Ezgulikning umri uzun: Mehnat qahramoni Joniqul Yusupovni eslab
Hazrati insonning qadr-qimmati, tabiiyki, uning jamiyatga qo‘shgan hissasi, ya’ni boshqalarga ko‘rsata olgan ibrati bilan belgilanadi. Ibrat esa kasb-hunarda mukammal mahorat sohibi, odob-axloqda boshqalar ko‘ngliga yo‘l topishdir.
Aslida insoniy fazilat uchun tizim yoki davrning ahamiyati yo‘q. Qahatchilik yoki urush paytlarida ham odamlarning bir-biriga qilgan himmati fikrimizni isbotlab turibdi. Shu boisdan ham biz bugun nuroniylarimiz yoki vafot etgan ulug‘larimiz qadrini belgilashda ana shu jihatga e’tibor berishimiz kerak, deb o‘ylayman.

Sotsialistik mehnat qahramoni Joniqul Yusupov o‘z davrining ibratli insonlaridan edi. Kamina viloyat partiya qo‘mitasining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha kotibi sifatida bu inson bilan juda ko‘p muloqotda bo‘lganman. Chapanaligi, birso‘zligi, yaxshi odamga jonini ham bergudek tayyor turishi boshqalarda mehr uyg‘otardi. Muhimi, Joniqul aka bilmaganlarini so‘rab o‘rganishni or bilmasdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qachon bormay, dalalarida qishloq xo‘jaligi institutimizning domlalari yurgan bo‘lardi.
Joniqul akaning nafaqat viloyat, balki respublika, hatto mamlakat miqyosidagi katta anjumanlarda so‘zlagan nutqiga guvoh bo‘lganman. U kishi minbarga chiqsa, respublika rahbari Sharof Rashidov quvonib ketardi. Chunki bu taniqli raisning ma’nili gapirishini bilardi. Binobarin, Joniqul aka martabasi baland, mehnat qahramoni bo‘lsa-da, biror davrada o‘zni baland tutganini ko‘rmaganman. Yirik anjumanlarda ham taniqli ziyolilar bilan suhbatlashishga oshiqardi. Ehtimol, shu sababli mening yoshimdagilar haligacha rais boboning ana shu fazilatlarini eslashadi.

Viloyatning birinchi rahbari Vladimir Qodirov yangi ishga kelganida kimdir Joniqul Yusupov haqida yomon ma’lumot bergan. Ammo Vladimir Nikolayevich xo‘jalikka borgach, Joniqul akaning ishga, jamoaga munosabatini ko‘rgach, butunlay teskari xulosa bilan qaytgan. Xo‘jalikdagi tartib-intizomga, moliyaviy masalalardagi halollikka qoyil qolgan.

Insonning yaxshi ibrati hech qachon o‘lmaydi. Negaki, hamma zamonda ham ezgulik odamning qadrini oshiradi, yangi ishlarga hafsala shiddat beradi. Mehnat qahramoni Joniqul Yusupov (hayot bo‘lganida 108 yoshga to‘lardi) ana shunday umriboqiy ibratga ega insonlardan biri edi.

Bugun u kishi bilan birga ishlashgan yoki hamsuhbat bo‘lgan odamlar kamdir, ammo eslaydigan, ibratini gapiradigan insonlar ko‘p. Joniqul boboning nevarasi Abdumalik Yusupov shunday kishilardan biri. Qayerda Joniqul bobo haqida xotira, yaxshi ma’lumot bo‘lsa yoki suratlari borligi haqida eshitsa, albatta o‘sha joyga borib, nusxa olib qaytadi. Bugun Abdumalikning bisotida alohida “Joniqul Yusupov xotirasidan” degan albom bor. Unda Joniqul aka hayoti va faoliyati, ezgu amallariga oid ma’lumotlar, suratlar ko‘p. Siz ko‘rib turgan rasmlar ham Abdumalikning shaxsiy arxividan olindi.
Abdushukur Muhammadqulov,
mehnat faxriysi.