Osiyo aviakompaniyalari yoqilg‘i narxining o‘sishi sabab reyslarni qisqartirmoqda
Xitoy va Osiyoning boshqa mamlakatlari aviatashuvchilari Yaqin Sharqdagi mojaro ortidan aviayoqilg‘i narxlari keskin oshgani sabab ommaviy ravishda reyslarni bekor qila boshladi. Oldindan chiptalarni “bron” qilgan yo‘lovchilarga safarlari bekor qilingani haqida xabarnomalar yuborilmoqda.
Flight Master reyslarni kuzatish platformasi ma’lumotiga ko‘ra, 1 apreldan 12 aprelgacha Sian va Chunsin kabi Xitoy shaharlarini Tailand va Laos bilan bog‘lovchi ko‘plab reyslar bekor qilingan. Ayrim yo‘nalishlarda, jumladan, Uxan—Sidney va Guanchjou—Darvin reyslarida bekor qilishlar darajasi 50 foizdan oshgan.
Cathay Pacific may–iyun oylarida parvozlarning taxminan 2 foizini to‘xtatadi. Bu avvalo, mintaqaviy yo‘nalishlar hamda Avstraliya, Janubiy Osiyo va Janubiy Afrikaga amalga oshiriladigan ayrim reyslarga ta’sir qiladi.
Air China Chendu—Kuala-Lumpur yo‘nalishini iyun oxirigacha vaqtincha to‘xtatdi. Shuningdek, Spring Airlines, China Eastern Airlines va China Southern Airlines Janubi-Sharqiy Osiyoga ayrim reyslar qisqartirilishini ma’lum qildi.
Aviakompaniyalar ayniqsa, uzoq masofali va rentabel bo‘lmagan yo‘nalishlardan, xususan, ikkinchi va uchinchi darajali shaharlardan amalga oshiriladigan reyslardan voz kechmoqda.
May bayramlari yaqinlashishi fonida bu holat aviachiptalar narxining yanada oshishiga olib kelishi mumkin.