Alisher Navoiy qanday kasallikdan vafot etgan?
She’riyat mulkining sultoni 1501 yil 3 yanvarda Hirotda vafot etgan edi.
Astroboddan kelayotgan podshoh hazratlari Xo‘ja Abbos mavzesiga kelganda taxtiravondan tushdi. Negaki, uni bir umrlik do‘sti kutib olayotgandi. Ammo negadir do‘sti podsho bilan diydorlashmoq uchun otdan tushib kelayotsa-da, yurishga quvvati qolmayotganday ko‘rindi. U bir qo‘lini Xo‘ja Abdulloning yelkasiga, ikkinchi qo‘lini Xondamirning kiftiga qo‘yib taxtiravonga yaqinlashdi va podshoh hazratlarining qo‘lini o‘pdi-yu, holsizlanib yerga o‘tirib qoldi. Behush bo‘lib qolgan kishi Mir Alisher Navoiy hazratlari edi.
Bolalikdan birga voyaga yetgani bois vaqt o‘tib podshoh va vazir darajasiga chiqqan Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy do‘stligi umrbod davom etdi. Alisherning oilasi va qarindosh-urug‘lari temuriylar xonadoniga yaqin amaldorlardan bo‘lib, otasi G‘iyosiddin Kichkina Abulqosim Boburning saroy amaldorlaridan, keyinroq esa Sabzavor shahriga hokim ham bo‘lgandi. Bu holat aka-ukalar Baxlulbek, Alisherbek va Darveshalibeklarning bolalikdan temuriy shahzodalar bilan maktabda o‘qishiga sabab bo‘ldi.
Garchi Xurosonda toju taxt uchun bo‘lgan kurashlar bois G‘iyosiddinlar oilasi Iroqqa ko‘chsa-da, Alisher yoshligida Mashhad va Samarqanddan Hirotga kelib, avvaliga saroyda muhrdor, keyin vazir, Astrobod hokimi bo‘lib ishladi. Navoiyning akasi Shayx Baxlulbek o‘sha vaqtda Xurosonga qarashli bo‘lgan Xorazmning, ukasi Darveshali Balx viloyatining hokimi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgandi. G‘iyosiddinning uchala o‘g‘li — Baxlulbek, Alisherbek va Darveshalibeklarning viloyatlarga hokim bo‘lishi Husayn Boyqaroning ularga bo‘lgan ishonchu e’tibori tufayli edi.
Ammo hamma davrlarda bo‘lganidek, saroy o‘yinlari tufayli ba’zida oralarida kelishmovchilik, bir-birini tushunmaslik holatlari ham bo‘lib turardi. Garchi Navoiy butun umrini ijodga baxshida qilish niyatida egallab turgan mansablaridan bir necha bor iste’foga chiqqan bo‘lsa-da, Husayn bilan bolalikdan do‘stligi sabab, saltanat ishlaridan uzoqlashib ketolmasdi. Unga podshoh in’om qilgan ko‘plab yer-suv, mol-mulkni ham turli mavzelarda 52 rabot, 16 ko‘prik, 20 xonaqoh, 9 hammom va 20 ta hovuz tashkil etishga sarfladi. O‘n sakkiz ming shoxruxiy dinordan iborat bir kunlik daromadiniyam xayr-saxovatga bag‘ishladi. Hatto saltanat yumushlari deb haj ziyoratiga borish ham yildan-yilga ortga surilardi.
Vaqt o‘tib, Husayn Boyqaro saltanati ham shahzodalar o‘rtasidagi jangu jadallar tufayli beqaror holatga borib qolgandi. Xususan, Navoiy Mashhadda bo‘lgan paytida kelgusida adolatli hukmdor bo‘ladi, deya orzu qilgan shahzoda Mo‘min Mirzoning 1497 yil o‘ldirilishi, Badiuzzamon va Husayn Boyqaro o‘rtasidagi mojarolarni avjiga chiqardi.
