Alisher Navoiyning terma devoni Eronda saqlanyapti

Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashabbusi va homiyligida bir guruh o‘zbekistonlik navoiyshunos olimlar uchun Eron Islom Respublikasiga ilmiy ekspeditsiya tashkil qilindi. Ishtirokchilar safar davomida Mashhad, Tus, Gurgon (qadimgi Astrobod) va Gunbadi Kovus shaharlarida bo‘lishdi.

Ekspeditsiya tarkibida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidan professor D.Yusupova, dotsent K.Mullaxo‘jayeva, Samarqand xalqaro texnologiya universitetidan kamina hamda tadqiqotchilar F.Mamarajabov va D.Jalilova ishtirok etib, temuriylar davri madaniyati, ilmi va adabiyoti bilan bog‘liq manbalarni o‘rgandi hamda turkiy tildagi qo‘lyozmalar bilan tanishdi.

Mashhad — ma’naviyat va ilm maskani

Dastlab olimlar Mashhad shahridagi Ostoni Qudsi Razaviy “Kutubxonalar, muzeylar va hujjatlar markazi”da bo‘ldi. Bu yerda o‘zbek va eronlik olimlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazilib, Alisher Navoiyning Xuroson madaniy hayotidagi o‘rni, temuriylar davrida Mashhadning obodonchiligi va uning taraqqiyoti muhokama etildi.

Markaz direktori, doktor Sayid Jalol Husayniyning ta’kidlashicha, temuriylar hukmronligi yillarida Mashhad shahrida katta ishlar amalga oshirilgan.

— Qurg‘oqchilik avj olgan bir paytda Sulton Husayn Boyqaro va uning yaqin do‘sti, vaziri Alisher Navoiy shaharga suv tortib keltirganlar, ayvon qurdirganlar, — dedi u. — Bu ayvon hozirgacha “Ayvoni Navoiy” nomi bilan mashhur. Hatto Navoiy tortgan suv chashmasi hanuz Imom Rizo harami markazida odamlarga xizmat qilmoqda.

Markaz kutubxonasida ikki millionga yaqin kitob saqlanadi, shulardan yuz ming nusxasi qo‘lyozmalardir. Eng qadimiy nusxa — ming yillik tarixga ega Qur’oni Karim bo‘lib, uning faksimile nusxasi o‘zbek olimlariga ko‘rsatildi.

O‘zbekistonlik olimlar kutubxona xazinasida turkiy tildagi 400 dan ortiq qo‘lyozma mavjudligini aniqladilar. Ular orasida ikki turkiy Qur’on tarjimasi va tafsiri, duolar to‘plami va mumtoz adabiyot asarlari bor. Tanlab o‘rganilgan qo‘lyozmalardan biri Alisher Navoiyning terma devoni ekanligi ma’lum bo‘ldi. Devon Navoiyning “Xazoyin ul-ma’oniy” to‘plamidagi mashhur: “Ashraqat min aksi shamsil ka’si anvorul xudo, Yor aksin mayda ko‘r deb jomdin chiqdi sado”, deb boshlanuvchi g‘azali bilan ochiladi. Devonning ayrim sahifalari yo‘qolgan bo‘lsa-da, XIX asrda kitobat qilingan qimmatli adabiy manba sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Tus — Firdavsiy va G‘azzoliy izlarida

Mashhaddan keyin olimlar Tus shahriga yo‘l oldi. Firdavsiy maqbarasi hamda buyuk mutafakkir, “Mukoshafat ul-qulub” asari muallifi Abu Homid G‘azzoliy qabri ham ziyorat qilindi. Qabr atrofida hali ilmiy jihatdan o‘rganilishi lozim bo‘lgan bir necha yangi topilgan qabrlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, olimlar Nosiruddin Tusiy qurdirgan “Rodkon” minorasiga bordilar. XIII asrda barpo etilgan bu minora astronomiya tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, keyinchalik Marog‘a rasadxonasiga ilmiy zamin bo‘lgan.

Gurgon — Navoiy hokimlik qilgan diyor

Ekspeditsiya ishtirokchilari Gurgon (qadimgi Astrobod) shahridagi qator tarixiy obidalarni o‘rgandi. Olimlar dastlab Gunbadi Kovus shahrida “Qobusnoma” asari muallifi Kaykovus maqbarasini ziyorat qildilar. Keyin Oq-taqa qishlog‘ida Maxtumquli Firog‘iy qabrida bo‘lib, shoir xonadoni va bog‘i hanuz mahalliy aholi e’tiborida ekanligiga guvoh bo‘lishdi.

