Eronda vaziyat keskin: hukumat nazoratidan chiqqan ilk shahar

Ko‘cha namoyishlari Eron uchun yangilik emas, ammo bu galgi noroziliklar bir qator yangi omillar bilan birga kechmoqda. Bu esa vaziyatni o‘ta jiddiy tus oldirmoqda.

Eron politsiyasi va boshqa kuch ishlatuvchi tuzilmalar boshidanoq qattiqqo‘llik bilan harakat qilishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha kamida 30 nafar odam halok bo‘lgan. Kuch ishlatuvchi tuzilmalar jangovar o‘qlar, suv sochuvchi mashinalar va ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalanmoqda, ammo namoyishlarni bostirishning imkoni bo‘lmayapti.

Hozir barcha AQSh prezidenti Donald Tramp qanday qadam tashlashini kutmoqda. Gap shundaki, AQSh prezidenti namoyishlarning dastlabki kunlaridayoq agar Eron hukumati namoyishchilarni o‘ldirishda davom etsa, aralashuv bilan tahdid qildi. Shundan so‘ng AQSh Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘lga oldi, ertasi kuni esa Tramp Eron hukumatiga yana bir bor tahdid qildi.

AQShning amaldagi prezidenti namoyishlar hali davom etayotgan bir paytda bunday ochiq-oydin tahdidlar bilan chiqishi ancha g‘ayrioddiy holat hisoblanadi. Bu esa namoyishchilarni ruhlantirishi va namoyishlarning mamlakat bo‘ylab kengayishiga turtki berishi mumkin.

Boshida noroziliklarga narxlarning keskin oshishi va Eron rialining AQSh dollariga nisbatan keskin qadrsizlanishi bo‘ldi: bir yil ichida dollar taxminan 80 foizga qimmatlashgan.

Bugun Islom Respublikasi nazoratidan chiqqan ilk shahar haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Abdanan shahri namoyishchilar nazoratiga o‘tgani aytilmoqda: politsiya binosi egallab olingan, kuch tuzilmalari qarshilik ko‘rsatmasdan taslim bo‘lgan va mahalliy aholiga qo‘shilgan. Ammo Eronning Tasnim axborot agentliklari G‘arb ommaviy axborot vositalarining namoyishchilar hukumat tepasiga kelgani haqidagi xabarlarini rad etdi.

G.Xoldorova tayyorladi.