Shuningdek, Alisherning farzandi kabi yaqin bo‘lgan jiyani Haydarbekning 1499 yilda davlatdan norozi kayfiyatdagi kishi sifatida qatl etilishi, ukasi Darveshalining Balx hokimligidan bo‘shatilishi, malika Xadichabegimning turli fitna va ig‘volari tufayli saltanatdagi o‘zaro nizolarning kuchayishi 1500 yilga kelib Alisherbekning sog‘ligiga katta ta’sir qilib, dekabr oyidan o‘zini yomon sezadigan, bosh og‘rishi, qo‘l titrog‘i tez-tez bezovta qiladigan bo‘ldi. Bu paytda daho shoir 59 yoshda bo‘lib, kasalligiga qaramay, hamisha mo‘ysafidlardek hushyor va dono edi.
Shu bois Husayn Boyqaroning isyon ko‘targan o‘g‘li Muhammad bilan yarashganidan xursand bo‘lib, 1500 yil jumodul-oxir oyining 6-sanasida, xabar kelgan zahoti bir guruh amaldorlar bilan yo‘lga chiqdi. Juma kunida ular otda Xo‘ja Abbos mavzesida podshohni kutib oldilar va shu yerda Navoiy hazratlari hushidan ketdi.
Bundan tashvishlangan Husayn Boyqaro do‘stini taxtga yotqizib, Xo‘ja Abdulloga bemorning holidan xabardor bo‘lib turishni topshirdi. Navoiyning tashqi ko‘rinishi va tomir urishida sakta alomatlari ko‘rinib qolgandi. Sakta — insult yoki boshqacha aytganda, miyaga qon quyilishi edi. Buning davosi esa qon olish bo‘lgan.

Bir guruh tabiblar kasaldan shu yerning o‘zida qon olishni taklif qilishadi. Ammo saroy tabibi bo‘lgan Nizomiddin Abdulhay biron xato bo‘lishi mumkinligini, shoirni Hirotga olib borib, o‘sha yerda qon olishni afzal hisoblaydi.
Bu fikrni Husayn Boyqaro bemor uchun mas’ul deb belgilagan Xo‘ja Abdullo ham ma’qullagach, behush holatdagi Navoiy hazratlarini Hirot tomon olib ketadilar.
Yo‘lda kasallik alomatlari kuchaygach, Xondamir (1475-1535) Xo‘ja Abdulloga, agar qon olish kechiktirilsa, davolashdan foyda bo‘lmasligini aytadi. Shunda Xo‘ja Abdullo bemor holini ko‘ra turib, Husayn Boyqaro huzuriga — Hirotga chopar yo‘llab uning fikrini so‘raydi. Boyqaro kech bo‘lsa-da qon olishni buyuradi. Ammo chopar kelib bu amrni yetkazgunicha, qolaversa, qon oluvchini yigirma chaqirim olisdan olib kelguncha vaqt o‘tgandi. Ya’ni, qon olganlarida 320 grammdan ortiq qon chiqmaydi. Shu taxlit kasalligi zo‘raygan Navoiyni juma kuni yarim kechada uyiga olib kelishadi. Ertasiga shanba kuni esa ikkinchi bor tabiblar qon olmoqchi bo‘ladilar. Biroq, fursat boy berilgandi. Bu paytda do‘stini ko‘rgani yetib kelgan Boyqaro ham bemorni behush holda ko‘rib, vaqt o‘tganini anglaydi. Ertasiga yakshanba kuni tongda esa buyuk mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy miyaga qon quyilishi kasalligidan vafot etdi. Bu ma’shum voqea 1501 yil 3 yanvar kuni Hirotda ro‘y beradi.
Qo‘rqoqlik zamiridagi xato
Sakta (miya insulti) kasalligining to‘satdan yuz berishi oqibatida Alisherbek hushidan ketdi. O‘sha joyda bo‘lgan Xuroson podshohi Husayn Boyqaro, bir qancha amaldorlar, tabiblar va saroyning bosh tabibi Abdulhay Ziyoratgohiy Navoiy hayotini ajal domidan saqlab qolishga kirishdilar. Ammo nafaqat tabiblarga, balki oddiy kishilarga ham ma’lum bo‘lgan holat — sakta yuz berganida birinchi navbatda bemordan qon olish kerakligiga bosh tabib amal qilmadi. Xo‘sh, bunday kechirilmas xatoga yo‘l qo‘ygan saroy bosh tabibi Abdulhay kim va u nega bu mudhish ishni qilgan?
