Xalqaro fan olimpiadalari: Biz bu haqda nimalarni bilamiz?

Keyingi yillarda o‘quvchilar nafaqat respublika miqyosida o‘tkaziladigan fan olimpiadalarida, balki xalqaro fan olimpiadalarida ham qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kirityapti.

Respublikada 2025 yilda o‘quvchilar 29 ta xalqaro olimpiadada ishtirok etib, 210 ta medal (40 ta oltin, 78 ta kumush, 92 ta bronza)ni qo‘lga kiritgan.

Xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilarning yutuqlari yildan yilga oshib bormoqda. Masalan, o‘quvchilar tomonidan xalqaro fan olimpiadalarida 2022 yilda 41 ta, 2023 yilda 96 ta, 2024 yilda 128 ta medal olingan.

Shu o‘rinda bir narsaga aniqlik kiritish kerak. Xalqaro olimpiadalar uch turda bo‘lib, nufuzli xalqaro olimpiadalar, xalqaro olimpiadalar va mintaqaviy xalqaro olimpiadalarga bo‘linadi. Nufuzli xalqaro olimpiadalar matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika fanlaridan bo‘lib, unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar davlat oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz, ya’ni test sinovlaridan o‘tmasdan qabul qilinadi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, 2025 yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar qator xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro olimpiadalarda 13 ta medalga sazovor bo‘lgan. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida 96 davlat ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro kimyo olimpiadasida 2 ta oltin, 2 ta kumush, Avstraliyada 105 davlat ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro matematika olimpiadasida 4 ta kumush, 1 ta bronza, Boliviyada 90 dan ortiq davlat ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro informatika olimpiadasida 1 ta kumush, 1 ta bronza, Parij shahrida 96 ta davlat ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro fizika olimpiadasida 2 ta bronza medallari sohibi bo‘lgan.

Viloyatimizda xalqaro olimpiada g‘oliblari bormi?

2024 yilda o‘tkazilgan xalqaro olimpiadalarda viloyatimizdan 5 nafar o‘quvchi, 2025 yilda esa 4 nafar o‘quvchi xalqaro olimpiadalarda faxrli o‘rinlarni egallagan. Masalan, o‘tgan o‘quv yilida Hindistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro matematika musobaqasida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 48-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Davronbek Doniyorov 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, bronza medali sohibi bo‘ldi.

 2025 yil 8-13-may kunlari Toshkent shahrida matematika va informatika fanlari bo‘yicha Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Ashrafjon Ravshanov kumush medal, Past Darg‘om tumani 2-son ixtisoslashtirilgan maktabning 7-sinf o‘quvchisi Ja’far Nurmuradov bronza medalini qo‘lga kiritdi. Unda Turkiya, Ozarbayjon, Belarus, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston jamoalaridan 202 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Tailandning Bangkok shahrida o‘tkazilgan xalqaro geografiya olimpiadasida Samarqand tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi Hamidulla Jo‘raqulov terma jamoa safida bronza medaliga munosib deb topildi.

2025-2026 o‘quv yilida Adigeya Respublikasining Maykop shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Ashrafjon Ravshanov kumush medal sohibi bo‘ldi. 

- Bolaligimda matematikaga dadam qiziqtirganlar, - deydi Ashrafjon Ravshanov. – Shu sababli 4-sinfligimda matematikadan qo‘shimcha darslarga qatnay boshladim. Yuqori sinfga o‘tgach, matematika fani o‘qituvchim Bektosh Shodiyev meni ikki yil xalqaro olimpiadaga tayyorladi. Yettinchi sinfligimda Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasida qatnashib, bronza medalini qo‘lga kiritdim. O‘tgan yili yana ushbu xalqaro olimpiadada qatnashib, kumush medal sohibi bo‘ldim. Bu yil 12-19 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasida ishtirok etib, kumush medalga erishdim. Kuni kecha 8-12 aprel kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida III Xalqaro matematika olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdim. Xalqaro olimpiadalardagi matematika bilan darsliklarda o‘qitiladigan matematika tubdan farq qiladi. Shuning uchun xalqaro olimpiadalarga qatnashmoqchi bo‘lganlar qo‘shimcha darslar olishi va o‘sha fanni yaxshi ko‘rish kerak.

Shuningdek, Toshkentdagi Gyote institutida xalqaro nemis tili olimpiadasiga saralashning respublika bosqichida Samarqand shahridagi 51-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Marjona Ibadulayeva 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, joriy yilning iyul oyida Germaniyaning Mannheim shahrida o‘tkaziladigan xalqaro olimpiadaga qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ayni paytda boshqa fanlardan ham xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan o‘quvchilar saralanyapti. Bu saralash bosqichma-bosqich bo‘lib, yil oxiriga qadar davom etadi. Hozircha viloyatimiz o‘quvchilari orasida nufuzli xalqaro olimpiada g‘oliblari yo‘q.

Xalqaro fan olimpiadalari sohiblari qanday rag‘batlantiriladi?

Shu paytga qadar xalqaro olimpiada g‘oliblari pul mukofoti bilan taqdirlangan. 2025 yil avgust oyidan nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarga beriladigan bir martalik mukofot puli summasi oshdi, ya’ni 1-o‘rin sohibi 1 mlrd 30 mln so‘m (BHMning 2500 baravari), 2-o‘rin 618 mln so‘m (BHMning 1500 baravari), 3-o‘rin 412 mln so‘m (BHMning 1000 baravari) pul mukofoti bilan taqdirlanadigan bo‘ldi. Shuningdek, oltin medal olgan o‘quvchining ustozi ham bir martalik mukofot puli, ya’ni 185 400 000 so‘m bilan taqdirlanadi.

Bundan tashqari, xalqaro va mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan g‘oliblarga va ularning o‘qituvchilariga ham bir martalik mukofot puli beriladi.

***

Shunisi ahamiyatliki, 2026 yilda respublikamizda buyuk ajdodlarimizning dunyo ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini targ‘ib etish, mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika, Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo, Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika, Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya, Buyuk Sharq Renessansi va Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yilda mamlakatimizda nufuzli 58-xalqaro kimyo va 38-xalqaro informatika olimpiadalari tashkil etilishi belgilangan.

Xurshida ERNAZAROVA.