Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Aholiga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish nega kechikyapti?

Keyingi vaqtlarda aholi xonadonlariga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish muddati 45 kundan 60–70 kungacha cho‘zilmoqda. Xo‘sh, tasdiqlangan jadval asosida aholiga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish muddati nega kechikmoqda, bunga qanday omillar sabab bo‘lyapti?

Ushbu savollar bilan «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali mas’ullariga murojaat qildik.

– Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda kechikishlar kuzatilayotgani rost va buning sabablari bor, – deydi «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filialining mahalla iste’molchilarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Ma’ruf Pardayev. – Shu yilning aprel–iyul oylarida “LUKOIL Uzbekistan Operating Company” tomonidan ishlab chiqarish zavodlarida rejali ta’mirlash ishlari olib borilgani sababli Samarqand viloyatiga oyiga o‘rtacha 4900 tonna suyultirilgan gaz ajratilgan. Shu bois iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish davriyligi 65–67 kunni tashkil etmoqda.

Mazkur holat yuzasidan viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining telegram guruhlari orqali aholiga ma’lumot berib borilmoqda. Ishlab chiqarish zavodlari to‘liq quvvatda ishlay boshlagandan so‘ng Samarqand viloyati uchun oylik ajratma 7500–7600 tonnaga yetkaziladi. Bu esa suyultirilgan gaz yetkazib berish davriyligini 40–45 kungacha qisqartirish imkonini beradi. Shuningdek, joriy yil avgust oyidan boshlab viloyatimiz uchun oylik suyultirilgan gaz fondi 6700 tonnaga oshirildi.

Ma’lum qilinishicha, gaz ta’minoti barqarorlashishi bilan aholiga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish tasdiqlangan jadval asosida bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Avvalo, navbati kelgan mahallalarga yetkazib berish ta’minlanib, davriylikni qisqartirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, aholidan gaz ballonlarini navbatdan tashqari olishga urinish yoki turli vositachilar orqali murojaat qilishdan tiyilib, yetkazib berish jadvaliga amal qilish so‘ralmoqda. Agar jadval bo‘yicha yetkazib berish muddati buzilsa yoki boshqa muammolar yuzaga kelsa, iste’molchilar hududiy gaz ta’minoti bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.

Fazliddin Ro‘ziboyev.