Amir Temur yirik g‘alabalarini me’moriy yodgorlik qurish bilan abadiylashtirganmi?
Sohibqiron siymosi sharqshunos Herman Vamberi nigohida
Amir Temur haqida yozilgan manbalar ko‘p. Ularning ayrimlari uni yengilmas sarkarda, ayrimlari esa istilochi jahongir sifatida tasvirlaydi. Ammo mashhur sharqshunos Herman Vamberining Amir Temurga bergan ta’rifi bu ikki qutb o‘rtasida turadi. U Amir Temurni o‘tkir qilich egasi bo‘lishi bilan birga didli hukmdor, tartibsevar davlat arbobi, ilm-fan va me’morchilik homiysi sifatida ko‘rsatadi. Aynan shu jihatlari bilan Vamberi bergan ta’rif Amir Temur shaxsiyatini har tomonlama tushunishga yordam beradi.
Herman Vamberining asari XIX asr Yevropa sharqshunosligining muhim namunalaridan biridir. Asar ingliz tilida “O‘rta Osiyoga sayohat” nomi bilan 1864 yilda nashr etilgan bo‘lib, unda muallifning 1863 yildagi Xiva, Buxoro va Samarqandga qilgan safari tasvirlanadi. Vamberi bu safarni mahalliy muhitga moslashgan, sharq tillarini yaxshi bilgan kuzatuvchi sifatida amalga oshirgani bilan ajralib turadi. Asarning qimmati O‘rta Osiyoning siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotini bevosita kuzatuvlar asosida yoritganidadir. Muallif yo‘l davomida uchragan shaharlar, karvon yo‘llari, bozoru savdo muhiti, mahalliy boshqaruv tizimi, diniy urf-odatlar va aholining turmush tarziga alohida e’tibor qaratadi. Shu sababli kitob XIX asr o‘rtalaridagi O‘rta Osiyo tarixiy-geografik manzarasini aks ettiruvchi muhim yozma manba sifatida ham qadrlanadi.
Vamberi tasvirida Amir Temur, avvalo, tashqi qiyofasi bilan yodda qoladi. U o‘rta bo‘yli, ammo baquvvat, chiniqqan, uzoq urushlar va mashaqqatli hayotga qaramay kuchini qarilik chog‘igacha saqlab qolgan hukmdor sifatida ko‘rsatiladi. Uning bir oyog‘i shikastlangan bo‘lsa-da, bu nuqson tik turgan holatda deyarli bilinmagan. Ovozi nihoyatda baland bo‘lib, jang maydonidagi shovqin orasida ham uzoqdan eshitilgan. Faqat umrining so‘nggi yillarida, xususan, 70 yoshga yaqinlashganda, ko‘zi ancha xiralashgani aytiladi. Shu bois u Samarqandga kelgan ispan elchilarini faqat o‘ziga juda yaqin olib kelishgandagina aniq ko‘ra olgan. Bu haqda Klavixoning kundaliklarida ham eslatib o‘tilgan. Herman Vamberi Amir Temurdan 5 asr keyin yashagan. Klavixo asari esa Amir Temur haqidagi Yevropada nashr qiilingan asarlar ichida eng ommabopi edi. Yevropada kimdir Amir Temur haqida nimadir yozar ekan Klavixosiz bo‘lmas edi bu ish.
Hukmdorning kiyinish madaniyati ham Vamberi tasvirida muhim o‘rin tutadi. Temur tantanali marosimlarda keng ipak xil’at kiygan, boshiga esa uzun konussimon bosh kiyim kiyib, uning tepasini yirik marvaridlar va qimmatbaho toshlar bilan bezatgan. U zebu ziynatdan butunlay yiroq bo‘lmagan. Uzoq yurishlar davomida u ko‘p narsadan tiyilgan, o‘zini soddalik va bardoshlilik timsoli sifatida tutgan. Amir Temur shaxsiyatida dabdaba ham, intizom ham yonma-yon yashagan.
Vamberi Amir Temurning xarakteridagi asosiy chiziqlar sifatida uning qat’iy iroda, cheksiz hokimiyat istagi va jangovar ruhini ko‘rsatadi. Bu fazilatlar unga yoshligidan singgan, keyinchalik esa hukmdor sifatida yanada kuchaygan. Muallif Amir Temurning so‘zlariga tayangan holda u qilich kuchi bilangina hukmronlikni mustahkamlash mumkin, deb bilganligini yozadi. Vamberi Amir Temurni istilochilik yurishlarini to‘g‘ri qabul qiladi. U bosib olingan shaharlarda ro‘y bergan qattiqqo‘l jazolarni inkor etmaydi, lekin ularni Amir Temur davrining urf-odatlari va siyosiy zarurat bilan bog‘lab izohlashga urinadi.
