Uyimizdagi nosoz maishiy gaz ballonlari uchun kim mas’ul?

Bugun tabiiy gaz yetishmagan mahalla va qishloqlar aholisi ro‘zg‘orida maishiy gaz ballonlaridan foydalanishadi. Hududiy gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan aholiga gaz balloni tarqatib chiqishadi. O‘zim ham qishloqda yashayman, ularning xizmatidan doim foydalanaman. Yaqinda gaz ballon olib kelishganida tekshirib olgan edim. Ammo, sezmagan ekanman ostida ignaday teshigi bor ekan. Plitaga o‘rnatgach, qayerdan gaz chiqayotganini uch kungacha topa olmadik. Nihoyat, qishlog‘imizdagi chilangar ustani chaqirib kelgach, ko‘zdan kechirib, aniqlab berdi. Agarda u bo‘lmaganida nimalar bo‘lishini tasavvur ham qilolmayman.
To‘g‘risi, bugungi kunda “maishiy gaz ballon jo‘mragi yaxshi buralmayapti, ballondagi gaz 10 kunga ham yetmadi, gazi kam to‘ldirilibdi, ballonning o‘zi nosoz ekan” qabilidagi savollar bilan murojaat qiluvchilar anchagina. Xo‘sh, aslida tarqatilgan gaz ballonlarining soz yoki nosozligi uchun kim mas’ul? Gaz ballonlarining qachon texnik ko‘rik va sinovdan o‘tkazilganini qanday bilish mumkin? Nosoz gaz ballon qaytarib olingach, sozlanmasdan yana birovga borib qolishiga kim kafolat beradi?
“Hududgazta’minot” AJ “Hududgaz Samarqand”gaz ta’minoti filiali qoshida 6 ta maishiy gaz ballonlarni ta’mirlash va sinovdan o‘tqazish sexlari faoliyat olib boradi. Ular muntazam sinov muddati kelgan yoki ta’mirtalab bo‘lib qolgan maishiy gaz ballonlarini ta’mirlab va katta bosim ostida texnik sinovdan o‘tkazishadi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha 39028 ta maishiy gaz balloni, jumladan, Samarqand gaz to‘ldirish stansiyasidagi ta’mirlash sexida 11470 dona, Urgut gaz to‘ldirish shoxobchasida 7044 ta, Payariqda 3913 dona, Paxtachida 6692 dona va Qo‘shrabot tumanida esa 3257 dona maishiy gaz balonlari ta’mirlanib, sinovdan o‘tkazilib, 25 646 dona jo‘mraklar almashtirilgan.
-Aholiga tarqatilgan maishiy gaz ballonlarida nosozlik aniqlansa, uni faqatgina hududiy gaz to‘ldirish shoxobchalarida joylashgan ta’mirlash va sinovdan o‘tkazish sexlaridagina kamchilikni bartaraf etish mumkin, - deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali suyultirilgan gaz bo‘limi boshlig‘i Ma’ruf Pardayev. - O‘zboshimchalik bilan uni singan yoki yorilgan qismlarini payvandlash, sozlash yoki murvatlarini almashtirishlari mumkin emas. Bu vazifani faqatgina sinov sexlaridagi malakali texnik mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Agar uyingizga olgan gaz balloningizda nosozlik aniqlansa, 104 raqam orqali Koll-markazga qo‘ng‘iroq qilsangiz bas, o‘zlari kelib boshqasiga almashtirib berishadi. Shuningdek, shaxsiy maishiy gaz ballonlarini bozordan yoki qo‘ldan emas balki, maxsus savdo do‘konlaridan olish mumkin. Shunda ham unda sinovdan o‘tganligi to‘g‘risidagi yorlig‘i bo‘lsa xarid qilish mumkin. Chunki Farg‘ona va Buxoro shaharlarida gaz ballonlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda 5 yilgacha sinovdan o‘tkazilganligini bildiruvchi belgi qo‘yiladi.
Hozirda viloyatimiz aholisining ixtiyorida 26 mingdan oshiq shaxsiy gaz ballon bo‘lib, ularni ham hududiy gaz ta’minoti bo‘limlari tomonidan aylanma tara asosida to‘ldiriladi.
Kattaqo‘rg‘on gaz to‘ldirish shoxobchasida joylashgan 5 ta gaz sig‘imlarida 42,5 tonna tabiiy gaz saqlanadi. Tuman aholisi ixtiyorida 39 mingga yaqin maishiy gaz ballonlari bo‘lib ularga kuniga 23 tonna gaz joylab jo‘natiladi. O‘tgan yili korxonalardan ikki xil sig‘imdagi 70 ta yangi ballon qabul qilib olingan. Har oyda mingta yangi jo‘mrak yangilanadi.
Joriy yilda 6652 ta gaz ballonlarini ta’mirlab sinovdan o‘tkazdik, - deydi shoxobcha rahbari Alijon Saidov. – Kuniga 50-60 ta ballon ko‘zdan kechirilib, nosozlari ta’mirlanadi va 20 atmosfera bosim suv bilan sinovdan o‘tkaziladi. Buzuq jo‘mraklar yangisiga almashtiriladi. Sinovdan o‘tkazilganligini bildiruvchi tamg‘a urilib, ranglanadi. Va yana gaz quyilib, mashinalarda aholiga jo‘natiladi.
Biroq xususiy gaz quyish shoxobchalarida bunday imkoniyatlarning yo‘q. Tuman aholisiga “Shuhrat Mundiyon global servis” MChJ tomonidan ham ballonlarga gaz quyish xizmati ko‘rsatiladi. Oyiga 200 tonna gaz tarqatuvchi mazkur xususiy korxonada maishiy gaz ballonlar ta’mirlanib, sinovdan o‘tkazilmaydi. U.Nasriddinov boshqaruvchidagi korxonada maxsus sinovdan o‘tkazish va ta’mirlash sexi yo‘q. Nafaqat korxona ishchilarning balki, aholining ham xavfsizligini ta’minlash ko‘zda tutilmagan. Bu kabi kamchiliklar barcha xususiy korxonalarda uchraydi.
Axir, o‘ta xavfli bo‘lgan gaz to‘ldirilgan ballonlarni ishlatishda yo‘l qo‘yilgan salgina ehtiyotsizlik katta falokatni keltirib chiqarishi mumkin. Buning uchun soha mas’ullari xususiy korxonalar bilan gaz quyish xizmati uchun shartnoma tuzishda shu jihatiga alohida e’tibor qaratishlari kerak. Chunki, yurtimizda inson hayoti barchasidan ustun deb qabul qilingan ekan, aholining xayotini xavf ostiga qo‘ymaslik kerak.
Dilmurod TO‘XTAYeV.