) yordamida zararli aralashmalardan, xlordan, og‘ir metallardan va bakteriyalardan tozalab olingan ichimlik suvidir. Kran suvidan farqli o‘laroq, u inson salomatligi uchun xavfsiz va foydali hisoblanadi. Filtrlangan suvning sifati tozalash tizimiga va filtrlarni o‘z vaqtida almashtirib turishga bevosita bog‘liq. Eskirgan yoki ifloslangan filtr suvni tozalamaydi, balki uni yanada yomonlashtirishi mumkin.

Filtrlangan suvning afzalliklari nimadan iborat?
·       Zararli moddalardan tozalaydi: Filtrlar suvni xlor, og‘ir metallar (masalan, qo‘rg‘oshin, simob), pestitsidlar va boshqa zararli kimyoviy birikmalardan tozalaydi. Ba’zi zamonaviy filtrlar, masalan, teskari osmos texnologiyasiga asoslanganlari, suvni 99,7% gacha tozalay oladi.
·       Ta’mi va hidini yaxshilaydi: Filtrlangan suv xlor va boshqa aralashmalarning yoqimsiz ta’mi va hididan xoli bo‘ladi. Natijada, undan tayyorlangan choy yoki kofening ta’mi yanada boy va yorqinroq bo‘ladi.

·       Foydali minerallarni saqlaydi: Yaxshi filtrlangan suv zararli moddalardan tozalangan bo‘lib, organizm uchun zarur bo‘lgan foydali minerallarni (masalan, kaliy, magniy) saqlab qoladi va organizmni shu elementlar bilan boyitishi mumkin.

·       Salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi: Toza suv iste’moli organizmdagi fiziologik jarayonlarni normallashtirishga yordam beradi. Tadqiqotlar davomida filtrlangan suv qon bosimini pasaytirishi va yallig‘lanish jarayonlarini kamaytirishi mumkinligi aniqlangan.
·       Qaynatilgan suvga nisbatan bir qator ustunliklari bor: Suvni qaynatish bakteriyalardan tozalasa-da, foydali minerallarni yo‘qotadi va xlor bilan zararli birikmalar hosil qilishi mumkin. Filtrlangan suv bu kamchiliklardan xoli bo‘lib, ko‘p mutaxassislar tomonidan kundalik foydalanish uchun tavsiya etiladi.

Uy sharoitida suvni tozalashning asosiy usullari
Suvni tozalashning eng keng tarqalgan va samarali usullari quyidagilardir:
·       Filtrlash: Suv filtrlovchi material (masalan, faollashtirilgan ko‘mir, qum, keramika) orqali o‘tkazilib, undagi aralashmalar, hid va ta’mlar tozalanadi.
·       Quyosh nuri bilan tozalash: Suvni shaffof idishga solib, kun bo‘yi quyoshda qoldirish orqali ultrabinafsha nurlari mikroorganizmlarni zararsizlantiradi.
Filtrlangan suv bu salomatlikka zararli moddalardan xoli, ta’mi yaxshilangan va organizm uchun foydali minerallarga boy bo‘lgan ichimlik suvidir. Suvni filtrlash uni kran suvi va qaynatilgan suvga nisbatan afzalroq holatga aylantiradi.

Firuza SAIDOVA,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti
patologik fiziologiya kafedrasi assistenti.