Tahririyatda ularning izlari bor…

1996 yilning iyulida Samarqand davlat universitetini bitirib, «Zarafshon» gazetasi tahririyatiga kelgan edim. Ikki kun bosh muharrirning qabuliga kirolmay qaytib ketganman. Kursdoshlarim Uyg‘un Ro‘ziyev va Mannob Ibodullayev ham shu yerga ishga kirish uchun kelgan ekan. Keyinchalik yana ikki kursdoshimiz - Hakim Jo‘rayev va G‘ofir Yaxshiyev bizga qo‘shildi.

Tahririyatda bir odat bor, jurnalist bo‘lishni hohlagan odam, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, malakasiz yoki tajribali bo‘ladimi o‘z faoliyatini musahhihlikdan boshlaydi. Biz ham shunday boshlaganmiz. Musahhihlar bo‘limida qo‘limizga gazetaning endi chop etiladigan yangi sahifalardagi materiallarni o‘qib imlo xatolarini izlab topishni, har bir jumlaning stilistika va grammatikasiga e’tibor berishimizni uqtirishdi. Har kuni ertalabdan kechgacha matn o‘qiymiz, xatolarni tuzatamiz. Mas’ul kotib, rahmatli Adham Hayitov xonaga kirib musahhihlar A.Qarshiyev, Sh.Qarshiyev, A.Bozorov va N.Xudoyberdiyevalarga «Ko‘zlaringga qaranglar, gazetada xato o‘tib ketsa, o‘rnilaringga yangi xodimlar tayyor, ularni ishga olamiz...», deb hazillashib qo‘yardi.

Bir oylar o‘tgach, musahhihlar qatoridan joy oldik. Xursandligimiz ichimizga sig‘mas edi. U vaqtlar «Zarafshon» haftada to‘rt marta chop etilardi. Har bir sonini tayyorlash va bosmaxonaga topshirish yarim tungacha davom etardi. Ba’zida sahifalar xatolarini to‘g‘rilagunimizcha kechasi soat 2-3 bo‘lib ketadi, bosmaxona ishchilari esa «bo‘ldi, qolganini ertalab qilamiz», deb janjal qilishardi. Ish tugagach, ayniqsa, qishning qorong‘i tunlarida uyga ketish qiyin. Ko‘cha sovuq, avtobus tugul, taksi ham yo‘q. Shunday paytlarda tahririyatda qolishga majbur edik, stullarni qator qilib qo‘yib 3-4 soat uxlab olardik.  Keyin yana yangi kun, yangi gazeta tashvishi boshlanardi.

Taniqli jurnalistlar Ahmadjon Muxtorov, Mardi Nuriddinov, Mannob Najmiddinov, Asad Dilmurodov, Oktyabr Javlonovlar, shuningdek, ko‘p yillar musahhih bo‘lib ishlagan Zubarjad (Zoya opa) Mahmudovalarning yosh jurnalistlar bilan ijodiy uchrashuvlari tashkil etilardi.

Bir kuni Adham Hayitov «10 kundan so‘ng gazetamizning bilimdon musahhihi kelib, barchangizdan imtihon oladi, tayyorgarlik ko‘ringlar» deb ketdi. Hammamiz hayron, Kim u, qanaqa odam ekan, qanday imtihon qiladi, faqat imlo xatolarni ko‘radimi yoki stilistika - grammatikadan ham tayyorgarlik ko‘rish kerakmi?”.

O‘n kun tayyorgarlik ko‘rdik, gazetada uchraydigan murakkab so‘zlarning yozilishi, adabiy tilda yoki shevada aytilishini yaxshilab aniqlab oldik. Nihoyat, yuragimizga vahima solgan kun keldi. «Qo‘rqinchli» Zubarjad opa Mahmudova o‘g‘lini yetaklab kirib keldi. Imtihon boshlandi. Opa rus, arab, fors tillari, o‘zbek tilida ham tez-tez uchraydigan qiyin va murakkab so‘z birikmalaridan tuzilgan matnlarni tayyorlab kelgan ekan. 50-60 tacha so‘zlarni yozdirgach, imtihonni tugatdi. «Bo‘ldi bolalar uyga borib «ispravit etib kelam» deb o‘g‘lini yetaklab chiqib ketdi.

