Ortiqcha vaznni “kesib” tashlash mumkinmi?

XXI asrning epidemiyasiga aylangan semizlik bugungi kunda nafaqat kattalar, balki yoshlar orasida ham o‘sib bormoqda.

Semizlik bu faqat estetik muammo emas, balki yurak-qon tomir tizimi, bo‘g‘imlar va hatto onkologik kasalliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochib beruvchi og‘ir tibbiy tashxisdir. Diyetologlar tomonidan tayinlangan murakkab parhezlar va fitnes zallaridagi kunlik mashqlar ko‘pchilik uchun kerakli natijani bermayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Parhez va dori-darmonlar kutilgan natijani bermasa, shifokorlar ko‘pincha bir hayotiy qarorni – bariatrik operatsiyani tavsiya etishadi.

Ayni shu nuqtada zamonaviy tibbiyot yagona usul – bariatrik jarrohlikni taklif etadi. Ammo bu “so‘nggi chora” haqida qanchalar bilamiz? U hamma uchun bir xil darajada xavfsizmi yoki bu faqat semizlikka qarshi kurashning oxirgi imkoniyatimi? Biroq, bu qadar mas’uliyatli qarorga kelishdan oldin ushbu operatsiyaning barcha jihatlarini chuqur o‘rganish zarur.

Jahon tibbiyotida semizlikni davolashning o‘nlab usullari bor. Semizlikka jiddiy kasalliklar (qandli diabet, gipertoniya) qo‘shilganda, ko‘pincha jarrohlik aralashuvidan boshqa chora qolmaydi. Bariatrik operatsiya ana shunday hollarda qo‘llaniladigan oxirgi choradir. Inson oshqozonida “ochlik gormoni” ishlab chiqariladi. Bariatrik jarrohlik ana shu gormonni ishlab chiqaruvchi hujayralarning katta qismini olib tashlash orqali ishtahani keskin pasaytirishga qaratilgan. Bariatrik operatsiya deb ataluvchi jarrohlik amaliyoti orqali ozish mumkin.

Bu qanday operatsiya?

·  Jarroh oshqozonning katta qismi (taxminan 75 foizgacha)ni olib tashlaydi.

·  Qolgan qismi esa ingichka, banan shaklidagi naychaga aylantiriladi.

·  Bu operatsiya odatda laporaskopik (kichik teshiklar orqali) usulda bajariladi, bu tiklanish jarayonini tezlashtiradi.

Bariatrik operatsiya qanday qilib ozishga yordam beradi?

Oshqozon hajmi keskin kamaygani sababli bemor bir vaqtda juda oz miqdordagi ovqat (taxminan 100-150 ml) bilan to‘yish hissini boshlaydi. Bu iste’mol qilinadigan kaloriya miqdorini kamaytiradi.

Olib tashlanadigan oshqozon qismida grelin gormoni ishlab chiqariladi. Grelin “ochlik gormoni” sifatida tanilgan. Uni ishlab chiqaruvchi qism olib tashlangach, organizmda grelin miqdori keskin kamayib, ishtaha sezilarli darajada pasayadi. Ya’ni, bemor nafaqat kam yeydi, balki ko‘proq yeyishni ham xohlamaydi.

Operatsiyadan keyin qanday natija kuzatiladi?

Operatsiyadan keyingi 1-1,5 yil ichida ortiqcha vaznning 60-70 foizini yo‘qotish mumkin. Ba’zi manbalarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 80 foizgacha yetishi mumkin.

Bu usul uzoq muddatli va barqaror vazn yo‘qotish samarasini beradi.

Bariatrik operatsiya kimlarga tavsiya etiladi?

Bariatrik operatsiya quyidagi hollarda tavsiya etiladi:

·  Semizlik va semizlikka aloqador kasalliklar (masalan, 2-tip qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari) mavjud bo‘lgan bemorlar;

·  Semizlik kasalligining III va  IV darajasidagi bemorlar;

·  Parhez, dori-darmon yoki jismoniy faollik kabi boshqa usullar bilan uzoq muddatli natijaga erisha olmagan insonlar.

Operatsiyadan so‘ng qanday asoratlar kelib chiqishi mumkin?

1. Jarohat sohasidan qon ketishi mumkin;
2. Ovqatni tez yeyish yoki hazmi qiyin bo‘lgan ovqatlar iste’mol qilish natijasida qusish kelib chiqishi mumkin;
3. Oshqozon shirasining qizilo‘ng‘achga qaytishi kuzatiladi;
4. Oshqozon hajmi kichraygani sababli, temir, vitamin B12, kalsiy va boshqa muhim ozuqa moddalarning yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin;
5.   Kamqonlik (anemiya) rivojlanadi;
6.   Iste’mol qilinadigan suyuqlik miqdorining kamayishi tufayli organizm suvsizlanadi;
7.   Qondagi shakar miqdorining haddan tashqari pasayishi kelib chiqadi;
8.   Tez vazn yo‘qotish natijasida o‘t pufagida toshlar paydo bo‘lishi mumkin;
9.   Qorin devoridagi chandiqlar orqali ichki a’zolarning bir qismi chiqib churra hosil qilishi kelib chiqadi;
10. Juda ko‘p vazn yo‘qotish natijasida teri osilib qoladi;
11. Tez vazn yo‘qotish va ozuqa moddalar yetishmovchiligi tufayli soch to‘kilishi va terining quruqlashishi kuzatiladi;
12. Ba’zi bemorlar ovqatlanish odatlarini o‘zgartirmasa, vazn qayta ortishi mumkin.

Bariatrik operatsiya bu ortiqcha vazn muammosini yechishning bir martalik yagona chorasidir. Bu jarrohlik amaliyoti faqatgina tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lganda va boshqa usullar (parhez, dori-darmon) natija bermagan hollardagina so‘nggi imkoniyat sifatida ko‘rib chiqiladi.

Operatsiyadan keyingi hayot tarzi, muntazam shifokor nazorati va vitaminlarni umrbod iste’mol qilish zarurati bu yo‘lning jiddiyligini ko‘rsatadi. Jahon tibbiyotida bariatrik operatsiyalarning samaradorligi 60-80 foiz atrofida baholanmoqda. Oshqozon hajmi kamayishi va “ochlik gormoni” grelin ishlab chiqarilishining pasayishi orqali organizmda metabolik o‘zgarishlar ro‘y beradi, bu esa uzoq muddatli vazn yo‘qotishni ta’minlaydi. Shu bilan birga, har qanday jarrohlik amaliyoti kabi uning ham o‘z xavf-xatarlari, asoratlari mavjud.

Taxmina Avazova,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti terapiya, kardiologiya va funksional diagnostika kafedrasi PhD assistenti.