Vamberi uchun Amir Temurning eng e’tiborga molik jihatlaridan biri - uning ilm ahliga munosabati. Amir Temur Isfaxonda, Hirotda va Halabda olimlarni avaylashga harakat qilgan, ulamolar bilan bahsga kirishgan, ularni saroyiga chorlagan, ayrimlarini katta ehtirom bilan siylagan. Halabdagi mashhur qozilar va olimlar, Shamsuddin Fanoqiy, Muhammad Jazariy, Shayx Buxoriy singari shaxslarning Amir Temur e’tiboriga tushgani haqida yoziladi. U hatto san’atkor va mohir hunarmandlarni ham qimmatli shaxslar deb bilgan. Bursa shahridan Samarqandga butun bir kutubxonani ko‘chirishga buyruq bergani haqidagi ma’lumot ham shu fikrni mustahkamlaydi. Bu fakt Amir Temur uchun boylik faqat oltin-kumush emas, ilm va hunar ham ekanini ko‘rsatadi.
Saroy odob-axloqi va tashkiliy tartib borasida ham Vamberi nihoyatda yorqin voqealarni yozadi. Amir Temur qarorgohida Sharqning turli sulolalari va mamlakatlaridan olingan rasm-rusumlar qorishib ketgan edi. Erkaklar ham, ayollar ham qimmatbaho matolar, marvarid, yoqut, zumradlar bilan bezangan. Ayniqsa, xonadon ayollari libosi asarda alohida tasvirlanadi. Uzun, qizil ipak kiyimlar, baland bosh kiyimlar, yuzni qisman yopuvchi pardalar, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bezaklar temuriy ayollarining bezaklari sisfatida qayd etiladi. Biroq saroy faqat boylikni ko‘z-ko‘z qiladigan joy emasdi, deb yozadi Vamberi. U yerda qat’iy marosim tartibi, kimning qayerda turishi, kimning qaysi hududda yashashi, hukmdor huzuriga kim qachon va qanday kirib-chiqishi aniq belgilangan edi. Vamberi tasviriga ko‘ra, hatto ulkan ko‘chma qarorgoh - minglab chodirlardan iborat lager ham hayratlanarli tartib asosida joylashtirilgan.
Bu harbiy lager tasviri alohida e’tiborga loyiq. Amir Temur qarorgohi markazida hukmdor oilasi va saroy ahli uchun chodirlar tiklangan, atrofida amirlar, lashkarboshi va xizmat ahli joylashgan. Har bir kishining o‘rni uning martabasiga mos ravishda aniq belgilangan. Ba’zi chodirlar shunchalik ulkan va hashamatli ediki, ispan elchisi Klavixo ularni alohida hayrat bilan qayd etgan edi. To‘rtburchak shakldagi, oltin bilan bezatilgan ustunli, rang-barang ipak bilan qoplangan, ichki qismi kashta va matolar bilan ziynatlangan bu chodirlar ko‘chma saroyni eslatgan.
Saroydagi taomil va ziyofatlar ham Amir Temur davri hayotining bir qismi sifatida tavsiflanadi. Oltin va kumush idishlarda tortilgan qovurilgan go‘sht, palov, xamirli taomlari, mevalar, shirinliklar, qaymoq va qimiz - bularning barchasi Amir Temur saroyi dabdabasini ko‘rsatadi. Katta tantanalarda qo‘shiq, raqs, masxarabozlik va turli tomoshalar saroy hayotining ko‘zga ko‘ringan qismi bo‘lgan. Saroy xonimlari ham ba’zan alohida ziyofatlar uyushtirgan. Vamberi Amir Temurni ulkan davlat shon-shuhratini namoyish etuvchi, boylikni siyosiy qudrat ramzi sifatida ishlatgan hukmdor sifatida ko‘rsatadi.
Amir Temurning me’morchilikka bo‘lgan e’tibori Vamberi tavsifining eng muhim qismlaridan biridir. Muallifga ko‘ra, Amir Temur har bir yirik g‘alaba yoki quvonchli voqeani me’moriy yodgorlik bilan abadiylashtirishga intilgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfaxon va Damashqdan mohir ustalarni Movarounnahrga olib kelgan. Kesh va Samarqandda bunyod etilgan imoratlar aynan shu siyosat mahsuli edi. Keshdagi Oqsaroy bu siyosiy didning eng yirik namunasi sifatida ko‘rsatiladi asarda. Vamberining yozishicha, u yigirma yildan ortiq vaqt davomida qurilgan va sharqona ulug‘vorlikning ramziga aylangan. Portalining yuksakligi, rangli koshinlari, bezaklari, ichki devorlaridagi nozik mozaika va naqshlar uning naqadar hashamatli bo‘lganini ko‘rsatadi.