2-3 kundan so‘ng opa kelib baholarimizni ertalabki «pyatiminutka» yig‘ilishida e’lon qildi. Yomon emas ekan, lekin yanada zo‘r bo‘lishi uchun har hafta kelib imtihon qilishi shart ekan. Bir haftadan so‘ng Zubarjad opa yana o‘g‘li bilan kirib keldi. Yana imtihon boshlandi. Yana javoblar e’lon qilindi.

Bir kuni Zubarjad opaning o‘g‘li bilan tanishib qoldim. Yoshi ancha katta, lekin shu paytgacha uylanmagan ekan. Opa «O‘g‘limga uylanish haqida gapirib yurmanglar, keyin uylantirasan deb meni bezor qiladi», degandi. Men esa opaning yo‘qligidan foydalanib, bizni nazorat qilayotgan o‘g‘liga hazillashib birorta qiz bilan tanishtirib qo‘yaymi, deb qo‘yibman-da. Ertasi kuni Zubarjad opa bosh muharrirga telefon qilib, kimdir o‘g‘limga qiz topib uylantirib qo‘yamiz, debdi, endi uydan ham chiqolmayapman, deb xunob bo‘lib gapiribdi.

Endi redaktor urishsa kerak, deb o‘zimizni chetga olib turgandik, Adham aka bosh muharrir yonidan qovog‘i osilib chiqdi va bizga qarab turib «Bolalar imtihonlar tugadi, endi buyog‘i kanikul» deb kulib yubordi.

O‘sha davrda tahririyatda tushlik qilish asosiy masala sifatida ko‘ndalang turardi. Chunki oshxonalarda taomlar qimmat. Tahririyatning orqasida joylashgan Mamatqul akaning oshxonasidan esa bo‘g‘zimizgacha qarz edik. Shu sabab ko‘pchilik, ayniqsa, ayollar uyidan ovqat olib kelardi. Mashinkachilarimiz Sanoat Najmiddinova, Mahbuba Sharopova, Nasiba opa, Nodira opalar ham o‘z xonasida qozonchada ovqat tayyorlashardi.

Marhum jurnalistlar Aziz Yo‘ldoshev, Jamol Tursunov, Adham Hayitov, O‘ktam Qurbonov, Abduvali Ochilov, shuningdek, Tog‘aymurod Shomurodov, Abdurasul Sattorov, Xo‘jaqul Muhammadiyev, Anvar Namozovlar esa tahririyat koridorining eng chekkasidagi xonadan oshxona sifatida foydalanib kelisharkan. Keyinchalik ularga men, Akbar Qarshiyev va Mannob Ibodullayevham qo‘shildik.

O‘zaro kelishib, kuniga navbati bilan bir kishidan qaynatma sho‘rva osishadi. Bosmaxona yonidagi rahmatli Jo‘raqul qassobdan kuniga yarim kilogramm go‘sht olishadi, unga qo‘shimcha 0,5 kilogramm kartoshka, shuncha piyoz va sabzi, ikkita «buxanka» non olib kelishadi. Soat 9:00da sho‘rva qozonga tushadi. Roppa-rosa 12:00da tushlik tayyor bo‘ladi. Navbatchi «oshpaz» hammaga bir xil qilib kosalarga solib qo‘yadi. Tushlikda shu yerda ovqatlanar edik. Ayrimlar kechga qolsa ularning ovqatini olib qo‘yardik. Kechroq bo‘lsa ham kelib, tanovul qilishardi.

Tushlikdan so‘ng shu yerning o‘zida ijodiy muloqotlar boshlanib ketardi. Kimning maqolasi yaxshi chiqqan, kim qancha xat ishlagan yoki kimlar navbatdagi ijodiy safarga qaysi tumanga boradi – muhokama qilardik. Guruhimizda birov mas’ul kotib, yana biri bosh muharrir o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i yoki oddiy muxbir bo‘lishidan qat’i nazar, kichik oshxonamizda hamma birdek xizmat qilardi. Katta-kichik yo‘q degan gap edi. Eng qizig‘i, navbatchi kosa-tovoqni yuvib, oshxonani tozalab qo‘yardi.    

Biroq ba’zida navbatchi kelmay qolsa yoki to‘satdan yig‘ilishga ketib qoladigan bo‘lsa, shu kuni hammamiz Mamatqul akaning oshxonasiga tushardik.