Ma’lumki, Navoiyning hushidan ketishi 906 yilning jumodil-oxir oyida—milodiy 1500 yil dekabrida, do‘sti Husayn Boyqaro Astrobod yurishidan Hirotga qaytayotganida yuz bergan. Ya’ni, Navoiy hazratlari hukmdor Boyqaro janoblarini kutib olishga peshvoz chiqqan edi.
Ajablanarlisi shundaki, do‘sti Alisherbek to‘satdan behush bo‘lib qolganida, podshoh Boyqaro uni tabiblarga topshirib, o‘zi Pariyon rabotiga yo‘l olgan.
Xondamirning «Makorim-ul-axloq» asarida yozilishicha, podshoh ketayotganida amaldor Xo‘ja Abdulloga Navoiyning holidan xabar olib turishni topshirib, o‘z taxti ravoni — mixaffani qoldiradi. Mixaffa — yotib ketish ham mumkin bo‘lgan kajava bo‘lib, uning ikki tomoniga ot qo‘shib yurilardi. Xo‘ja Abdullo Navoiyni ana shu mixaffaga yotqizib, uzoqdagi Hirotga yo‘l oldi. Vaholanki, shu yerda hozir bo‘lgan tabiblar birinchi yordam sifatida kasaldan qon olishni maslahat berdilar. Biroq Xo‘ja Abdullo bosh tabib Abdulhayning Navoiyni Hirotga olib borib, boshqa tabiblarni ham yig‘ib, ularning ham fikrini tinglab, keyin biror davo chorasini toparmiz, degan taklifiga ko‘ndi.
O‘sha joyda bo‘lgan tabiblar, amaldor va tarixchi Xondamir esa Abdulhay va Xo‘ja Abdulloga Ibn Sinoning sakta kasali yuz berganida, birinchi navbatda qon olish kerakligini, keyin bemor asta-sekin o‘ziga kelib, tuzala boshlashini yozganligini aytishadi. Ammo Abdullo bosh tabib Abdulhayning fikriga tayanadi va Navoiyni olib Hirot tomon yo‘lga tushdi.
Xondamir «Habib us-siyar» asarida katta xatoga yo‘l qo‘ygan saroy tabibini «tabobatdan lof urib yuruvchi» mavlono Abdulhay Ziyoratgohiy», deb ta’riflaydi. Haqiqatan ham, nahotki Xurosonning bosh davlat tabibi bo‘lmish ul zot sakta yuz berganida qon olish kerakligidan bexabar bo‘lgan? Tabiiyki, tabiblik faoliyatini qishloqda boshlab, Xurosondek katta davlatning bosh tabibi bo‘lish darajasiga borgan Abdulhay o‘z faoliyati davomida yuzlab bemorlarni, shuningdek, sakta kasaliga uchraganlarni ham davolagan, Ibn Sinoning «Tib qonunlari»ni o‘qigan. Zero, o‘sha vaqtda tabobat bilan shug‘ullanuvchi kishi uchun ustozining o‘gitlariga amal qilibgina qolmay, Ibn Sino asarlarini o‘qish, o‘rganish o‘ziga xos qoidaga aylangandi. Shunday ekan, Abdulhaydek saroy bosh tabibi sakta kasali yuz berganida, bemordan birinchi bo‘lib qon olish kerakligini bilmasdi, deb bo‘lmaydi. Xo‘sh, unda nega u bemorni Hirotga olib borgachgina davolash kerak, deb xatoga yo‘l qo‘ydi?!
Balki podshoh do‘stining kasali og‘irlashsa, javobgarlik bo‘yniga yuklanishidan cho‘chigandir?! Xo‘sh, u nega ikkilanib, Hirotga borishni ma’qul ko‘rdi? Vaholanki, saktaga qarshi ikkita chora bo‘lsagina birini tanlashga qiynalib, ikkilanishi, mas’uliyatidan, podshoh qahridan qo‘rqishi mumkin edi. Biroq yagona chora qon olish shart bo‘lgan.
