Farzandingizning yutug‘i - sizniki, aybi jamiyatnikimi?
Farzandining yutug‘i bilan faxrlanmaydigan ota-ona topilmasa kerak. Bolasi yaxshi o‘qisa, odobli bo‘lsa, tanlov yoki musobaqada g‘olib chiqsa, ko‘pchilik buni avvalo o‘z tarbiyasining mevasi deb biladi. Bu tabiiy. Axir bir farzandni voyaga yetkazish uchun yillar, mehnat, mehr va sabr kerak bo‘ladi-da.
Ammo shu farzand xato qilsa-chi?
Bunday holatda ko‘pincha munosabat o‘zgaradi. “Hozirgi yoshlar boshqacha, aytganni qilmaydi”, “Telefon yoshlarni buzyapti”, “Atrofidagi do‘stlari yomon ekan”, “Maktab yaxshi qaramagan-da”, “Ko‘chaning ta’siri kuchli bo‘ldi”... Umuman, shu kabi bahonalar birin-ketin paydo bo‘ladi. Go‘yo kechagina “Mening tarbiyamning mevasi”, deb maqtalgan farzand endi butunlay boshqalar tarbiyalagan insonga aylanib qolgandek.
Xo‘sh, nega shunday? Nega yutuqqa kelganda «mening farzandim» deb g‘ururlanamiz-u, kamchiligiga kelganda mas’uliyatni boshqalar zimmasiga yuklaymiz? Aslida tarbiya degani faqat quvonchli kunlarda emas, qiyin paytlarda ham mas’uliyatni zimmaga olish emasmi?
O‘qituvchi tanishim bilan gaplashganimda, dardini dasturxon qilib qoldi:
- Bitta sinfda ikki o‘quvchi o‘qirdi. Ikkalasi ham bir xil darsda qatnadi, men kabi o‘qituvchilardan ta’lim oldi. Ulardan biri fanlarni to‘liq o‘zlashtirib, olimpiadalarda g‘olib bo‘ldi. Qarangki, uning yutug‘i ota-onasining faxriga aylandi. Ammo ikkinchi o‘quvchi darslarda yaxshi qatnashmay, bir-ikki marta kichik qoidabuzarliklarni qildi. Shunda nima bo‘ldi deng: hamma joyda “Maktab tarbiya bermabdi”, degan e’tirozlar yangradi, o‘qituvchilarning boshi egildi.
Tanishimining gapida jon bor. Haqiqatan ham maktab va o‘qituvchilarning asosiy vazifasi bilim berish. Muhitni jamiyat yaratadi. Lekin insonning birinchi tarbiya maktabi, bu - oilasi. Birinchi ustozi esa ota-ona. Bola eng avvalo kimdan o‘rnak oladi? O‘qituvchisidanmi yoki har kuni ko‘rib, har bir harakatini kuzatib yuradigan ota-onasidan?..
Endi o‘zingiz ayting: agar ota kitob o‘qishni tavsiya qilib, o‘zi doim telefonga berilsa, farzand qaysi yo‘lni tanlaydi? Agar ona boshqalarga hurmat ko‘rsatmay turib, bolasidan xushmuomalalik talab qilsa, bu tarbiya qanchalik samara beradi? Chunki bola nasihatdan ko‘ra namunadan ko‘proq o‘rganadi. U kattalarning aytganini emas, qilganini takrorlaydi.
Shu o‘rinda ko‘pchilikka tanish bir hikmatni eslamoqchiman. Donishmandlardan biriga “Farzandimni qachon tarbiyalashni boshlay?”, deb savol berishganda u “Bolangiz necha yoshda?”, deb so‘ragan. “Besh yoshda”, desa “Demak, siz besh yilga kechikibsiz”, degan ekan. Bu hikmatning ma’nosi oddiy: tarbiya farzand tug‘ilganda emas, ota-onaning o‘zidan boshlanadi.
Endi jamiyat yaratgan muhit haqida ikki og‘iz. To‘g‘ri, muhitning ta’sirini inkor qilib bo‘lmaydi. Internet, ijtimoiy tarmoqlar, tengdoshlar, ko‘cha muhiti - bularning barchasi bolaning qarashlariga ta’sir qiladi. Lekin agar insonni faqat muhit tarbiyalaganida, bir mahallada o‘sgan barcha bolalar bir xil inson bo‘lishi kerak edi. Hayot esa buning aksini ko‘rsatmoqda. Demak, muhit muhim. Ammo hal qiluvchi omil - oila.
Endi o‘zimiz haqimizda o‘ylab ko‘raylik. Farzandingiz yuqori natijaga erishsa, buni g‘urur bilan yaqinlaringizga aytasiz, hatto bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishasiz. Agar u yolg‘on gapirsa, qoidabuzarlik qilsa yoki noto‘g‘ri yo‘lga kirsa-chi? O‘sha paytda ham xuddi shunday ochiqlik bilan “Bu yerda mening ham kamchiligim bor”, deya olamizmi? Balki tarbiya haqidagi eng muhim savollarni boshqalarga emas, avvalo o‘zimizga berishimiz kerakdir.
Men farzandim bilan yetarlicha suhbatlashyapmanmi? Uning dardini eshitishga vaqt ajratyapmanmi? U meni ishonadigan inson deb biladimi? Men unga aytayotgan gaplarimga o‘zim amal qilyapmanmi? - Ana shu savollarga xolis javob topilsa, tarbiyadagi ko‘plab muammolarning yechimi ham topiladi.
Demoqchi bo‘lganimiz, farzandni tarbiyalash mashaqqatli yo‘l. Bu yo‘lda quvonch ham, tashvish ham, yutuq ham, xato ham bo‘ladi. Muhimi, farzandning muvaffaqiyatini qanday quvonch bilan qabul qilsak, uning kamchiligini ham tarbiyani qayta ko‘rib chiqishga undaydigan saboq sifatida qabul qila bilishdir. Zero, farzandning yutug‘i ota-ona baxti. Ammo uning xatolari aybdor qidirish uchun emas, avvalo o‘z mas’uliyatimizni yana bir bor his qilish uchun saboq bo‘lishi kerak.
Akram Haydarov.