Mahsulotni mahalliylashtirish va milliy sertifikat tizimida o‘zgarish
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi mas’ullari ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Konferensaloqa shaklida o‘tkazilgan muloqotda agentlikning hududiy loyiha ofisi rahbari Muzaffar Hamdamov ishtirokchilarga Prezidentimizning 2026 yil 4 fevraldagi “Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mohiyati bilan tanishtirdi.
Farmonga muvofiq, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish maqsadida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi.
- Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham joriy etildi, - dedi M.Hamdamov. - Xususan, Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish jamg‘armasi orqali 10 million dollargacha imtiyozli kredit (xorijiy valyutada yillik 6 foiz, milliy valyutada yillik 12 foiz);
- yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun 30 foizgacha subsidiya (texnologiya transferi, brend, tovar belgilari huquqini olish uchun);
- sanoat startaplariga 50 foizgacha subsidiyalar ajratiladi.
2026 yil 1 apreldan byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 8-15 foizgacha narx preferensiyasi, 1 sentyabrdan davlat xaridlarida ishtirokchilar uchun elektron-skoring tizimi, 1 oktyabrdan byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida mahalliy xizmatlarga 15 foiz narx preferensiyasi qo‘llaniladi. 2027 yil 1 yanvardan davlat xaridlari sohasida kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlarining davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida davlat xaridlarida xarid predmetini texnologik zanjirlar, funksional bosqichlar va ish turlari kesimida alohida lotlarga bo‘lish amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, muloqotda mahalliy tadbirkorlarni davlat xaridlari tizimida ishtirok etish, mahsulotlarni sotish mexanizmi, elektron platformalardan samarali foydalanish, yirik korxonalar bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarni ro‘yxatdan o‘tkazish, mahsulotlarga milliy sertifikat olish masalalarida ham ma’lumot berildi.
- Bugungi muloqotda mahsulotlar uchun mahalliy sertifikat olish, uning zarurati to‘g‘risida ma’lumotlar oldik, - deydi “Samarqand ekspertiza” MChJ eksperti Shahboz Ahmadjonov. – Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 28 oktyabrdagi “Mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori tasdiqlangan. Bugungi muloqotda mahalliy sertifikat olish tartibi, taomillari, kamchiliklari bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan takliflar bildirildi. Bu takliflardan kelib chiqib nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida ma’lumot tayyorlandi. Masalan, hozirgi tartibda mahalliy sertifikat olish uchun uch xil mezon qo‘llaniladi. Ya’ni, mahsulotingiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston hududida yetishtirilgan, ishlab chiqarilgan bo‘lishi, ishlab chiqarilgan mahsulotning ishlab chiqarish darajasi kamida 30 foiz bo‘lishi, mahsulot va xomashyoning kodining dastlabki to‘rtta kodida o‘zgarish bo‘lishi kerak. Bu mezonlar ko‘plab tadbirkorlarga mahalliy sertifikat olishda birmuncha qiyinchilik keltirmoqda. Shu bois, o‘rganishlar, ochiq muloqotlarda bildirilgan takliflar asosida yangi nizom ustida ishlar olib borilmoqda. Bu bo‘yicha kiritilgan takliflarga ko‘ra mezonlar ikkitaga tushiriladi. Birinchisi, to‘liq O‘zbekistonda o‘sib chiqqan, yetishtirilgan, ishlab chiqarilgan, ikkinchisi mamlakatda so‘nggi transformatsiya qilingan mahsulotlarga mahalliy sertifikat berish ishlari ko‘rib chiqilmoqda. Ya’ni, xomashyoni xorijdan keltirib, yig‘uv jarayoni mamlakatda amalga oshirilsa ham mahalliy sertifikat beriladi. Bundan tashqari, ko‘pchilikka to‘lov masalasi qiyinchilik tug‘dirayotgandi. Amaldagi nizomga ko‘ra, bitta sertifikat BHMning uch barobariga teng edi, endi esa bitta mahsulot uchun sertifikat olish BHMning 1,5 foiziga teng bo‘ladi. Yana oldindan to‘lov qilinsa 1,5 foizlik miqdor uchun 50 foizlik chegirma beriladi. Qayta rasmiylashtirish sertifikati uchun amaldagi nizomga ko‘ra BHMning 1 barobarida to‘liq qilinadi, yangi nizom bo‘yicha BHMning 1 barobaridan 0,1 foizini, ya’ni 46,144 so‘m to‘lov qilinadi. Bu ham tadbirkorlarga ancha yengillik beradi.
Ma’lumot uchun, milliy sertifikat 24 oyga (faqat elektrotexnika mahsulotlari uchun 36 oy)ga beriladi va yangi nizom bo‘yicha bir turdagi jamlanma mahsulotga bitta sertifikat olish imkoniyati yaratiladi. Bu sertifikat bilan tadbirkor mahsulotini birja savdolari orqali byudjet tashkilotlariga sotishi mumkin bo‘ladi. Bu tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqaruvchilarni birja savdolarida erkin ishtirok etishlari, mahalliylashtirish darajasini oshirishi, xalqaro bozordagi savdolarda qatnashishlari uchun bu tizim joriy etilgan.
O‘ktam Xudoyberdiyev.