Shunday sharoitda Navoiy hazratlari mixaffada Hirot tomon olib ketilarkan, ahvoli g‘oyat og‘irlashdi. Xondamir bemor uchun podshoh mas’ul qilgan Xo‘ja Abdulloga agar hozir qon olinmasa, keyin davolashga chora qolmasligini aytdi. Xo‘ja Abdullo esa o‘n sakkiz kilometr uzoqda bo‘lgan Husayn Boyqarodan maxsus buyruq kutdi. Chopar podshoh huzuriga borib, qaytib kelgunicha bemorning ahvoli og‘irlashib, kasallik zo‘rayib ketgandi. Fursat qo‘ldan ketgani va podshoh rozilik bildirgani bois, tabiblar qon olganlarida 300-350 grammdan ziyod qon chiqmadi. Kechikib qo‘llanilgan chora yordam bermagach, Navoiy Hirotga olib kelinib, uyiga yotqizildi. Undan yana qon olishga harakat qilishdi. Ammo vaqt o‘tgan edi. Shundan so‘ng ahvoli og‘irlashgan do‘stini ko‘rgani kelgan Boyqaro butunlay behush yotgan Navoiyning oldida ko‘z yoshi to‘kdi.
Shu o‘rinda savollar tug‘iladi. Nahotki, Xuroson hukmdori uchun hushidan ketgan do‘stini amaldor va tabiblarga topshirib, Pariyon rabotiga ketish shunchalik zarur bo‘lsa? Balki, o‘sha damda podshoh Navoiy yonida bo‘lib, tabiblar qon olishni taklif qilganida ko‘nar, ehtimol Navoiy hazratlari tuzalib ketarmidi? Axir Xondamir aytganidan so‘ng Boyqaroga chopar yuborilganida, bemor do‘sti bilan podshoh turgan makon orasidagi masofa atigi o‘n sakkiz kilometr ekan-ku! Do‘stining holidan xabar olib, davo choralari qo‘llangach, Hirotga birga borsayam bo‘lardi-ku! Umuman, faqat o‘zining aytganini afzal bilib, boshqalar fikriga tayanmaydigan, quloq solmaydigan Abdulhaydek tabib davlatning bosh tabibi bo‘lishi, Navoiy o‘limidan keyin ham «xato»si e’tiborga olinmay, lavozimida qoldirilishi, faylasuf shoir — Xuroson hukmdorining siyosatda mantiqsiz ish yuritganini anglatmaydimi?
Xullas, savollar bisyor. Tarixga faqat bugungi kunda tug‘ilgan savollar bilan yondashib bo‘lmaydi, albatta. Ammo, XVI asrdayoq, Xondamirda shunga o‘xshash savollar tug‘ilgan va «Habib us-siyar»da aks etgan ekan, bu «tabobatdan lof urib yuruvchi» Abdulhay Ziyoratgohiy katta xatoga yo‘l qo‘yganini ko‘rsatadi. Mudhish xato, qolaversa, taqdiri azal sababli, buyuk mutafakkir va davlat arbobi Navoiy hazratlari 1501 yil 3 yanvar kuni vafot etdi.
Navoiy o‘ziga qabr tayyorlatganmidi
Do‘stining kutilmaganda vafot etishi Bayqaroga shunchalik og‘ir ta’sir qildiki, u ancha vaqtgacha o‘ziga kelolmay yurdi. 1501 yil 3 yanvardan 6 yanvargacha do‘stining uyida aza tutib o‘tirdi. Barcha ma’rakalarga o‘zi bosh bo‘ldi. Uning uchun Hirotdagi eng tabarrruk ziyoratgoh qadamjo ham Sari Puli Injil jome’ masjidi hovlisidagi qabr bo‘lib qoldi. Zero, bu yerga buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy hazratlari dafn etilgan edi.
Qadim Hirotning xushmanzara muxtor tog‘ yon bag‘rida joylashgan Musallo (Namozgoh)da Xuroson hukmdori Husayn Boyqaro ko‘plab me’moriy obidalar bunyod qildirgandi. Ularning aksariyati esa Mir Alisher hazratlari boshchiligida barpo etilgan edi. Bu joylar Alisherbek uchun qadrdon go‘shaligining sababi, Musallo atrofidagi Baliqli bulog‘i yonida amakisi Haydarbekning hovlisi bo‘lib, u yoshligidan ma’rifatli amakisi bilan gurunglashgani bu yerga tez-tez kelib turardi. Vaqt o‘tib, Xuroson davlatida muhrdor, vazir va hokim darajasiga yetishgach esa bor boyligiga qator inshootlar barpo ettirdi.