Astrobod shahrida saljuqiylar hukmronligi davrida qurilgan va keyinchalik Mirzo Ulug‘bekning onasi Gavharshodbegim tomonidan ta’mirlangan jome masjidi olimlarda katta taassurot qoldirdi. Masjid hovlisi keng sahnli, to‘rt peshtoqli bo‘lib, qibla tarafidagi peshtoqqa hokimlar tayinlanishiga oid yozuv lavhalari o‘rnatilgan. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, ayni shu lavhalar orasida Alisher Navoiyning Astrobod hokimi sifatida tayinlanish farmoni ham bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Masjid hozir faoliyat ko‘rsatmoqda. Rivoyatlarga ko‘ra, masjid ta’mirlanish jarayonida uning hovlisi ostida Gavharshodbegim vaqf etgan oltin tangalar topilgan va ular ta’mir ishlariga sarf etilgan.

Bastom — Boyazid avliyoning muqaddas qadamjosi

Ekspeditsiya a’zolari Astroboddan keyin ko‘hna Bastom shahriga yo‘l olishdi. Bu yerda Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida zikr etilgan ulug‘ avliyo Boyazid Bastomiy majmuasi ziyorat qilindi. Majmua saljuqiylar davrida barpo etilgan bo‘lib, kufiy xat bilan bezatilgan mehrobi, “Qimirlovchi minora”si bilan ajralib turadi.

Boyazid Bastomiyning vasiyatiga ko‘ra, qabri ustiga maqbara qurilmagan, aksincha u yerga yomg‘ir, qor va quyosh nuri tushib turgan. Majmua yonida temuriy sulton Shohruxmirzo tomonidan qurilgan Shohruxiya madrasasi joylashgan bo‘lib, bu inshoot temuriylar me’morchiligi va ilmga bo‘lgan e’tiborining yorqin namunasidir. Madrasa ikki qavatli, 28 hujradan iborat. Unda masjid, ayvon va “zo‘rxona” mavjud bo‘lib, jismoniy va ma’naviy tarbiya birlashgan holda tashkil etilgan.

Sangbast — Navoiy qurdirgan karvonsaroy

Ekspeditsiya davomida Mashhaddagi Ostoni Qudsi Razaviy kutubxonasida 120 dan ortiq olimlar ishtirokida ilmiy seminar o‘tkazildi. Unda Alisher Navoiyning temuriylar davri madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissasi, uning ma’naviy merosi va insonparvar g‘oyalari muhokama qilindi. Shundan so‘ng ekspeditsiya Sangbast majmuasiga yo‘l oldi. Bu yerda Amir Arslon Jozib maqbarasi, Ayoz minorasi va Sangbast karvonsaroyi joylashgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Amir Alisher Navoiy vayronaga aylangan Arslon Jozib raboti yaqinida yangi karvonsaroy qurdirgan. Bu karvonsaroy Ipak yo‘lining muhim bo‘g‘ini bo‘lib, Bag‘dod, Nishopur, Saraxs, Marv, Buxoro va Samarqand shaharlarini bog‘lab turgan. Karvonsaroy markaziy hovli, hujralar, otxona va xizmat xonalaridan iborat bo‘lib, devorlari mudofaa maqsadida minoralar bilan bog‘langan.

Mazkur karvonsaroyning ahamiyati shundaki, u Sharqiy Eronning muhim savdo yo‘llarida joylashib, karvonlar uchun muhofazali to‘xtash maskani vazifasini bajargan. Vaqt o‘tishi bilan bu yerda zindon barpo etilgan va Eron-Iroq urushi davrida karvonsaroy binosi ham asirlarni saqlash uchun zindonga qo‘shib olingan. Hozirgi paytda ta’mirlanib ziyoratchilar uchun ochilgan.

Aytish joizki, ekspeditsiya natijasida turkiy tildagi 400 dan ortiq qo‘lyozma aniqlandi, ulardan biri Alisher Navoiyning terma devoni ekani ilmiy jihatdan tasdiqlandi. Shuningdek, temuriylar davri ilm-fani, san’ati va me’morchiligiga oid qator yangi ma’lumotlar to‘plandi. O‘zbek olimlari bu kashfiyotlarni ilmiy iste’molga kiritish, Navoiy davri madaniy merosini yanada chuqur o‘rganishni maqsad qilgan.

Umidullo Mahmudov,

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi rahbari.