Har bir kadrda bir davr tarixi
Taniqli fotomuxbir Tohir Norqulov hayot bo‘lganida, bugun o‘zining 80 yoshini qarshi olgan bo‘lar edi.
1946 yil 6 avgust kuni Narpay tumanida tavallud topgan Tohir Norqulov butun umrini fotojurnalistikaga bag‘ishladi. Uning qo‘lidan fotoapparat qariyb 55 yildan ortiq vaqt tushmadi. Shu yillar davomida u minglab lahzalarni suratga muhrlab, davr nafasini, insonlar mehnati va hayotini kelajak avlodlar uchun saqlab qolishga xizmat qildi.

Tohir aka mehnat faoliyatini 1967 yildan boshlab Samarqand hamda poytaxtdagi qator gazeta va jurnallar tahririyatlari bilan hamkorlik qilishdan boshladi. Uning fotosuratlari turli nashrlar sahifalarida muntazam chop etilib, mamlakatimiz hayotining turli jabhalarini yoritib keldi.
U ob’yektivi orqali mehnatkash dehqonlar, fidoyi ishchilar, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va san’at vakillari, turli kasb egalarining faoliyatini haqqoniy aks ettirdi. Ayniqsa, qishloq hayoti, mehnat zavqi, milliy qadriyatlar, tabiat manzaralari hamda beg‘ubor bolajonlarning samimiy tabassumlari uning ijodida alohida o‘rin tutgan.

Tohir Norqulov uchun fotosurat oddiy tasvir emas, balki tarixning jonli hujjati edi. U har bir kadr orqali inson taqdiri, davr ruhi va hayot haqiqatini ifoda etishga intildi. Shu bois uning ijodiy merosi nafaqat fotosuratlar to‘plami, balki o‘tgan yillarning qimmatli solnomasi sifatida ham qadrlanadi.

Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan fotolavhalar ana shu boy ijodiy merosning bir qismi bo‘lib, ularda turli soha vakillari, qishloq hayoti, mehnat jarayonlari hamda beg‘ubor bolalar dunyosi o‘zining tabiiyligi va samimiyati bilan aks etgan.
