Uch vasiyat

Luqmoni hakim o‘limidan oldin o‘g‘liga uch vasiyat qilibdi: birinchisi – zinhor xotiningga siringni aytma, ikkinchisi – boylikka yangi yetishgan nokasdan qarz olma, uchinchisi – mirshab bilan do‘st tutinma.

Otasi vafot etgach, o‘g‘il bu uch vasiyatni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Bozordan bir qo‘y oldi-da, so‘yib qopga soldi. Og‘zini mahkam bog‘lab, uyga keltirdi. Xotini so‘radi:

– Bu qopda nima bor?

– Birovni bexos o‘ldirib qo‘ydim. Izni yo‘qotish uchun uni qopga solib olib keldim. Eringdan ayrilib qolishni istamasang, zinhor bitta-yarimtaga gullab qo‘yma, – dedi.

Keyin yangi boyigan kishidan qarz oldi. Mirshab bilan do‘st tutindi.

Bir kuni xotini bilan gapi qochib, uni tutib urgan edi, yetti mahallani boshiga ko‘tardi:

– Voy-dod, musulmonlar! Erim odam o‘ldirib o‘rgangan, endi meni ham o‘ldirmoqchi!

Bu gapni darhol hokimga yetkazdilar.

– Qochib qolmasidan uni qo‘lga olinglar, – deb buyurdi hokim.

– Uni kim tutib keladi? – deyishganida mirshab:

– Men uning uyini bilaman, – dedi. – O‘zim tutib kelaman.

– Ey do‘stim, meni qo‘yib yubor, qochib ketay, – deb iltimos qildi u. Lekin mirshab ko‘nmadi.

Voqeadan xabar topgan yangi boy o‘pkasini qo‘ltiqlab keldi:

– Qarzingni to‘lab qo‘y, qamalib yoki o‘lib ketsang, men pulimga kuyib qolaman.

Birovdan olib, uning pulini to‘ladi.

Mirshab uni hokim huzuriga olib bordi. Hokim uni tanib:

– Luqmonday odamning o‘g‘liga shu ish munosibmi? – dedi.

– Ruxsat ber, o‘sha qopni olib kelishsin, – iltimos qildi u.

Qopni olib kelib, hokimning qoshida ochdilar – so‘yilgan qo‘y chiqdi.

– Nima gap o‘zi? – dedi hokim. – Tushuntirib bersang-chi?

U bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni hikoya qilib berdi:

– Otam menga uch vasiyat qilgan edi. Sinab ko‘ray deb shu ishlarni qildim. Otamning hamma gaplari rost chiqdi.