Ko‘chada - o‘tinchi, uyda - sulton
Qadim zamonda bir o‘tinchi yashar ekan. U har kuni tog‘dan o‘tin terib kelar, shaharda sotib, shundan topgan rizqi bilan xotini va o‘g‘illarini boqardi. Lekin o‘g‘illari otalarining oddiy o‘tinchi ekanidan uyalishardi.
Otasidan or qiladigan bu bolalardan farqli o‘laroq, o‘tinchining xotini juda aqlli va itoatgo‘y ayol edi. U har kuni erini quvonch bilan intiq kutib olar, charchab kelgan kuni ham shirin so‘zlar bilan kutardi. U darhol qo‘liga suv quyib, sochiq tutar, asbob-uskunalarini tozalardi. Dasturxon yoyib, choy quyib, ovqatini ham tezda tayyorlab berardi.
Eri topib kelgan har bir tiyinni qimmatbaho ne’matdek qabul qilar va doimo:
— Bugun odatdagidan ham ko‘p pul topibsiz! — deb erining quvonchini oshirardi.
Eri “Bugun ozroq topibman”, degan kunlari esa:
— Hech xafa bo‘lmang, barakasini bersin. Bugun kam bo‘lsa, ertaga Alloh ko‘prog‘ini berar, — deb uning dilini ko‘tarib qo‘yardi.
Bir kuni o‘g‘illari onasidan hayron bo‘lib so‘rashdi:
— Ona, otamiz oddiy o‘tinchi-ku, nima uchun uni bu qadar hurmat qilasiz?
— Har kelganida o‘zingizni qo‘yarga joy topolmay qolasiz! — dedi kattasi.
— Hatto otamizning oyoqlarini ham o‘zingiz yuvib qo‘yasiz, — dedi kenjasi.
— Biz esa uning o‘tinchiligidan uyalamiz, — deb yakdil aytishdi.
Ona esa ularga mehr bilan qarab dedi:
— Eh, bolalarim... Otalaringiz ko‘chada o‘tinchi bo‘lsa ham, uyda — haqiqiy Sulton.