Tergov sudyalarining vakolatlari kengaytirilmoqda

Mamlakatimizda sud-huquq sohasidagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni “Odil sudlov – 2030” strategiyasini tasdiqlash haqida Farmon imzoladi. Bu hujjat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan odil sudlovga oid vazifalarni izchil amalga oshirishga xizmat qiladi.
 
Farmonda ta’kidlanishicha, islohotning asosiy maqsadi — inson qadrini ulug‘lash, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilishni ta’minlash. Buning uchun sud tizimi besh yo‘nalish bo‘yicha isloh qilinadi: sudlar faoliyatining ochiqligi, sud mustaqilligi, qarorlar sifati, sudyalar korpusi va raqamli texnologiyalar.
 
Hujjatda eng diqqatga sazovor yangiliklardan biri — hududlararo sudlarning tashkil etilishi. 2027 yil 1 iyuldan boshlab bir nechta hududiy birliklarni qamrab oladigan, jami 319 ta shtat birligidan iborat bunday sudlar faoliyat yuritadi. Shuningdek, viloyat sudlarining taftish bosqichidagi ishlarni ko‘rish vakolati hududlararo sudlarga o‘tadi, bu esa qarorlarni qayta ko‘rib chiqishda xolislikni oshirishga xizmat qiladi.
 
Tergov sudyalarining faoliyatida ham muhim o‘zgarish kutilmoqda: 2027 yil 1 iyuldan boshlab “asosli gumon” (Prima Facie) xalqaro standarti joriy etilib, tergov sudyalarining vakolatlari kengaytiriladi.
 
Shu ma’noda, “Odil sudlov – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan islohotlar orasida jinoyat sudlov tizimining sudgacha bo‘lgan bosqichiga tegishli o‘zgarishlar alohida ahamiyatga ega. Ushbu bosqichda markaziy o‘rinni tergov sudyalari egallaydi — ularning vakolatlari sezilarli darajada kengaytirilmoqda.

Jumladan, tergov sudyasi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda endi “asosli gumon” (Prima Facie) xalqaro standartiga tayanadi. Bu — taqdim etilgan dalillarning shaxsga nisbatan gumon yoki ayblov e’lon qilish uchun dastlabki, lekin yetarli asos berishini mustaqil baholashni anglatadi. Boshqacha aytganda, sudya prokuraturaning iltimosnomasini formal ravishda tasdiqlab qo‘ya qolmaydi — u dalillarning mazmunan asosli ekanini tekshiradi.
 
Shubha tug‘ilgan taqdirda, tergov sudyasi tergov sirini saqlagan holda qo‘shimcha hujjatlar talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bu norma muhim, chunki u sudyaga nafaqat “rad etish yoki tasdiqlash”, balki jarayonni chuqurroq o‘rganish imkonini beradigan vosita yaratadi.

Farmonda tezkor-qidiruv faoliyati doirasida shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini bevosita cheklovchi tadbirlarga faqat sudlarning sanksiya berishi mumkinligini qonunda mustahkamlash vazifasi ham belgilangan. Bu — tezkor-qidiruv faoliyati ustidan sud nazoratini kuchaytirishning qo‘shimcha kafolati sifatida qaralmoqda.

 
Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon qabul qilinishi fuqarolarning sud orqali huquqlarini ishonchli himoya qilishga, sud tizimiga bo‘lgan jamoatchilik ishonchi yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

O‘tkir Mamadaliyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi raisi.