Eron blokadasi nimalarga olib keladi?
Donald Tramp Eronga qarshi Hurmo‘z bo‘g‘ozi hududida dengiz harbiy blokadasi joriy etilganini e’lon qildi. Vashingtonga ko‘ra, AQSh bo‘g‘ozga kirish yoki undan chiqishga urinayotgan barcha kemalarni istisnosiz to‘xtatish niyatida. 15 dan ortiq AQSh harbiy kemalari Eronni qamal qilmoqda.

Bu qaror AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlanganidan so‘ng qabul qilindi. Asosiy savol — mazkur blokada Eron uchun nimani anglatadi va yaqin kelajakda murosa qilish imkoniyati bormi?


Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralar 21 soat davom etdi va 1979 yildan beri mamlakatlar o‘rtasidagi ilk bor yuqori darajadagi uchrashuv bo‘ldi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Tehron Vashingtonning uranni boyitishni to‘xtatish va tegishli infratuzilmani yo‘q qilish haqidagi talabini rad etgan. Eron parlamenti spikeri Muhammad-Boqir G‘olibof o‘z tomoni «konstruktiv takliflar» berganini aytdi, ammo amerikaliklar «ishonchni qozona olmagan».
Aslida bu muzokaralardan jiddiy natija kutilmagan edi. Tahlilchilar 2015 yilgi yadroviy kelishuvga erishish uchun o‘nlab yillar sarflanganini eslatmoqda.
Yaqinda harbiy harakatlar vaqtincha to‘xtatilgach, har ikki tomon o‘zini g‘olib sifatida ko‘rsatishga urindi va qat’iy pozitsiyani egalladi. Ham Tehron, ham Vashington shartlarni o‘zlari belgilashni istadi, bu esa kelishuvga erishishni yanada qiyinlashtirdi.

Tomonlar bir-birining kemalarini cheklashni boshlasa, bu jarayon uzoq davom etishi mumkin. Blokada, avvalo, Eron iqtisodiyotiga, xususan, neft sohasiga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ko‘rilmoqda. AQSh o‘z harakatlarini Eron harbiy kuchlari yetib bormaydigan hududdan turib amalga oshirishni o‘ylaydi. Biroq Tehron ham javob choralarini ko‘rish imkoniyatiga ega va bu nafaqat Eron, balki AQSh ittifoqchilariga ham ta’sir qilishi mumkin.
Qo‘shimcha xavf omillaridan biri — Bab al-Mandeb bo‘g‘ozini ko‘rfazidagi vaziyat. Bu yerda Eronga yaqin kuchlar, jumladan husiylar dengiz yo‘llarini to‘sish imkoniyatini bir necha bor namoyish etgan. Shu bois mazkur qaror global iqtisodiyotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ya’ni, neft narxlari oshishi va ta’minotda uzilishlar kuzatilishi ehtimol. Buning ustiga Eron AQSh dengiz blokadasiga javoban Bab al-Mandeb bo‘g‘ozini yopish bilan tahdid qildi.


Hurmo‘z bo‘g‘ozi atrofidagi harakatlar qanchalik keskin bo‘lsa, harbiy to‘qnashuvlar qayta boshlanish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Agar iqtisodiy bosim kuchaysa, Tehron AQSh ittifoqchilariga qarshi yanada faol choralar ko‘rishi mumkin.
Eng yomon ssenariyda, nizo yana harbiy bosqichga o‘tadi. Shu bilan birga, diplomatik imkoniyatlar ham saqlanib qolmoqda. Hozirda Pokiston vositachiligida muzokara formati mavjud. AQSh va Eron o‘rtasidagi mojaroga chek qo‘yishga qaratilgan muzokaralarning yangi bosqichi 16-21 aprel kunlarida o‘tishi ehtimoli bor.
Murosaga erishish juda qiyin bo‘ladi. Ammo hatto qisman kelishuv, masalan, o‘t ochishni to‘xtatishni uzaytirish va o‘zaro xavfsizlik kafolatlari vaziyatni yumshatish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Gulnora Xoldorova tayyorladi..