Rahmatli Jamol akaning tanishlari ko‘p edi, shu sabab u kishi navbatchi bo‘lganida ko‘pincha ovqatsiz qolardik. «Ey bolalar, buguncha ilojini qilib turinglar, keyingi safar chiroyli manti yoki palov qilib beraman», deb ko‘ndirar edi. Bir qator bo‘lib yana Mamatqul oshpazning oldiga tushar edik. U ham «Ha, bugun Jamol akaning navbatimidi, shuning uchun kelibsizlarda, mayli kelaveringlar, tayyor pyurim bor», deb kulib qo‘yardi.

Hozirda Qrim shahrida yashovchi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Iso Abdurahmonov «oshqozonim boshqa ovqat istamayur» deb har kuni tushlikda uyiga borib, tatarcha cheburek tayyorlatib yeb kelardi.

Bir kuni viloyat hokimligida bo‘lgan yig‘ilish ancha cho‘zilib ketdi. Tahririyatdan 4 kishi borganmiz. Tushlik vaqti o‘tib ketgan, oshqozon ichini tatalab yotibdi. Bosh muharrir o‘rinbosari Iso aka haydovchisiga tayinlagan shekilli, uning uyiga borib «zakaz» taomini olib keldi. Hammamiz oshxonaga kirib ovqatlanmoqchi bo‘ldik. Iso aka ham paketni ochib chebureklarni o‘rtaga qo‘ydi. Qarasak o‘zi 3 tagina ekan. «Sizlar ham olinglar, yangangni qo‘li shirin-da» deb ishtaha bilan yeya boshladi. O‘tirganlardan hech kim uning tarelkasiga qo‘l uzatmadi, men esa sho‘xligim kelib, sekin tarelkaga qo‘l uzatib cheburekni bir chetidan bo‘lib, og‘zimga soldim. «Iso aka, rostdan ham qo‘li shirin ekan», deb keyin o‘zimning tovog‘imdan boshladim. Qarasam, sheriklarim Akbar va G‘ofir ikkalasi «Yemagin, o‘ziga yetmaydi, bor-yo‘g‘i 3 dona ekan-ku» deganday qarab turibdi. Men ularga ko‘zimni qisib, «Rostdan ham shirin ekan, bir tatib ko‘rmadilaringda», dedim. Ustozlarga birozgina erkalik ham qilib turardim. Ular ham gap-so‘zlarimni ko‘ngliga olmas, hazillashib ketaverardi.

Bugun yodga olgan voqealar «Zarafshon»chi jurnalistlarning hayotidan bir shingili, xolos. Ana-mana deguncha, oradan 30 yil - bir navqiron yigitning umricha vaqt o‘tibdi. Qanchadan-qancha suvlar oqib ketdi.

Ortimga o‘grilib qaraydigan bo‘lsam, ko‘z oldimdan tahririyatda javlon urib ishlagan jurnalistlar, marhum Normuhammad Sayfiddinov, O‘ktam Niyozov, Xolmuhammad Nurullayev, Azim Qodirov, Mamadiyor Ziyodinov, O‘ktam Qurbonov, Ubay Qodir, Tugalboy Muzaffarov, Xayrullo Hamroyev, Mirsharif Xo‘jayev, Asqar Jalilov va boshqalar o‘ta boshlaydi. Ularning ko‘pchiligi umrining oxirigacha bu yerda ishlamagan bo‘lsa-da, qadrdon dargoh bilan aloqani uzishmadi. Tez-tez kelib hamkasblari bilan suhbatlashib, gazetada chiqqan maqolalarni muhokama qilar, yangi mavzular ustida fikr almashar edi.

Qancha insonlar bilan birga ishlash nasib qildi. Agar ular vaqt mashinasida aylanib shu bugungi tahririyatga tushib qolsa, bugungi shart-sharoitlarni ko‘rib ko‘zlariga ishonmagan bo‘lardi. Chunki, u vaqtlarda tahririyatimizda 50 nafardan ziyod xodim ishlagan bo‘lsa, bugun ular yarmicha ham qolmadi, lekin ana shu 25 nafar xodim 50 kishining ishini qilmoqda. Negaki, zamon va texnologiyalar o‘zgardi, internet kirib keldi. Bir vaqtlar qo‘rg‘oshindan harf yasab chop qilingan gazetalar, bugun kompyuterlarda tayyorlanib, ofset usullarda tezkorlik bilan chop etilmoqda.

Bugun ular oramizda bo‘lmasa-da, izlari tahririyatimizning har bir qarich yerida bor. Bugun koridorlarda yurgan o‘nlab yosh jurnalistlar ularning izlaridan yuribdi.

Dilmurod To‘xtayev.