Ayniqsa, Musallodek so‘lim joyda Navoiy hazratlari masjidi jome’, «Shifoiya» shifoxonasi, «Dor ul-xuffoz» (qorilar) madrasasi, «Safoiya» hammomi, Injil arig‘i yoqasida esa «Xalosiya» xonaqohi hamda «Ixlosiya» madrasasini bunyod ettirgandi.
Qolaversa, umri o‘tgani sayin Alisherbek mahzun xayollar og‘ushida yuradigan bo‘ldi. O‘zi «Mahbub ul-qulub» asarida yozganidek, "Bu xoksor va parishon ro‘zg‘or kamina bolalikdan to qarilikka qadar, ko‘hna davron voqealaridan, aylanuvchi osmon hodisalaridan, fitna qo‘zg‘ovchi buqalamunligidan, tovlamachiligidan, zamonaning rang singari gunogunligidan ko‘p vaqt va uzoq muddat har xayol va taraddudlar bilan ovora bo‘lib yurdim..."
Ana shunday «taraddud»lardan biri issiq jon emasmi, qolaversa, o‘limini bo‘yniga olmagan musulmon emas, deganlaridek o‘ziga qabr tayyorlatish bo‘ldi. Alisher Navoiyning o‘ziga tirikligida qabr tayyorlatishi zamondoshlarini hayratlantirgan, bu holning sababini tushuna olmaganlar ham bo‘lgan.
Negaki, Alisherbek o‘ziga Hirotning Rizaviya bog‘i hovlisida, Abdulla Ansoriy mozorida, Sa’diddin Koshg‘ariy mozorida va o‘zi soldirgan Sari Puli Injil masjidi jome’ hovlisidan qabr tayyorlatib qo‘ygandi. Navoiyning to‘rtta joydan o‘ziga qabr tayyorlatgani, hatto Abdurahmon Jomiyni ham taajjubga soldi.
O‘sha davrda yashab ijod etgan Faxriddin Ali Safiyning «Latoif ut-tavoif» asarida yozilishicha, ba’zilar Jomiyga Alisherbekning qabr tayyorlatib qo‘yganini aytib berishganida, u «Mir Alisher bu qabrlarning qaysi birida yotmoqchi ekan o‘zi» deya mutoyiba ham qilgan ekanlar.
Tabiiyki, Navoiyning qabr tayyorlatgan maskanlari hirotliklar uchun eng tabarruk joylar edi. Xoja Abdulla Ansoriy «Piri Hirot» deya dovrug‘ taratgan peshvo bo‘lib, ko‘plab hirotliklar o‘sha maskanga dafn etilishini vasiyat qildilar. Rizaviya bog‘i ham Hirotdagi eng muqaddas joy hisoblangan. O‘z vaqtida naqshbandiya hojalarining xalifasi bo‘lgan Mavlono Sa’diddin Koshg‘ariy mozori ham "tabarruk" maskan edi.
To‘rtinchi qabr tayyorlangan joy «Sari Puli Injil» masjidi jome’ hovlisi ham Navoiyning tez-tez tashrif buyurib turadigan qadamjolaridan bo‘lgan. Umuman olganda, Navoiy hazratlari mo‘min-musulmon banda sifatida qayerga borsa, oldiniga tabarruk qadamjolarni ziyorat qilardi. Hirotdagi o‘ziga qabr tayyorlatgan joylar ham Navoiy hazratlari muntazam ziyorat qilib turadigan maskanlardan bo‘lgan. Hatto, Alisherbek hajga boraverishi ortga surilaverib, islomning beshinchi farzi armonga aylanajagini anglagach, do‘sti Husayn Boyqarodan Xoja Abdullo Ansoriy ziyoratgohining jorubkash (supuruvchi)ligini ham so‘rab olgandi. Navoiy bu qadamjoga kelib, Ansoriy maqbarasi atroflarini supurib ketardi. Keyinchalik esa bu yerda xonaqoh qurdirib, tevarak-atrofni yana ham obod qildi.
1501 yil 3 yanvarda Alisher Navoiy miyaga qon quyilish kasalligidan vafot etgach, qarindosh-urug‘lari uni Sari Puli Injil masjidi hovlisidagi oldindan o‘zi tayyorlatib qo‘ygan qabrga dafn etishadi. Keyinchalik Navoiy dafn qilingan masjidi jomeni hirotliklar «Qudsiya», ya’ni muqaddas joy deya ataydigan bo‘ldilar.
Umid Bekmuhammad.