Arzonga sotmang!

Bir kuni shoh vaziri bilan qishloqni aylanib qolibdi. Sayrda ikkovlon bir keksa cholga ro‘baro‘ kelibdi. Podshoh qariya bilan salom-alikdan keyin suhbat boshlabdi.

— Ikkitaning ahvoli qanday?

— Uchta bo‘lishdi.

— Kuchlining ahvoli qanday?

— Zaiflashib qoldi.

— Uzoqning ahvoli qanday?

— Yaqin bo‘lib qoldi.

— Arzonga sotmang.

— Aytib qo‘ymang.

Podshoh bilan qariya o‘rtasida gap shu alfozda davom etar ekan, vazir bu gaplarning birortasiga ham tushunmay hayron bo‘lib turardi. Podshoh shu yerda suhbatni tugatib yo‘lda davom etdi. Podshoh shaharni aylanib bo‘lib qasrga kirib ketgach, vazir shosha-pisha cholning oldiga yuguribdi. Podshoh bilan bo‘lgan gapning ma’nosini bilish uchun choldan birma bir so‘rabdi.

Chol vazirning savoliga javob berish evaziga pul talab qilibdi. Shunda vazir unga ming dirham bertbdi. Chol javob beribdi:

— Podshoh aytgan ikkita bu, ikki oyog‘im. Uchta bo‘ldi deganim, yoniga aso ham qo‘shildi, deganim.

Ikkinchi savolga javob berish evaziga chol yana ikki barobar haq to‘lashini talab qilibdi. Vazir cholga ikki ming dirham beribdi.

— Kuchli degani, quloq edi. Eshitish zaiflashib qoldi, dedim.

Uchinchi savolga javob berish uchun chol yana ikki baravar pul talab qilibdi. Noiloj vazir to‘rt ming dirham beribdi.

— Uzoq degani, ikki ko‘zim, hozir yaqinni zo‘rg‘a ko‘ryapti, dedim.

Vazir to‘rtinchi savolga javob so‘raganda chol javob berishdan bosh tortibdi va agar bor pulining hammasini bersa, shundagina aytishi mumkinligini aytibdi. Vazir noiloj, bor mablag‘ining hammasini cholga beribdi. Chol:

— Arzon sotmagin degani, podshoh seni mendan ushbu ma’lumotlarni so‘rab kelishingni bilar edi. Shunda bu ma’lumotlarni arzonga sotmagin, degan edi. Mana, qimmatga sotdim, — deb javob bergan ekan.