Ma’naviyat, ma’rifat va madaniyatni yuksaltirish yo‘lida muhim tashabbus

2026 yil 13 apreldan A.S.Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi” o‘z ishini boshladi. Mazkur haftalik Prezidentimizning 2026 yil 15 yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Haftalik dasturi doirasida turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, kitob taqdimotlari, ko‘rgazmalar va ijodiy kechalar bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, “Kitobxonlik oiladan boshlanadi”, “Kitobxon ona – kitobxon bola” kabi mavzulardagi uchrashuvlar oila va jamiyatda kitobxonlik muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan davra suhbatlari va ko‘rgazmalar ishtirokchilarda milliy adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Haftalik davomida zamonaviy mavzularga ham e’tibor qaratilib, psixologlar ishtirokida “Stress va uni yengish yo‘llari” hamda “Yoshlar orasida motivatsiyani oshirish” kabi dolzarb masalalar yuzasidan suhbatlar o‘tkazildi. Bu esa tadbirlarning nafaqat ma’rifiy, balki tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi.

Kitob taqdimotlari ham haftalikning muhim qismi bo‘ldi. Yozuvchi va olimlarning yangi asarlari kitobxonlarga havola etilib, ular yuzasidan fikr almashildi. Bundan tashqari, “Kitob ulashing — ma’rifat tarqating” xayriya aksiyasi orqali kitobning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati yana bir bor namoyon etildi.

Talabalar va yoshlar uchun “Qiziqarli kutubxonada” nomli ekskursiyalar tashkil etilib, ular kutubxona faoliyati, nodir fondlar va zamonaviy xizmatlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovi esa oilaviy kitobxonlik an’analarini targ‘ib qilishda muhim tashabbus bo‘ldi.

Haftalik davomida o‘tkazilayotgan tadbirlar kitobxonlar uchun nafaqat qiziqarli, balki foydali bo‘lmoqda. Muhimi, bu kabi tashabbuslar jamiyatda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni ma’naviy yetuk qilib tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, haftalikning so‘nggi kunlari kitob ko‘rgazmalari yanada kengaytirilishi, nodir va yangi nashrlar namoyishi davom ettirilishi rejalashtirilgan.