"Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay"
Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘i ertalabdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchilar, shoirlar, talaba va o‘quvchilar bilan gavjum bo‘ldi.
Buyuk mutafakkir tavalludining 582 yilligi munosabati bilan bog‘ markazida o‘rnatilgan Alisher Navoiy haykali poyida tadbir o‘tkazildi. Unda buyuk bobokalonimizning hayoti, boy madaniy merosi va bugungi kunda yoshlar tarbiyasidagi o‘rni xususida fikr yuritildi. Hazrat Navoiy asarlari dunyo xalqlarining bebaho ma’naviy merosiga aylangani qayd etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Farmon Toshev va Xosiyat Bobomurodova, SamDU professori Erkin Musurmonov Alisher Navoiyning turkiy til va adabiyot rivojidagi tilshunosligidagi o‘rni, uning asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda talabalar tomonidan Navoiy g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.
Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan Hazrat Navoiy siymosi aks ettirilgan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Shoir haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Tadbir Samarqand shahridagi Konsert zalida badiiy kecha bilan davom etdi.