Samarqand esa Vamberi ko‘zida Amir Temur siyosatining eng buyuk mahsuli bo‘lib namoyon bo‘ladi. Dastlab Keshga ko‘proq mehr qo‘ygan Amir Temur keyinchalik Samarqandni haqiqiy poytaxtga aylantiradi. U yerda shahar tashqarisidagi bog‘lar va saroylar tizimi barpo etiladi. Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Behisht, Bog‘i Chinor, Bog‘i Shamol, Bog‘i Nav singari maskanlar faqat hordiq uchun emas, davlat qudratini ko‘rsatish uchun ham xizmat qilgan. Bu bog‘larda sun’iy hovuzlar, favvoralar, marmar saroylar, ko‘priklar, ko‘chma va doimiy ayvonlar bo‘lgan. Vamberi Samarqandning go‘zalligi aynan shu bog‘lar, qasrlar va shahar me’morchiligi uyg‘unligida namoyon bo‘lganini ta’kidlaydi.
Amir Temur Samarqandni nafaqat me’moriy, balki ilmiy va madaniy markazga aylantirishga ham intilgan. Xorazm, Buxoro va Farg‘onadan mashhur olimlar, mudarrislar, ulamolar uning poytaxtiga jalb etilgan. Madrasalar, masjidlar, xonaqohlar, hatto bemorlar uchun shifoxona va muhtojlar uchun maskanlar qurilgani aytiladi. Vamberi Samarqandda Amir Temur davrida ilm-fan va din vakillari juda ko‘p bo‘lganini, shahar aholisi 150 ming atrofida bo‘lib, ba’zan hamma uchun uy-joy yetishmagani yozadi. Bu bir tomondan shahar qanchalik tez o‘sganini, ikkinchi tomondan Amir Temur poytaxtining naqadar yirik markazga aylanganini ko‘rsatadi.
Amir Temurning savdo-sotiqqa bo‘lgan e’tibori ham Vamberi e’tiboridan chetda qolmaydi. Ichki va tashqi savdo Samarqandda ravnaq topgan, bunga hukmdorning shaxsan o‘zi qiziqqan. Har xil yurtlardan kelgan ipakchilar, to‘quvchilar, hunarmandlar va savdogarlar Samarqand iqtisodiy hayotini ko‘targan. Amir Temur qudrati iqtisodiy hayot, bozorlar, hunarmandchilik va xalqaro aloqalar bilan ham mustahkamlangan.
Vamberi Amir Temurning adabiyot va ijod ahli bilan aloqalarini ham qayd etadi. U shoirlarni o‘ziga yaqin tutgan, ularning erkin va hatto keskin so‘zlariga ham chidagan. Vamberi shoir Ahmad Kirmoniy bilan bog‘liq mashhur hazilomuz suhbatni tasvirlaydi. Shoir Amir Temur haqidagi savolga nihoyatda dadil javob qaytargan, hukmdor esa buni ko‘tara olgan. Bundan tashqari, Amir Temur nafaqat mahalliy ijodkorlarni, balki xorijlik olim va adiblarni ham Samarqandga to‘plab, ularga homiylik qilgan.

Vamberining Amir Temur haqidagi yakuniy xulosasi muhim. U Amir Temurni Chingizxon bilan qiyoslab, uni ko‘r-ko‘rona Chingizxon kabi yovvoyi bosqinchi deb bo‘lmasligini uqtiradi. Ha, Amir Temur janglar olib borgan, qattiqqo‘l jazolar qo‘llagan, ayrim hollarda shafqatsiz qarorlar chiqargan. Ammo shu bilan birga, u ilmni qadrlagan, san’at va me’morchilikni rivojlantirgan, savdoni rag‘batlantirgan, davlatni qat’iy tartib asosida boshqargan, o‘z davrining ulkan ilmiy-madaniy muhitini yaratgan. Vamberi uchun Amir Temur bir vaqtning o‘zida jangchi, bunyodkor, siyosatchi va Sharq tamaddunini yangi bosqichga olib chiqqan hukmdor edi.
Fikrimizcha, Herman Vamberining Amir Temurga bergan ta’rifi bugun ham dolzarb. Chunki bu qarash bizni Amir Temurni tarixiy murakkabliklari bilan birga anglashga undaydi. U kuch ishlatgan, lekin tartib yaratgan. U zabt etgan, lekin bunyod qilgan. U istilolari bilan dushmanlar qalbida qo‘rquv uyg‘otgan, lekin hurmat qozongan.
Mahmudxon Yunusov,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, muzeyshunos.